Game Fest 2025: Toshkentda o‘yin va animatsiya sanoatiga bag‘ishlangan festival boshlandi

16-may kuni Toshkentdagi IT Park hududida “Game Fest 2025” xalqaro festivali o‘z ishini boshladi. Mazkur yirik tadbir o‘yin ishlab chiquvchilar, investorlar, animatorlar hamda butun dunyo bo‘ylab o‘yin sohasi ishqibozlarini birlashtirdi. Festival Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston kreativ assotsiatsiyasi va “GameDev HQ” ko‘magida tashkil etildi.

Game and Animation Expo — global darajadagi yetakchi o‘yin nashriyotchilari uchrashuvi. Ushbu noyob tadbir soha yetakchilarini birlashtirib, yetakchi kompaniyalar va nashriyotchilar bilan bir maydonda aloqa o‘rnatish imkoniyatini yaratdi. Ko‘rgazma mehmonlari VR va AR texnologiyalari asosida yaratilgan olamlarga sho‘ng‘ish, ilg‘or animatsiya studiyalari bilan tanishish, shuningdek, “Digital Garden” zonasi orqali innovatsion o‘yin yechimlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ekspozitsiya doirasida o‘yin studiyalari, nashriyotchilar, VR/AR texnologiyalari, animatsiya, “Digital Garden” va yangi o‘yin loyihalari namoyish etildi — bu esa netvorking, tajriba almashish va o‘yin sanoati kelajagini birgalikda rivojlantirish uchun ideal platformaga aylandi.    

Ikki kunlik dastur doirasida konferensiyalar, ko‘rgazmalar, startaplar uchun pitch-sessiyalar, shuningdek, o‘yinlar va animatsiyalar bo‘yicha mavzuli forumlar o‘tkaziladi. Asosiy ma’ruzachilar va mehmonlar orasida dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari, investorlar va soha ekspertlari: Kirill va Roman Gurskiy (Gem Capital), Jonatan Vaynberger (GameDevHQ), shuningdek, Krafton”, “ProxyPlanet”, “HP Inc.” va boshqa kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari bor.

Festivalning asosiy yo‘nalishlari:

  • Game & Animation Expo — eng so‘nggi o‘yinlar, VR/AR ishlanmalar va animatsiya studiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib, unda ishtirokchilar innovatsion loyihalar bilan tanishishlari va ishlab chiquvchilar bilan muloqot qilishlari mumkin.
  • Game Forum va Animation Forum — bozor tendensiyalari, mahalliy geymdev sohasini rivojlantirish, sanoatda ayollar yetakchiligi va o‘zbek IT-mahsulotlarini eksport qilish istiqbollari haqidagi muhokamalar.
  • ScaleUp & Fund: Pitch Session — yosh studiyalar o‘z loyihalarini venchur fondlar va nashriyotchilarga taqdim etib, sarmoya va xalqaro hamkorlik imkoniyatiga ega bo‘ladigan investitsion platforma.
  • B2B Growth Exchange va Artist Alley — professional aloqalar o‘rnatish va mustaqil rassomlar asarlari ko‘rgazmasi.

Tadbirda mahalliy iste’dodlarni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro va o‘zbek kompaniyalari o‘rtasida tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Festival doirasida IT Park Uzbekistan vakili Azamat Rahmonzoda O‘zbekistonda o‘yin industriyasini rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi. U o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:

“Bugungi kunda O‘zbekiston — bu jadal rivojlanayotgan startap-ekotizim bo‘lib, bu yerda o‘yin kompaniyalarining o‘sishi va kengayishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz soliq imtiyozlari, iqtidorli dasturchilardan foydalanish imkoniyati, zamonaviy infratuzilma va biznesni rivojlantirishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlashni taklif qilamiz . GameDev kompaniyalari O‘zbekistonniqulay geografik joylashuvi, faol hamjamiyati va global bozorlarga chiqish imkoniyatlari tufayli tanlamoqda. Ishonchimiz komilki, aynan shu yerda, IT Park’da global o‘yin sanoatining kelajagini belgilovchi loyihalar tug‘iladi.”

“Game Fest 2025” nafaqat o‘yin va animatsiya sohalaridagi innovatsiyalarni namoyish qilish uchun eng yirik maydonlardan biriga aylandi, balki O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Festival mahalliy mutaxassislarning yuqori salohiyatini namoyon etib, mamlakatning global kreativ sanoat xaritasidagi o‘rnini mustahkamladi. Shu bilan birga, hamkorlik, investitsiyalar va o‘sish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

2025-05-16