IT mutaxassislarini subsidiyalash masalalari bo‘yicha rezidentlar bilan uchrashuv

20-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov 20 dan ortiq rezident kompaniyalar, jumladan, ta’lim va eksport kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad nodavlat o‘quv markazlari bitiruvchilarini eksport qiluvchi korxonalarga ishga joylashtirish uchun subsidiyalar ajratish tartibini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur tizimga muvofiq, o‘quv markazlari IT-xizmatlarini eksport qiluvchi korxonalarda ish bilan ta’minlangan har bir bitiruvchi uchun 25 million so‘mgacha, ish bilan ta’minlangan har bir alohida ehtiyojli mutaxassis uchun esa 35 million so‘mgacha subsidiyalar oladi.

Nodavlat ta’lim markazlarining eksport kompaniyalarida ishga joylashgan bitiruvchilari uchun subsidiyalar dasturi yangi iste’dodlarni jalb etish va ularning muvaffaqiyatli eksport kompaniyalarida ish topishiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Yig‘ilishda rezidentlarning taklif va istaklari ko‘rib chiqilib, loyihada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar inobatga olindi. Rezidentlar bilan faol muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda guruh tashkil etilgan bo‘lib, unda har bir rezident ushbu mavzu bo‘yicha o‘z taklif va g‘oyalarini bildirishi mumkin.

2023-06-21