Toshkentda IT Park rezidenti bo‘lgan Latviyaning “Corporate Solutions Group” kompaniyasining yangi ofisi va IT-o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu voqea O‘zbekistonda IT sohasining jadal rivojlanayotganini ko‘rsatib, uning istiqbolli xalqaro texnologiya markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Ochilish marosimida Latviyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Reynis Troksha, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov, shuningdek, “Corporate Solutions Group” asoschisi va bosh direktori Aigars Seruss qatnashdi.
Bu nima uchun muhim?
IT Park rezidenti sifatida “Corporate Solutions Group” IT-konsalting bilan shug‘ullanib, dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida 100 dan ziyod loyihani amalga oshirgan.
Toshkentdagi yangi ofis kompaniyaning poytaxtdagi ikkinchi vakolatxonasi bo‘lib, IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish hamda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Tadbir davomida vazir mamlakatda IT sohasini yanada rivojlantirish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish va xorijiy kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratishning muhimligini ta’kidladi. “Corporate Solutions Group”ning yangi ofisi ochilishi bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Kompaniya tashkil etgan IT-o‘quv markazi yoshlarga xalqaro standartlarga mos keladigan bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini beradi. Jahon IT-bozorida talab yuqori bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Corporate Solutions Group”ning yangi ofisi va o‘quv markazining ochilishi O‘zbekistonning xalqaro IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, global raqamli iqtisodiyotda karyera qurishga tayyor bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.
2025-03-17