Prezidentimizning 2020-yil 18-iyundagi uchunchi tashabbusini amalga oshirish maqsadida Buxoroda aholiga IT mutaxassisliklarni hamda kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni oʻrgatishga moʻljallangan yangi IT Markaz oʻz eshiklarini ochdi.
Ochilish marosimida biz Buxorodan kelgan yosh va iqtidorli mutaxassis Mironshoh Mustafayev bilan suhbatlashishga muvaffaq boʻldik. U suhbat davomida qanday qilib IT sohasiga kirib kelgani haqida soʻzlab berdi.
Mironshoh Mustafayev 24 yoshda, Buxoro davlat universiteti ingliz filologiyasi fakulteti bitiruvchisi. Shuningdek, u “WebClass” (onlayn taʼlim) nomli loyihaning hamasoschisi hamda IT Park inkubatsiya va akseleratsiya dasturining ikkinchi toʻlqini startapchilaridan biri.
- Sizda taʼlim yoʻnalishida platforma yaratish gʻoyasi qayerdan paydo boʻldi?
- Men hamkasbim Sardor bilan ingliz filologiyasi fakultetida birga oʻqidik, boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilari hisoblanardik. Biz chet tillar fakultetlarida repititor sifatida ishlab, daromad oluvchi koʻplab doʻstlarimiz borligini bilardik. Shuni hisobga olgan holda, sherigim oʻqituvchilar har kimni onlayn tarzda, erkin grafik asosida oʻqitishi mumkin boʻlgan taʼlim platformasini yaratish haqida oʻylardi. Boshida men bunga qarshi edim, chunki oʻsha paytlar Oʻzbekistonda internet juda sust ishlar va qimmat edi. Lekin asta-sekin internet sifati yaxshilanib, narxlar esa pasayib bordi.
Loyihani, dastavval, Buxoroda ishga tushirdik. Biz oʻqitishni IMO mobil ilovasida boshladik, chunki u vaqtlar Zoom hali juda mashhur emas edi va Skypeʼdan faqat kompyuteri borlar foydalana olardi. Biz juda past narxga, deyarli bepul taʼlim berdik. Biz faqat bu qanday samara berishini koʻrishni istadik. Taxminan 4-5 oydan soʻng, odamlar munosabat va qiziqish bildira boshladilar. Biroq onlayn taʼlimning mohiyatini tushunadigan investorlarni topish biz uchun qiyin edi, chunki oʻsha paytda hech kim pandemiya yaqin orada boshlanishi va hamma narsa onlayn rejimga oʻtishi haqida oʻylamagandi.
- Loyihani qanday qilib ishga tushirdingiz?
- Gʻoyaning oʻzi 2018-yilda tugʻilgan, 2019-yil yanvar oyida uni takomillashtira boshladik, fevral oyida esa, biz oʻz saytimizni yaratdik. Dastlab, doʻstlarimizni toʻpladik, operatorni yolladik va biznesni boshladik. Loyiha boshida bizda deyarli hech qanday ish haqi yoʻq edi. Biz hammamiz oddiy talabalar edik, xolos. Mukammal platformani 6 oy ichida yaratishga muvaffaq boʻldik. Ammo ayni damdagi platformamizni ham 100% kamchiliklardan xoli, deb ayta olmaymiz. Chunki hali ham bajarishimiz kerak boʻlgan, amalga oshirilmagan gʻoyalarimiz bisyor. Bundan tashqari, platforma haligacha tas-ix tarmogʻida ishlamaydi.
- Loyihani ishga tushurish uchun jamoada qancha odam bor edi?
- Oʻsha paytda hammamiz ham startap nima ekanligi haqida muayyan tushunchaga ega emas edik, lekin intiluvchan boʻlganligimiz sababli koʻpchilikda loyihamiz qiziqish uygʻotdi. Avvaliga jamoada 10-15 kishi bor edi, ular orasida musiqachilar, fotosuratchilar va filologlar ham bor, barchalari talaba edi. Biroq barchamiz universitetni tugatib, turli yoʻllardan ketdik.
- Qanday muammolarga duch keldingiz?
- Bizning asosiy muammo – bu investor izlash, deyish mumkin. Investorlar bilan bogʻlanish va umuman, loyiha ishlayotganligini isbotlash juda qiyin edi. Biroq, pandemiya boshlanganidan soʻng, investorlarning oʻzlari bizni chaqirib, ishlarimiz qanday ketayotganini soʻray boshladilar.
Bundan tashqari, dastlabki bosqichda hech kim bizga ishonmadi, chunki bizda narxlar past edi. Hech kim bu loyihaning kelajagini koʻrmadi, hatto biz umidsizlikka tushgan paytlar ham boʻldi. Men va mening sherigim Sardor yolgʻiz qolgan edik, biz ham operator, ham oʻqituvchi vazifasini bajarishimiz va kirish darslarini oʻzimiz bajarishimiz kerak edi. Men bu loyihani qoʻllab-quvvatlashga harakat qildim, chunki men Sardorni yolgʻiz qoldirolmadim. Mana 6-7 oy oʻtib, biz nihoyat daromad oldik.
