IT-mutaxassisliklariga oʻqitish uchun bepul onlayn platforma – “One Million Uzbek Coders” loyihasi ishga tushdi!

2019-yil 21-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “One Million Uzbek Coders” (“Bir million dasturchi”) keng koʻlamli loyihasiga start berildi. Tantanali marosimda ishtirok etgan mehmonlar qatorida BAAʼning hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi boshchiligidagi delegatsiya, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati, mamlakatimiz vazirliklari va idoralari rahbarlari bor edi. Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha universitetida dasturchilar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi va unda talabalar oʻz dasturlarini namoyish etdilar.

Oʻzbekistonda ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Dubai Future Foundation” jamgʻarmasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, IT-Park qoshidagi IT-akademiya va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT-maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.


Loyiha ixtisoslashgan onlayn-portal orqali keng aholi qatlami uchun bepul masofaviy taʼlimni tashkil etadi. Barcha xohlovchilar ariza topshirishi mumkin. Dasturning maqsadi – raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini tayyorlash, ularni barcha vositalar bilan – dasturlash koʻnikmalari bilan qurollantirish.


Birinchi bosqichda, loyiha xalqaro mehnat bozorida eng koʻp talab qilinadigan toʻrtta ixtisoslikni qamrab oladi: maʼlumotlarni tahlil qilish, Android ishlab chiqish, FrontEnd ishlab chiqish va FullStack ishlab chiqish. Umumiy kurs 120 soatlik taʻlim uchun moʻljallangan. Har bir bosqichning yakuni laboratoriya ishlarini tayyorlash va tegishli sertifikatlarni olish boʻladi.


Kursni muvaffaqiyatli tugatganlar grantlar uchun raqobatlashishlari va Udacity platformasining 100 dan ortiq Nanodegree dasturlaridan biri boʻyicha oʻqishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, eng yuqori ball toʻplagan talabalar Top-150ʼligiga kirish kerak boʻladi. Shuni taʼkidlash kerakki, Nanodegrree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa koʻplab IT sohasining gigantlari tomonidan tan olinadi.


Dasturchilarni masofadan oʻqitish loyihasi birinchi marta BAAʼda  “One Million Arab Coders” nomi ostida yoʻlga qoʻyilgan edi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida shu yil mart oyida bir qator sohalarda, jumladan, IT sohasida ham kelishuvlarga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati ushbu loyihani Oʻzbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini oʻrganib chiqib, konsepsiyani mamlakat sharoitlariga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va mahalliy darajadagi “One Million Uzbek Coders” deb nomlangan tashabbusni ishga tushirdi.

2019-11-22