Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ilkka Rayyasinen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida IT Park Uzbekistan tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, kelgusidagi rejalar, shuningdek, AT xizmatlari eksportida erishilgan natijalar va ularni yanada oshirish masalalari haqida taqdimot qilindi.
Shu bilan birga, Finlandiya tajribasida raqamli transformatsiya jarayonlari va xizmatlardan foydalanishda identifikatsiya tizimining o‘rni va ahamiyatini yorituvchi videorolik ham namoyish etildi.
Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Finlandiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli ulanish siyosatini rivojlantirish, sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va Yevropadagi hamkorlar – Finlandiya, Fransiya hamda Boltiq davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, vazir Yevropa mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlar rivojlanib borayotganini qayd etdi. Yaponiya, Koreya, Xitoy va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, ko‘plab nufuzli xalqaro AT kompaniyalari IT Park rezidentiga aylanayotganini ta’kidladi. Vazir Yevropa mamlakatlari bilan ham shunday hamkorlikni yanada faol yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratilayotganini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatda yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, ularning AT sohasidagi imkoniyatlarini oshirish va bu orqali AT xizmatlari eksporti geografik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu munosabat bilan, Finlandiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda mazkur jarayonlarda elchixona imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan ham fikrlar almashildi
2025-09-05