- Ikki filolog qanday qilib platforma yaratishga muvaffaq boʻldi?
- Oʻsha paytda, men IT sohasiga qiziqmas edim, saytlar yaratishdan esa, umuman xabarim yoʻq edi. Sardorning boshlangʻich tajribasi bor edi, u videolar yaratish, tahrirlash, saytlar, dasturlar qanday yozilishini bilardi. Saytimizning ilk prototipini Sardorning oʻzi yaratgan, chunki dasturchilarga haq toʻlash uchun mablagʻimiz yoʻq edi. U WordPress shablonlaridan foydalanib, barchasini oʻzi yaratdi.
- Sizning birinchi mijozlaringiz kim edi?
- Bizning ilk mijozlarimiz chet eldagi oʻzbek diasporasi boʻldi. GreenCardʼni qoʻlga kiritgan, AQSHda yashaydigan, ammo ingliz tilini bilmaydigan odamlar bor. Rossiya, Koreya, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi oʻzbekistonliklar uchun narxlarimiz juda past, bundan tashqari, bizning oʻqituvchilarimiz har doim erkin grafik asosida ishlaydi. Shuning uchun, mijozlarimiz oʻzlarining oʻquv dasturlarini tuzishlari hamda qachon va qanday ketma-ketlikda oʻrganishlarini hal qilishlari mumkin. Bu kech tun yoki erta tong boʻladimi, bizning oʻqituvchilarimiz ular uchun saboq berishga tayyor.
- “Webclass” ayni kunlarda qaysi bosqichda turibdi?
- Bugungi kunga qadar, platformamizda 200 dan ortiq bituruvchi taʼlim oldi, 25 nafar oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda va ayni damda 60 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Oʻylaymanki, bugungi kunda biznesimiz muvaffaqiyatga erishyapti, men bunday daromadni kutmagan edim. Pandemiya davrida odamlar “WebClass”ga katta qiziqish bildirishdi, chunki biz doimo sifatga eʼtibor qaratamiz. Men oʻzim ham dars berganman, shuning uchun har bir oʻqituvchini shaxsan tanlab olaman. Darslarning sifati haqida savollar boʻlishi mumkin ham emas. Shu tufayli, biz sarafan marketingdan foydalandik hamda Koreya, Amerika va boshqa mamlakatlardagi koʻplab talabalar bizning kurslarimizni boshqalarga tavsiya qila boshladilar. Endi “WebClass” muvaffaqiyatga erishmoqda va biz uni kengaytirishimiz va taʼlim platformamizning kam-koʻstini toʻldirishimiz mumkin.
- Sizda investor bormi yoki loyiha buyurtmalar hisobiga daromad koʻradimi?
- Hozirda, taklifimizni qachonlardir rad qilgan, ammo keyin loyiha naqadar istiqbolli ekanligini anglagan investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. IT Park tomonidan katta yordam taqdim etilmoqda, ular biz uchun yaxshi investorlar izlaydilar. Shuningdek, “WebClass” “OneMillionUzbekCoders” loyihasi doirasida buxorolik informatika oʻqituvchilarini oʻqitish dasturining bir qismi boʻladi.
- Siz loyihangizni Buxoroda boshladingiz, bugungi kunda uni Respublika miqyosida, deb hisoblay olasizmi?
- Oʻylaymanki, uni allaqachon global deb atash mumkin. Buxoroda biz ushbu loyihani noldan, hech narsasiz boshladik. Hatto, internet uchun oʻqituvchilarimiz choʻntagidan pul toʻlashdi. Oktyabr oyida Toshkent, Samarqand, Namangan va hatto, Koreyadan oʻqituvchilar ham bor edi. Biz oʻqituvchilarga eʼtibor qaratamiz, ular frilanser sifatida sifatli ish qilishlarini xohlaymiz. Oʻqituvchilar yuqori maoshga ega emasligi sababi – bu kasb juda mashhur emas. Lekin biz ular uchun frilanserlar sifatida pul topish va butun dunyoga taʼlim berish imkoniyatini yaratmoqdamiz, masalan, bizning oʻqituvchimiz Jahongir nemis tilini rossiyalik bolalarga oʻrgatadi. Shuningdek, qirgʻizistonlik talabani oʻqitadigan koreys tili oʻqituvchisi ham bor.
- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Boshidanoq biz “Skyeng” analogini yaratmoqchi edik, shuningdek, Markaziy Osiyo, Rossiya va boshqa mamlakatlar bozorlariga kirishni maqsad qilganmiz. Maqsadimizga yetish uchun dastlabki qadamlar, allaqachon, bizning davlat tomonidan amalga oshirildi - televideniyada onlayn darslar bor, onlayn taʼlim platformalar yaratilgan. Biz nafaqat qoʻshni bozorlarni, balki xorijni ham qamrab oldik. Bundan tashqari, tas-ix zonasida yuqori sifatli analog video oqimini yaratmoqchimiz, bu oʻz navbatida talabalarimiz uchun internet xarajatlarini tejash imkonini beradi.
2020-07-04