O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov AQSh va Yevropa bozorlari uchun kadrlar tanlash va xizmatlar autsorsingi sohasida yetakchi yechimlar yetkazib beruvchi — “HelpResource Inc.” kompaniyasi bosh direktori Ilya Prusenko bilan uchrashdi.
HelpResource Inc. — xalqaro bozorlar uchun xodimlarni tanlash, ko‘p tilli mijozlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga e’tibor qaratgan holda “nearshore” yechimlarni rivojlantirishga ixtisoslashgan kompaniya. 2024-yilda kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofisini tashkil etdi va hozirda mahalliy jamoani faol shakllantirmoqda. Kompaniya BAA, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham faoliyat yuritib, muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Ilya Prusenko kompaniyaning IT Park rezidenti bo‘lish niyatini tasdiqladi va O‘zbekistonning biznesni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatini ta’kidladi. Yaqin kelajakdagi rejalar — ikki tilli mutaxassislarga e’tibor qaratgan holda O‘zbekistondagi jamoani kengaytirish, shuningdek, yaqin orada O‘zbekistonga tashrif buyurish va IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtirok etishdan iborat.
Bosh direktor Abdulahad Kuchkarov “HelpResource Inc.” kompaniyasini 2025-yil 29-aprelda Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiriga taklif etdi.
“HelpResource Inc.” kabi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik O‘zbekistonning autsorsing va IT-kadrlarni tanlash uchun jozibador makon sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda. IT Park’ning imtiyozli shartlari, malakali mutaxassislar sonining ortib borayotgani va strategik hamkorlik O‘zbekistonni operatsion baza sifatida tanlayotgan global kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
2025-04-23