2022-yil 31-avgust kuni “GAP” ayollar IT-klubining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan IT Park bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Endilikda “Dlux Dance Studio” raqs studiyasi loyiha hamkorlari qatoridan joy oldi.
Klubning asosiy maqsadi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning IT-savodxonligini oshirish va networking aloqalarini rivojlantirishdan iborat. Klub tashabbuskorlarining maqsadi IT-sohasida ayollar sonini oshirish, IT-kasblarni ayollar va qizlar uchun ochiq va qiziqarli qilish, shu orqali IT-sohasidagi gender tafovutni kamaytirishdir.
Klub doirasidagi tadbirlar formati ikkiga, rasmiy va norasmiy qismga bo‘lingan. Bu orqali loyiha ishtirokchilari nafaqat yangi bilimlarga ega bo‘lishlari va dunyoqarashlarini kengaytirishlari, balki vaqtlarini maroqli o‘tkazishlari mumkin.
E’tiborlisi, klubning eng yosh ishtirokchisi 16, eng yoshi katta qatnashchisi esa 55 yoshda. Bundan tashqari, klub a’zolari turli soha vakillari: talabalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, uy bekalari, davlat idoralari va xususiy sektorda faoliyat yurituvchi mutaxassislardan iborat.
Tadbirning rasmiy qismida ishtirokchilar uch nafar spiker: “Beautify.uz” loyihasi asoschisi va ijrochi direktori Nigora Akilova, yosh frilanser Sevinch Baxtiyarova, “Gazprom neft” loyiha ofisining sobiq rahbari, “Uzum” loyiha ofisi hamkori Yuliya Smirnova ma’ruzalarini tingladilar.
Startap asoschisi Nigora Akilova ta’kidlaganidek, IT-sohaning rivojlanishi hayotni soddalashtiradi va ayollarga yordam beradi.
“IT-sanoatning rivojlanishi odamlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Endi masofadan turib ishlash imkoniyati bor, bu, ayniqsa, ayollar uchun qulay. Ayollar oilaga beradigan e’tiborini qurbon qilmasdan pul topishi va ta’lim olishi, karyera va uy yumushlarini birdek olib borishi mumkin.
Sevinch Baxtiyorova ham ushbu yo‘nalishni ayollar o‘rtasida ommalashtirish muhim ekanligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda mamlakatimiz qizlari va ayollari o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasini ommalashtirish ayniqsa muhim, chunki bu soha ularga dunyoning istalgan nuqtasidan, uyda yoki o‘zlariga qulay bo‘lgan joyda loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Freelancing ular uchun katta imkoniyatlar ochadi, chunki har bir ayol o‘z ish tartibini tuzishi, shuningdek buyurtmalar va ularning sonini mustaqil ravishda tanlashi mumkin”.
IT eng yo‘nalishlarga boy sohalardan biri. Bu yerda xoh dasturlash bo‘lsin, xoh grafik va veb-dizayn yoki raqamli marketing, hamma o‘ziga yoqqan narsani topishi mumkin. Bugungi kunda IT-sohasidagi eng katta yo‘nalishlardan biri Project Management (loyihalar boshqaruvi) bo‘lib, unda mutaxassislar kod yaratmaydi, balki ularni yaratuvchi dasturchilarni, ya’ni butun jarayonni boshqaradi.
“Birorta ham muvaffaqiyatli IT-loyihasini loyiha menejerisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Ushbu mutaxassis loyiha resurslarini boshqaradigan, risklarni baholaydigan va sifat uchun javobgar bo‘lgan shaxsdir. Uning vazifasi mijozga kutilgan natijani berishdir. Bugungi kunda mazkur kasb eng talabgir, eng muhimi, istiqbolli va qiziqarli kasb”, — deya qo‘shimcha qildi ekspert Yuliya Smirnova.
Tadbirning norasmiy qismida mehmonlar “Dlux Dance Studio”ning tajribali murabbiyi Katrin Bikchintayeva tomonidan intensiv fitnes bo‘yicha mahorat darsida qatnashish imkoniga ega bo‘ldilar.
“Karyerani rivojlantirish uchun nafaqat ishlash va o‘qish, balki sog‘liq haqida ham unutmaslik kerak. Sport va muntazam jismoniy faollik tufayli har birimiz o‘z sog‘ligimizga e’tiborli, yuqori samarali xodim bo‘lishimiz, eng muhimi, yangi marralarni zabt etish uchun doimo a’lo kayfiyatda bo‘lishimiz mumkin”, – deydi murabbiy Katrin Bikchintayeva.
Tadbir yakunlari bo‘yicha klub a’zolari networking aloqalarini rivojlantirish, IT-mutaxassislar bilan muloqot qilish, spikerlardan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha atroflicha javob olish, o‘z bilimlarini oshirish va hatto tajribali murabbiy nazoratida jismoniy mashqlarni bajarish imkoniga ega bo‘lishdi.
“Klub uchrashuvida ishtirok etganimdan juda xursandman. Hammasi ajoyib va mazmunli o‘tdi! yanada oldinga intilishga undaydi. Bunday kechalar tez-tez o‘tkazilishini xohlar edim!” – dedi loyihasi ishtirokchisi Nazokat.
Loyihaning yana bir ishtirokchisi Uljon Annaeva o‘z taassurotlarini ifodalar ekan: "Gap"ga gap yo'q! Zo'r! Qaytadan yasharib ketdim! Tashkilotchilarga rahmat!”, - deya ta’kidladi.
Bundan tashqari, “GAP” ayollar IT-klubi bo'lajak ishtirokchilar uchun qator qulayliklar yaratdi. Endi ishtirokchilar klubning rasmiy sayti orqali bo‘lajak tadbirlar va loyihaning so‘nggi yangiliklari bilan tanishishlari, shuningdek, o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan holda izoh qoldirishlari va yangi uchrashuvga ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin: https://it-gap.uz/
2022-09-05