GitHub versiyasi bo‘yicha Top-10 dasturlash tillari haqida “aytichilarning” fikrlari

GitHub o‘zinig servis foydalanuvchilari tomonidan ishlatiladigan eng mashhur dasturlash tillari reytingini tuzdi.

Top-10talik ro‘yxatdagi ma’lum bir tildagi yangilanishlar va yangi repozitoriya soniga qarab aniqlandi.

Top-10 quyidagilar kiradi:

10. Ruby
9. Shell
8. C
7. C++
6. PHP
5. C#
4. Typescript
3. Java

2. Python
1. JavaScript

Biz mahalliy IT mutaxassislar bilan bog‘lanib, ushbu reyting va umuman olganda, ba’zi dasturlash tillarining istiqbollari haqida ularning fikrlarini bilishga qaror qildik.

 “MODME” MChJ kompaniyasi texnik rahbari va asoschilaridan biri Ruslan Yoldoshev

- Javascript o‘z pozitsiyasini na pastga, na yuqoriga o‘zgartirmaydi. Agar mumkin bo‘lganida, albatta, u yanada rivojlangan bo‘lar edi. Men Javascript’ni eng mashhur til deb aytmagan bo‘lar edim, lekin bu dasturlash tili Github foydalanuvchilari orasida mashhur ekanligini inkor etish qiyin, sababi Javascript (open source) kodining aksariyat qismi Github’da saqlanadi. Ikkinchi o‘rinda esa uzoq vaqt mobaynida o‘sib kelayotgan Python turadi. 2017-2020 yillarda machine learning texnologiyalarning ommalashganligi sababli Python’da sezilarli darajada o‘sish bo‘lgan edi. Shu sababli Python Github reytingida munosib ikkinchi o‘rinni egalladi.

Python’ning O‘zbekistondagi o‘sish darajasi odamni aqldan ozdiradi. 5 yil avval, men Rossiya va AQShdan O‘zbekistonga qaytib kelganimda, Python dasturchisini topish juda qiyin edi. Hozirgi kunda dasturchilar soni ko‘paygan va ilgari mavjud bo‘lmagan vakansiyalar ham mavjud.

Agar dasturlash haqida umumiy gap ketadigan bo‘lsa, Github’ga kiritilmagan yana ko‘p kodlar mavjudligi aniq.

“Ushbu ro‘yxat umuman dasturlash tillarining mashhurligini to‘liqonli yoritib bermaydi”

Men hozirgi kunda dasturlash uchun Javascriptni eng to‘g‘ri tanlov deb aytmagan bo‘lar edim. Lekin umumiy olganda, ro‘yxat ta’sirni va kodlar bozori hozirgi kunda qanday ko‘rinishini ko‘rsatib bergan.
 

Vronica kompaniyasi asoschisi, Akmal Solihov

- Mening fikrimcha, ushbu ro‘yxat bozorda nima bo‘layotganligini rostan ham ko‘rsatib bera olgan.

“Javascript dunyodagi eng mashhur til hisoblanadi, sababi undan aksariyat veb-loyihalar foydalanadi.”

Qolaversa, Javascript murakkab 3D va o‘yin loyihalarida faol foydalaniladi. Misol uchun, biz VRmuseum (muzey bo‘ylab virtual tur) ijtimoiy loyihamiz uchun Javascript kutubxonasi - Three.js’dan foydalanishni boshladik. Ushbu kutubxona yordamida, kelajakda 3D eksponatlarni yuklab boramiz.

Senior Fullstack-dasturchi, Monday Labs kompaniyasi asoschisi Saidrovshan Shakirov

