Invest in Uzbekistan: Rigadagi anjuman O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatini ochib berdi

Joriy yilning 4-aprel kuni Riga shahrida Latviya Investisiyalar va taraqqiyot agentligi, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi, ISSV va IT Park Uzbekistan ko‘magida O‘zbekistonning Latviya kompaniyalari uchun investisiya salohiyatiga bag‘ishlangan “Invest in Uzbekistan” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.



Tadbirda Yevropa va Latviyada biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi va O‘zbekiston bozorida ishlashdan manfaatdor bo‘lgan Latviya kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonning o‘sib borayotgan bozorining jozibadorligi va salohiyati, biznes yuritishning afzalliklari hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad ikki mamlakatning IT-sohalarida iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarini kengaytirish, bilim almashish, yangi loyihalar hamda startaplarni amalga oshirish uchun investorlarni jalb qilish, shuningdek, soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish orqali xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilishdan iborat. Bu maqsadlarning barchasi O‘zbekistonda taraqqiyoti uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Anjumanda  Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Reynis Troksha so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida IT va sarmoyaviy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish istagini va qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Qolaversa, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari taqdimotiga alohida e’tibor qaratildi va O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investisiyalarni jalb qilish agentligi tomonidan investisiya salohiyati taqdim etildi. Mehmonlarda PricyewaterhouseCoopers kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda biznes yuritishning asosiy huquqiy va soliq jihatlariga bag‘ishlangan taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi.



So‘zga chiqqan IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov mamlakatimizda innovatsion rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari haqida gapirdi. Xususan, O‘zbekistonda IT-biznesni yuritish uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalar kabi yaratilgan imkoniyatlar hamda qulay shart-sharoitlarni ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston bozoriga hech qanday xavf-xatarsiz kirishni xohlovchi xorijiy IT va BPO kompaniyalari uchun korporativ soliqlar va QQSning barcha turlaridan ozod qilinadigan IT Park rezidentligi, “Zero Risk” va “Hududiy shtab-kvartira” dasturlari haqida ham ma’lumotlar berildi.

So‘ngra, Latviya kompaniyalari O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etdilar. Xususan, SBS Logistics vakili O‘zbekistonda BPO sektori rivojlanayotganini alohida ta’kidladi va o‘zining yordamchi ofisini O‘zbekistonga ko‘chirgach, kompaniya ish haqi xarajatlarini yarmidan ko‘proqqa qisqartirganini ta’kidladi.
Ayni paytda Latviyada axborot texnologiyalari sanoati barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda, rivojlanishning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanib borayotgan IT-autsorsing sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.



O‘zbekistondan Latviyaga IT-xizmatlari eksporti bugungi kunda 2 million dollardan sal ko‘proqni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich  o‘sishda davom etmoqda. Asosiy faoliyat - dasturiy ta’minotni ishlab chiqishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, Latviya va O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda davom etmoqda. O‘zbekistonda Latviya fuqarolari uchun vizasiz rejim, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari sarmoyadorlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Riga shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Invest in Uzbekistan” konferensiyasi O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish, investisiyalarni jalb qilish, tajriba almashish va Latviya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.

Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan global maqsadlarga erishish yo‘lidagi yana bir muhim strategik qadam bo‘ldi – mamlakatimizda IT-mutaxassislari uchun 300 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish, O‘zbekistonni xalqaro IT-autsorsing markaziga aylantirish va mahsulotlar eksportini oshirish. 2030 yilga borib respublikaning IT-xizmatlari 5 mlrdga yetishi ko‘zlanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ishsizlikni kamaytirish, iqtisodiy o‘sish va O‘zbekiston aholisi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

2024-04-05