Toshkentda “Global Business Services Forum 2025” (GBSF 2025) — IT-autsorsing va raqamli xizmatlar sohasidagi yilning eng yirik tadbirlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan tadbirda 260 ta kompaniyadan 450 ga yaqin vakil ishtirok etdi. Shundan 237 ta kompaniya dunyoning 40 ta mamlakatidan tashrif buyurgan. Mehmonlar orasida transmilliy korporatsiyalar, startaplar, davlat tuzilmalari va venchur fondlari vakillari bor edi.
Forum IT-xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 300 ming ish o‘rni yaratish va mamlakatning yetakchi xalqaro IT-markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Jahon kompaniyalari O‘zbekistonni tanlamoqda: barqarorlik, kadrlar, imkoniyatlar
Forumning rasmiy qismini Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib, O‘zbekiston jadal sur’atlar bilan global IT-habga aylanib borayotganini ta’kidladi. U o‘z nutqida ochiq va raqobatbardosh raqamli ekotizimni yaratish yo‘nalishini belgilab berdi, shuningdek, xalqaro biznesning o‘sib borayotgan ishonchi tanlangan strategiyaning to‘g‘riligini tasdiqlayotganini qayd etdi:
“O‘zbekistonga yangi kelgan barchani kutib olishdan juda xursandman va faxrlanaman. Imkoniyatlarimizni taqdim etishdan mamnunmiz. Eng muhimi, bizda siyosiy iroda va islohotlarga qat’iy sadoqat bor. IT Park Uzbekistan tashkil etilishi Prezidentimizning tashabbusi bo‘lib, u buning muvaffaqiyatli bo‘lishiga chuqur ishonadi.
Uning qo‘llab-quvvatlashi tufayli barcha soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirdik. Shuning uchun ishonchingiz komil bo‘lsin: 2040-yilgacha qonunchilikda O‘zbekistondagi biznesingizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Biz uzoq muddatli hamkorlikni maqsad qilganmiz va hamkorlarimizga asosiy xabarimiz shunday: Biz sizning biznesingizni biz bilan birgalikda rivojlantirishga yordam beramiz.”
So‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar haqida IT Parkning Osiyo mamlakatlari bo‘yicha eksport yo‘nalishi rahbari Izzat Hamidov so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda xalqaro kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan: infratuzilma rivojlangan, ilg‘or qonunlar joriy etilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 750 dan ortiq xalqaro kompaniya faoliyat yuritmoqda, mahalliy iste’dodlar esa butun dunyo bo‘ylab xizmatlarni eksport qilmoqda.
Kadrlar salohiyati mavzusini IT Park direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz davom ettirdi. Uning qayd etishicha, mamlakatda 38 million kishi istiqomat qiladi, ularning 65 foizi 35 yoshdan kichik bo‘lib, aynan shu yerda til va texnik ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarning yangi avlodi shakllanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar har oyda 250 ga yaqin shunday mutaxassislarni ishga olmoqda, xorijiy investorlarning qiziqishi ortib borayotgani esa tanlangan strategiyaning to‘g‘riligini tasdiqlaydi.
Dasturning davomi sifatida xalqaro kompaniyalar ishtirokidagi sessiya bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha amaliy misollar bilan o‘rtoqlashildi. “Huawei” kompaniyasining IT-yechimlar arxitektori Reshat Boltayev aytishicha, O‘zbekiston “Amazon”, “Toyota” va “Sony” kabi jahon miqyosidagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini isbotlagan. Uning ta’kidlashicha, “Huawei” kompaniyasi mamlakatda 25 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va marketing hamda konsalting xizmatlarini eksport qiluvchi beshta global yechim almashish markazlaridan biri hisoblanadi.
“BIPO” mintaqaviy direktori Yuriy Karp qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston xodimlarni yollash va qo‘llab-quvvatlash uchun moslashuvchan sharoitlarni ta’minlaydi, kompaniyalarga ofis ochilishidan oldin xodimlarni topish va rasmiylashtirishga yordam beradi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda mamlakat mintaqada ham, undan tashqarida ham global IT-hab maqomini faol shakllantirmoqda.
“United Soft” kompaniyasining VFX supervayzeri Bekzod Fayozov ham o‘z muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2011-yildan beri vizual effektlar va animatsiya sohasida faoliyat yuritadi, “Samsung” va “Ubisoft” kabi mijozlar uchun 100 dan ortiq loyihani amalga oshirgan va yuz millionlab ko‘rishlar to‘plagan o‘z IP-loyihalarini jahon bozoriga olib chiqqan. Uning fikricha, O‘zbekistonda kreativ sanoat shunchaki rivojlanib qolmay, balki katta sur’atlar bilan o‘sib bormoqda.
Konsalting va PR sohasini Britaniyaning “Montfort” agentligidan Eleonor Kramers taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘sib borayotgan xalqaro media va biznes xizmatlari markaziga aylanmoqda, mahalliy mutaxassislar esa yuqori darajadagi tayyorgarlik va global fikrlashni namoyish etmoqda.
