IT Park Uzbekistan “GFS Technologies Ltd” delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda “Vention” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Metyu Stoker va “GFS Technologies Ltd” kompaniyasining axborot texnologiyalari bo‘yicha direktori Kreyg Fild ishtirok etdi. IT Park Uzbekistan tomonidan uchrashuvda IT va xizmatlar eksporti bo‘limi boshlig‘i Jahongir Kagirov hamda mahalliy IT-xizmatlar va “Local2Global” dasturini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Normatov qatnashdi. “GFS Technologies Ltd” delegatsiyasi IT Park Uzbekistan rezident kompaniyasi — “Vention” mijozlari va hamkorlarini taqdim etdi.
Tashrif mahalliy IT-ekotizimini o‘rganish va IT Park o‘z rezident kompaniyalarini dunyo miqyosiga chiqishda qanday qo‘llab-quvvatlayotganini chuqurroq tushunish maqsadida rasmiy safar doirasida amalga oshirildi.
Uchrashuv davomida tomonlar rezident kompaniyalarning eksport salohiyatini oshirish strategiyalari, “Local2Global” dasturi doirasida taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, shuningdek, xalqaro mijozlar va investorlar bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining global o‘sishga intilishini ta’kidladi.
“Local2Global” dasturi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni davom ettirib, IT Park Uzbekistan rezidentlariga yangi bozorlarni o‘zlashtirish va jahon maydonida o‘z mavqeini mustahkamlashda yordam beradi. IT Park Uzbekistan bundan keyin ham mahalliy IT-biznes uchun yetakchi bo‘lib, ularga xalqaro imkoniyatlar sari yo‘l ochib beradi.
2025-06-05