“GAP” IT- klubining yangi uchrashuvi qanday oʻtdi

Gender tengligi nafaqat insonning asosiy huquqi, balki tinchlik, farovonlik va barqaror rivojlanishga erishishning muhim asosidir. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda qizlar va ayollarning taʼlim olishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2022-yilda ayollar tadbirkorligi va xotin-qizlarning bilim olishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi IT-Park bilan hamkorlikda ayollar uchun “GAP” IT-klubini ishga tushirdi. Klub xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etish, ularni qoʻllab-quvvatlash, IT-savodxonligini oshirish hamda IT sohasida oʻqitish va ish bilan taʼminlash imkonini berishni maqsad qilgan.

Klub doirasida 3 ta uchrashuv boʻlib oʻtgan boʻlib, unda mutaxassis qizlar IT sohasidagi muvaffaqiyatlari haqida gapirib, taklif etilgan mehmonlarni oʻz namunalari bilan ilhomlantirgan edilar.

Yangi uchrashuv joriy yilning 8-aprel kuni boʻlib oʻtdi. Faoliyat qamrovini va makonini kengaytirish maqsadida tadbir Jizzax viloyatiga koʻchirildi – yigʻilish Jizzax shahridagi Sambram universitetida tashkil etildi.

Yigʻilishning rasmiy qismida Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova va Jizzax Sambhram universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Nargiza Saliyeva tabrik soʻzi bilan chiqish qildi.

Dasturda bir nechta maʼruzachilar taqdimotlari oʻrin olgan boʻlib, dastavval, IT Park Uzbekistan direktorining taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Mahliyo Muksinova soʻzga chiqdi. U mehmonlarga ayollarning raqamli savodxonligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalar, shuningdek, IT sohasida koʻplab imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar haqida gapirib berdi.

“Bugungi kunda jamiyatimizda muvaffaqiyatli ayollar soni talaygina. Ular orasida “IT soha ayollar uchun emas”, degan stereotipni buzib, yirik biznes loyihalarni boshqarayotganlar ham mavjud. Bulardan kelib chiqib, aytishim mumkinki, taʼlim olish uchun, loyihani amaliyotga tatbiq etish uchun, oʻz ustida ishlash uchun hech qachon qulay vaqtni kutish kerak emas. Oʻziga talabchan boʻlish va doimiy oʻqib- izlanish albatta oʻz samarasini beradi”.

Shundan soʻng bloger, jamoat faoli va huquq himoyachisi Aqida Mohirova (Aqida Xonim) nutq soʻzladi. Aqida jamiyatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ayollarning rolini kuchaytirish haqida gapirdi.

“Ayollar jamiyatni rivojlantiruvchi asosiy dvigatel kuch hisoblanadi. Ularga imkon qadar taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratish kerak. Chunki davlatni boshqaruvchi keyingi avlodni mana shu ayollar tarbiyalaydi. Ularning qanchalik zukko va muvaffaqiyatli boʻlishi albatta tarbiya beruvchi ayollarning holatida, aqliy salohiyatidan tortib ruhiy holatigacha bogʻliqdir. Shuning uchun uzluksiz taʼlim olish bugungi kundir talabidir”.

Keyingi maʼruzachi Magmastore direktori Malika Zuxriddinovaning taqdimoti tufayli tadbir ishtirokchilari yirik IT-loyihalarni yaratish, jamoani boshqarish va oʻz kompaniyalarini rivojlantirishni oʻrgandilar.

Dasturning norasmiy qismiga bir nechta interaktiv tadbirlar va gʻoyalar, loyihalar va gʻoyalar tanlovi kiradi. Ushbu qism doirasida ishtirokchilar jamoalarga birlashib, dolzarb muammolarni hal qilish ustida ishladilar. Ovoz berish natijalariga koʻra, maktab va kirish imtihonlari oldidan yoshlarning qoʻrquvini yengish boʻyicha muammoning yechimini taklif qilgan “Valkyrie Angels” jamoasi gʻolib deb topildi.

Uchrashuvning bir qancha ishtirokchilari oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar.

Dilrabo Mamatjonova, Sabhram universiteti 2-bosqich talabasi:

“Biz qizlardan tashkil topgan “Valkyrie angels” jamoani shakllantirganmiz. Tez orada oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Uzbekistan Esport Championship” turnirida ham jamoamiz bilan qatnashmoqchimiz. “GAP” loyihasining Jizzaxda oʻtkazilishi bizni yanada ruhlantirib, yangi loyihalarni yaratishga, kelgusida jamiyatda oʻz oʻrnimizni topishga hissa qoʻshishiga ishonamiz”.

Oʻgʻiloy Musayeva, Jizzax politexnika Universiteti 2-bosqich magistri (37 yosh):

“Bakalavr bosqichini tamomlab 11 yillik pedagogik faoliyat olib bordim. Raqamlashtirish jarayoni butun respublika boʻylab rivojlangani bizni quvontirdi. Ortiqcha ovoragarchiliklarsiz hujjatlarimni masofadan turib, magistraturaga topshirdim va davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindim. Bugun spikerlar tomonidan taʼlim olish uchun hech qachon kech emasligi va ayniqsa, ayollarning oʻqishi butun bir jamiyatning rivoji uchun muhimligi haqidagi nutqlarini eshitib, oʻzimdan faxrlandim. Pedagog sifatida ideatondagi muammoga yechim topishga harakat qildik. Barcha ishtirokchilarga tadbirda qatnashish maʼqul boʻldi”.

“GAP” IT klubi birinchi navbatda ayollar va yosh qizlar uchun jamoadir. Bu yerda ular gʻalaba va muvaffaqiyatsizliklarni baham koʻrishlari, maslahat soʻrashlari va bir-birlariga yordam berishlari mumkin. Bu oʻsish, qoʻllab-quvvatlash va orzu sari harakatlanish muhiti.

Kelgusida klubni xotin-qizlar uchun muloqot maydoniga aylantirish rejalashtirilgan, unda ishtirokchilar oʻzaro fikr almashishlari, aloqalarni yoʻlga qoʻyishlari va oʻzaro hamkorlik qilish uchun hamfikrlarni topishlari mumkin.

2023-04-10