IT Park rezident kompaniyalariga tashriflar
Forum doirasida mehmonlar raqamli infratuzilmaning asosiy markazlariga tashrif buyurishdi. Delegatsiyalar “Uzinfocom”ga borib, u yerda raqamli transformatsiya sohasidagi texnologik baza va yechimlar bilan tanishdilar, shuningdek, Toshkentdagi Inha universiteti, “United Soft” studiyasi va “MABB Innovation” kompaniyasiga tashrif buyurdilar. Ushbu tashriflar mamlakat IT-ekotizimining amalda qanday shakllanayotganini ko‘rish imkonini berdi.
“Toshkentdagi Inha universitetida GBSF ishtirokchilarini qabul qilish biz uchun katta sharaf. Forum IT, jumladan, raqamli ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatimizni namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat. Ayniqsa ta’kidlashni istardimki, IT Park bizning yaqin va ishonchli hamkorimiz bo‘lib, IT-ta’limni rivojlantirish va O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda,” — dedi Toshkentdagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev.
Mehmonlarga universitetda tahsil olayotgan istiqbolli yosh iste’dodlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda tashkil etilgan yangi startaplar inkubatsiya markazi bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, mehmonlar IT Park Uzbekistan rezidenti — “Realsoft” kompaniyasiga tashrif buyurishdi. Ishtirokchilar kompaniyaning mahalliy va xalqaro bozordagi faoliyati bilan tanishtirildi hamda hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot oldilar.
Seminarlar: O‘zbekistonda biznesni qanday boshlash mumkin
Forumning ikkinchi kuni seminar-treninglarga bag‘ishlandi. Ochilish marosimida IT Park IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova O‘zbekistonning biznesni boshlash va kengaytirish uchun qulay mamlakat ekanligini ta’kidladi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz iqtidorli mutaxassislar zaxirasini shakllantirish jarayonini tushuntirdi. U mamlakatda iste’dodlarni izlash doimiy ravishda olib borilayotganini qayd etdi: IT Park mutaxassislari nomzodlarni kutib o‘tirmay, universitetlarga tashrif buyurishadi, ma’lumotlar bazalarini shakllantiradi, kadrlar monitoringini olib boradi va kompaniyalarga zarur mutaxassislarni topishda yordam beradi. Shuningdek, u O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi tushunarli va xalqaro standartlarga mos kelishini, bu esa biznesga ishonch bag‘ishlashini ta’kidladi.
Infratuzilmani rivojlantirish haqida “IT Bilim” mutaxassisi Bobomurod Abdurasulov ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ixtiyorida hozirda 125 000 m2 dan ortiq ofis maydoni, 9,4 million yosh mutaxassis va 163 ta universitet mavjud bo‘lib, ulardan 47 tasi IT sohasiga ixtisoslashgan. “Zero Risk’ dasturi bir yillik bepul jihozlangan ofis, mutaxassislarni yollash va o‘qitish uchun kompensatsiya taklif etadi. Forum davomida 43 ta kompaniya ushbu dasturga ariza topshirdi.
Rezidentlarni ro‘yxatga olish departamenti xodimi Muxlisa Sattarova ta’kidlaganidek, IT Park nafaqat ishlash uchun platforma, balki biznesni shaffof tartib-qoidalar, soliq imtiyozlari va bozorga kirishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash bilan kompleks ravishda yo‘naltiruvchi tizimdir.
“SoftLanding” yo‘nalishi menejeri Azizbek Dauletbayev kompaniyani atigi uch ish kunida ochish imkonini beruvchi “One Stop Shop” dasturi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, rezidentlarga nafaqat ro‘yxatdan o‘tish va ofislarni tanlash, balki HR-jarayonlari, xodimlarni sinovdan o‘tkazish va hatto O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ijtimoiy huquqlarni beruvchi IT-vizalarni olishda ham ko‘maklashiladi.
Yakuniy qismda “The Business Backbone” amaliy seminari o‘tkazildi, unda ishtirokchilar rekruting, soliqqa tortish, hududlardagi infratuzilma va qo‘llab-quvvatlash choralari haqida bilib oldilar. Seminar formati individual savollar berish va ekspertlardan tavsiyalar olish imkonini berdi.
Strategik bitimlarni imzolash
Shuningdek, forum doirasida xalqaro kompaniyalar bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
“Global Startup Awards” (GSA) va IT Park Uzbekistan o‘rtasida O‘zbekistonda mintaqaviy va xalqaro startaplarni mukofotlash marosimlarini tashkil etish hamda mahalliy loyihalarni GSA global tarmog‘iga integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
“Brainworks Inc.” va IT Park Uzbekistan o‘rtasida sun’iy intellekt sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar qo‘shma ta’lim loyihalari va hakatonlarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.
“Futura Advisory FZ LLE” va IT Park Uzbekistan IT-autsorsing va o‘yinlarni ishlab chiqish sohasini birgalikda rivojlantirish, “Futura” hamkorlariga o‘zbek biznes muhitiga qo‘shilishda yordam berish va tarmoq tadbirlarini o‘tkazish niyatini tasdiqladilar.
