“Growth Point”: O‘zbekiston raqamli biznesning yangi markaziga aylanmoqda

21-may kuni Toshkentda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan “Growth Point: O‘zbekiston raqamli biznes uchun” forumi tashkil etildi. Forum Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan 160 nafardan ortiq mehmonni — IT-kompaniyalar, BPO-markazlari, raqamli va marketing agentliklari, o‘yin ishlab chiqarish studiyalari vakillari hamda xalqaro ekspertlarni bir joyga to‘pladi. Forum ochilish marosimida Rossiya elchisi Oleg Malginov, Belarus elchisi Aleksandr Ogorodnikov, Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov, shuningdek Ozarbayjon elchisi maslahatchisi Fariz Mammadov ham ishtirok etdilar.

Tadbir mintaqaning raqamli va kreativ iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. O‘zbekistonning sohaga oid tadbirlari tarixida birinchi marta forum dasturida o‘yin-nashriyot va prodakshn sanoati vakillari ishtirok etdi — bu esa mamlakatda multimedia va o‘yin ishlab chiqarish sohasining kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos qutlov so‘zi bilan chiqish qildi:

“Biz IT-biznes uchun noyob imkoniyatlarni taklif qilamiz: loyihalarni shaxsiy qo‘llab-quvvatlash, soliq va tartibga solish imtiyozlari, tushunarli o‘yin qoidalari. IT sohasida chegaralar yo‘q — biz o‘z g‘oyalarini kengaytirishga tayyor bo‘lgan barchani hamkorlikka chorlaymiz.”

Forumning asosiy ma’ruzachilari — “Voice Solutions VB” bosh direktori Dmitriy Falaleyev, “Forward Gateway” kompaniyasi direktori Elnara Veliyeva va “Artcraft” studiyasi direktori Hasan Solihov O‘zbekistonda autsorsing va ijodiy biznesni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. Ularning ma’ruzalari mamlakatning raqobatbardosh ustunliklarini tasdiqladi: kadrlar salohiyati va soliq imtiyozlaridan tortib, tezkor ma’muriy qo‘llab-quvvatlashgacha.

IT Park Uzbekistan’ning MDH mamlakatlari, MENA va Turkiya eksportini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Azamat Rahmon-Zoda IT Park bilan hamkorlikning asosiy afzalliklarini taqdim etdi:

“38 million aholiga ega, uning 60 foizdan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadigan O‘zbekistonda raqamli ekotizim jadal rivojlanmoqda. Toshkentda 6,3 gektar maydonda  zamonaviy IT Park majmuasi barpo etildi, mamlakat bo‘ylab 14 ta filial tashkil etildi. 2017-yildan 2024-yilgacha rezidentlar soni 18 barobar, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni esa 173 barobarga oshdi. Biz xorijiy investorlar uchun noyob shartlarni taklif etamiz: bepul ofis, asbob-uskunalar, ish haqi kompensatsiyalari, ishga qabul qilish va xodimlarni o‘qitish — bularning barchasi biznes uchun xavf-xatarsiz tarzda amalga oshiriladi.”

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov quyidagilarni ta’kidladi:

“Biz har doim hamkorlikka ochiqmiz va O‘zbekistonda IT-biznesni rivojlantirishni istagan har bir kishini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.”

Forum doirasida xorijiy delegatsiyalar va ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan bir qator yetakchi kompaniyalar va ta’lim markazlariga tanishuv tashriflari uyushtirildi.

Mehmonlar 21-maktabga tashrif buyurishdi. Ushbu maktab o‘qituvchilarsiz o‘ziga xos “peer-to-peer” metodikasi bo‘yicha IT-mutaxassislarni tayyorlaydigan innovatsion markaz bo‘lib, unda mantiqiy, algoritmik fikrlash va jamoaviy ishlashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, mamlakatdagi IT sohasida xizmat ko‘rsatuvchi eng yirik autsorsing markazlaridan biri bo‘lgan “UIC Group” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

“Vention” — global mijozlar bilan muvaffaqiyatli faoliyat yuritadigan xalqaro dasturiy mahsulot va autsorsing xizmatlariga ixtisoslashgan IT-kompaniyasiga tashrif doirasida forum ishtirokchilari taqsimlangan jamoalarni boshqarish va raqamli yechimlarni eksport qilish yondashuvlari bilan tanishdilar.

Ko‘p kanalli mijozlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy aloqa markazlarini qurishga ixtisoslashgan “Telecontact” kompaniyasida kengaytirilgan autsorsing va biznes jarayonlarini mahalliylashtirish modellari muhokama qilindi.

Dastur “East Games” studiyasiga tashrif bilan yakunlandi. Tashrif davomida ishtirokchilar mahalliy o‘yin sanoati, uning salohiyati va o‘yinlarni yaratish hamda nashr etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

22-may kuni xalqaro mehmonlar uchun amaliy seminarlar va maslahat sessiyari o‘tkazildi. Kompaniyalar biznesni boshlash mexanizmlari, “Zero Risk” dasturi, soliq imtiyozlari va kadrlar resurslari, jumladan, mahalliy mutaxassislarni ishga yollashda yordam berish masalalari bilan tanishdilar.

23-may kuni Davlat xizmatlari markazi ishtirokida yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona darcha — “One Stop Shop” kuni tashkil etiladi. Ishtirokchilar bir kun ichida kompaniyani O‘zbekistonda ishga tushirishning barcha ma’muriy bosqichlaridan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Growth Point” forumi xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonga raqamli dunyo xaritasidagi yangi nuqta sifatida yuqori qiziqishini tasdiqladi. Mamlakatda eksport IT-xizmatlarining barqaror o‘sishi, kreativ sanoatning rivojlanishi va qulay ishbilarmonlik muhitining shakllanishi kuzatilmoqda. IT Park Uzbekistan o‘sish va xalqaro hamkorlik uchun yangi istiqbollar yaratib, mahalliy iste’dodlar va global imkoniyatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashda davom etadi.

2025-05-22