- Men ushbu reyting bilan to‘laqonli kelishaman. Kompaniyamizda biz ushbu top-10 tallika kiruvchi eng yaxshi ikkitalik, ya’ni Javascript va Python dasturlash tillaridan foydalanamiz. Men o‘zim ham anchadan beri shu tillardan foydalanaman. Ungacha Java, Typescript, PHP, Cotlin, Ruby va shu kabi boshqa tillarda kod yozganman. Ayni damda biz Javascript va Python’da to‘xtadik, sababi Javascript tez rivojlanadigan ekotizimga ega, Python’da esa ushbu ekotizim juda rivojlangan, chunki deyarli barcha sifatli kutubxonalar Python’da mavjud. JavaScript’ga keladigan bo‘lsak dasturchilar orasida shunday bir hazil bor: “Agar kimdir probirkasini laboratoriyada yuvish esidan chiqib ketgan bo‘lsa, u yerda paydo bo‘lgan bakteriyalar albatta o‘zlarining Javascript freymvorklarini yaratadi”. Deyarli har kuni JavaScript’da yangi freymvorklar paydo bo‘ladi va mazkur dasturlash tilining muvaffaqiyati brauzerlar faqat uni tushunishiga qarab aniqlanadi. Menimcha, JavaScript o‘sishda davom etadi, toboro krossplatformali bo‘ladi va yaqin orada, u dasturlash tillari bozorida juda katta o‘rin egallaydi.
Java juda kuchli til. Bu til qachonlardir standart o‘rnatgan. Biroq, biznes talablari tobora o‘zgarib bormoqda va unga qisqa vaqt ichida natija bera oladigan vositalar kerak.  Shuningdek, aynan qaysi texnologiya ishlatilishi va qaysilari ishlatilmasligini biznes belgilab beradi. Afsuski, Java o‘z mavqesini yo‘qotayotgani uchun biroz ortda qolib ketmoqda. Lekin bunga qaramasdan, java hali ham yuqori o‘rinda turadi va, agar kimdir dasturlashni o‘rganmoqchi bo‘lsa, java’ni o‘ylanib o‘tirmasdan tavsiya qilaman. Java juda ko‘q vaqt mobaynida dolzarbligicha qoladi, ammo afsuski, u o‘z pozitsiyasini yo‘qotib bormoqda, sababi Java’da kod yozish uchun, masalan, Python’da kod yozishga qaraganda ko‘proq vaqt ketadi. Shuning uchun men o‘zim ham Python’ga o‘tdim.

“Biznesni texnik jarayonlar va kodni qaysi tilda yozishingiz qiziqtirmaydi, biznesga faqat natija kerak”

Python, Javascript va boshqa yuqori darajadagi tillarga esa kam kuch sarflab, yuqori natijalarga erishish mumkin.

Men istiqbolli deb hisoblaydigan dasturlash tillariga keladigan bo‘lsak – ularning biri Golang tili, ammo u top-10 talikka kiritilmagan. Ushbu til hali yangi va u o‘zining ekotizimini yaratishi uchun hali uzoq vaqt davomida rivojlanishi zarur.

Ayni paytda Python Telegramdagi chat botlari, machine learning va kompyuterni ko‘rish qobiliyati hisobidan mashhurlikka erishmoqda.

Biz uchun, albatta, asosiy dasturlash tili C#. Biz undan o‘yin va VR/AR loyihalarini yaratish jarayonida foydalanamiz. Aynan C# Unity o‘yinlarini dasturlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

IT Park dasturchisi Maksim Stifeev

- Umuman olganda, men ushbu reytingga qo‘shilaman. Ushbu dasturlash tillari haqiqatdan ham ishlab chiqaruvchilar orasida katta talab va mashhurlikka ega. Men o‘zim Laravel va YII2 kabi freymvorklar bilan PHP’da ishlayman.

“Dasturlash tez rivojlanayotgan soha bo‘lishiga qaramasdan, men yaqin yillarda reyting deyarli o‘zgarmaydi deb o‘ylayman."

Ehtimol, ba’zi dasturlash tillarinig reytingdagi joylari o‘zgarishi mumkindir, lekin menimcha, katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

VR/AR oyinlari dasturchisi Muhammadyusuf Mahamatrasuljonov

 “Mening fikrimcha, typescript dasturlash tili o‘rganish uchun unchalik istiqbolli emas.”

C++ ga keladigan bo‘lsak, menimcha, uni o‘rganishga arziydi, chunki o‘tgan yili Unreal Engine birdan ko‘tarilib ketdi va endi u nafaqat dasturlash sohasida, balki undan boshqa joylarda ham ishlatiladi. Masalan, u me’moriy dasturiy ta’minoti, kino sohasida, virtual ko‘rgazma zallari va boshqa joylarda ishlatiladi. Endilikda C ++ tilini biladigan odam uchun Unreal Engine’ni o‘rganish va keyinchalik turli xil virtual ko‘rgazma zallari, film va boshqa narsalarni yaratish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Mashhur “Мандалорец” teleseriali ham Unreal Engine va C ++ yordamida yaratilgan.

Hammasini umumlashtirdigan bo‘lsak, menimcha bu yili quyidagi tillarni o‘rganishga arziydi:

Saytlarni yaratish uchun - javascript;

IT sohasiga kirmoqchi bo‘lganlar uchun - python;

Dizayn tafakkuriga ega bo‘lganlar (o‘yin dasturchilari va boshqalar) uchun - C# va C++.

Yuqorida berilgan dasturlash tillarining reytingi aslida dasturchilar orasida tillarning qanchalik mashhurligi va talab qilinishini aniqlab bermaydi. Kimgadir ma’lum bir tilda, kimgadir boshqa tilda ishlash qulayroq. Lekin shuni ta’kidlash joizki, hozirgi kunda Github servisidan 56 000 000 dan ortiq odam foydalanadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, reytingni jiddiy qabul qilish mumkinligi va kerakligidan dalolat beradi.

 

2021-02-02