“EXA Solution Co., Ltd.” va IT Park Uzbekistan Janubiy Koreya kompaniyalari va texnopark rezidentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, IT-loyihalarni birgalikda ilgari surish, shuningdek, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish va ularni tashkil etishga kelishib oldilar.
IT Park Uzbekistan amaldagi rezidentlari uchun imkoniyatlar va imtiyozlarni kengaytirishda davom etmoqda. Xususan, “Kapitalbank” ATB bilan memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, rezident kompaniyalar bank hisobvaraqlarini ochishning soddalashtirilgan tartib-qoidalari, ustuvor xizmat ko‘rsatish, ixtisoslashtirilgan mahsulotlar va maslahatlardan foydalanishlari, shuningdek, bank yechimlarining qo‘shma taqdimotlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Zeekr” kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi. Uning doirasida rezidentlar individual takliflar asosida imtiyozli shartlarda “Zeekr” avtomobillarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonga e’tibor qaratmoqda
Bundan tashqari, “GBSF 2025” doirasida O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqish bildirgan xalqaro kompaniyalar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ular orasida “ICL Group” tarkibiga kiruvchi va mahalliy ERP-tizimlari hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan “ICL Soft” IT-kompaniyasi ham bor. Tomonlar O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini, shuningdek, logistikani soddalashtirish va mutaxassislarni masofadan turib yollash uchun infratuzilmani tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildilar.
O‘yin sanoati uchun moliyalashtirish, monetizatsiya va ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etuvchi “Xsolla GameDev Academy” xalqaro kompaniyasi bilan uchrashuv katta qiziqish uyg‘otdi. Muzokaralar davomida geymdev-hamjamiyatni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik va yangi ta’lim tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
IT-mahsulotlarni ishlab chiqish va moslashtirishga ixtisoslashgan Janubiy Koreyaning “Exasolution” kompaniyasi ham hamkorlik bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi. Uchrashuv doirasida tizim integratsiyasi sohasida IT Park rezidentlari bilan qo‘shma loyihalar istiqbollari, shuningdek, Koreya tomonining O‘zbekistonda yaratilgan IT-yechimlarni xarid qilishi muhokama qilindi.
“Sybrid (Pvt) Ltd” — Pokistonning to‘rt mingdan ortiq xodimga ega yetakchi texnologik yechimlar provayderi ham bozorga qiziqish bildirdi. Kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish va IT Park rezidenti maqomini olish, shuningdek, autsorsing va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ko‘rib chiqmoqda.
Dunyoning eng yirik korporatsiyalariga strategik maslahatlar beruvchi “Everest Group” global tadqiqot va konsalting kompaniyasi bilan uchrashuv alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Muzokaralarda O‘zbekistonning global IT va BPO-loyihalarini joylashtirish uchun maydon sifatidagi salohiyati, jumladan, soliq imtiyozlari va kuchli texnik ko‘nikmalarga ega ko‘p tilli mutaxassislarning o‘sib borayotgan zaxirasi muhokama qilindi.
Shuningdek, forum doirasida mahalliy rezidentlar bilan hamkorlik imkoniyatlari va bozorda ishtirok etishning yangi shakllarini o‘rganayotgan “Futura Digital”, “Brightika Inc.” va “RoasUp” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
“GBSF-2025” forumi global biznesning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha Malayziya, Singapur, Polsha, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Fransiya, AQSH, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan 9 ta kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochdi, 5 ta kompaniya ochilish jarayonida, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, BAA, Rossiya va Qozog‘istondan yana 9 ta kompaniya yaqin kelajakda ochilishni rejalashtirmoqda. Kelgusi yilda 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi, ushbu kompaniyalar eksporti esa 15 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Bugungi kunda IT Park 44 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratgan va dunyoning 90 ta mamlakatiga raqamli mahsulotlarni eksport qiluvchi 2 990 dan ortiq rezidentni birlashtiradi. “Zero Risk”, “Softlanding”, “Digital Startups”, “IT-Visa” va “One Stop Shop” kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlari tufayli xorijiy investorlar dastlabki qadamlardan tortib global bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq hamrohlik jarayoniga ishonch hosil qilishlari mumkin.
“GBSF 2025” nafaqat O‘zbekistonning raqamli biznes uchun jozibador maydon sifatidagi nufuzini mustahkamladi, balki yangi hamkorlik va investitsiyalar uchun muhim nuqtaga aylandi. Forum shuni yaqqol ko‘rsatdiki, O‘zbekiston — bu shunchaki kelajak yo‘nalishi emas, balki hozirning o‘zidayoq faol shakllanayotgan global biznes-xizmatlar markazi bo‘lib, u dunyoga raqobatbardosh kadrlar, zamonaviy yechimlar hamda kengayish uchun ishonchli infratuzilmani taklif eta oladi.
2025-07-26