Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Fujifilm Business Innovation” kompaniyasi prezidenti va direktori Naoki Xama, “Fujifilm System Services” kompaniyasi prezidenti Isao Takamura hamda “FUJIFILM Group” rahbariyati va tarkibiy bo‘linmalari vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda ofis ochish istiqbollari, mahalliy mutaxassislarni jalb etish, axborot texnologiyalari va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

FUJIFILM System Services Corp. — “FUJIFILM Holdings” guruhining asosiy IT-sho‘ba korxonasi bo‘lib, 1988-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Tokioda joylashgan. Kompaniya IT-infratuzilma, tizim integratsiyasi, ma’lumotlarni boshqarish, sun’iy intellekt yechimlari va BPO-xizmatlariga ixtisoslashgan. “FUJIFILM System Services” davlat sektori, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyada 1700 nafarga yaqin xodim mehnat qiladi, yillik daromadi esa 840 million dollardan oshadi. Xalqaro faoliyat doirasida kompaniya allaqachon ofshor modeldan foydalanmoqda, jumladan, Vetnamdagi 200 dan ortiq mutaxassisga ega IT-ofisni boshqarmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar “FUJIFILM System Services” kompaniyasining O‘zbekistonda autsorsing ofisini ochish imkoniyatlarini batafsil muhokama qildilar. Biznes yuritish shartlari, malakali kadrlar bilan ta’minlanish va IT Park Uzbekistan ekotizimi tomonidan taqdim etiladigan davlat qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratildi. IT Park Uzbekistan vakillari soliq imtiyozlari, infratuzilma va xorijiy IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berishdi.

Kadrlar tayyorlash masalasi alohida mavzu sifatida muhokama qilindi. Kompaniya yapon tilini biladigan mutaxassislarni jalb qilish va qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga, jumladan, IT-infratuzilma, ma’lumotlarni boshqarish tizimlari va korporativ raqamli yechimlar bilan ishlashga qaratilgan qo‘shimcha o‘quv va amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlarni ishga tushirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyat modelini birgalikda ishlab chiqishni davom ettirish va operatsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilashga kelishib oldilar.

“FUJIFILM System Services” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun yirik xalqaro IT-kompaniyani jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kadrlar salohiyatini, jumladan, yapon tilini biluvchi mutaxassislarni rivojlantirish imkoniyatlarini ochadi. Ushbu sheriklik xalqaro aloqalarni mustahkamlash, IT-xizmatlar eksportini oshirish va O‘zbekistonni texnologik hamda autsorsing markazlarini joylashtirish uchun ishonchli maydon sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.
2025-12-23