IT Park, "Aloqabank" tijorat banki va "Aloqaventures" venchur fondi startap loyihalari uchun korporativ akseleratorni ishga tushirmoqda

IT Park, "Aloqabank" tijorat banki va "Aloqaventures" venchur fondi bilan hamkorlikda "Aloqabank" tijorat bankining shakllanayotgan raqamli ekotizimi doirasida korporativ akselerator yaratish hamda startap-loyihalarni ularning xizmatlari va mahsulotlari bilan birgalikda ishga tushirish uchun platforma tashkil etishga qaratilgan "AloqaTech Lab" IT-tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishga tushirmoqda.

Dasturda har bir  startap loyiha 3 oy davomida ishtirok etib, unga bir qator texnik, moliyaviy va marketing yordami ko‘rsatiladi. Shuningdek, dastur yetakchi ekspertlar va loyiha menejerlarining murabbiyligini o'z ichiga oladi.

Akseleratsiya dasturida startap-loyihalarning virtual ishtiroki formati, ya’ni  barcha ko'mak va maslahatlarni onlayn tarzda olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Ushbu format, ayniqsa, respublikaning turli hududlaridan tashkil topgan jamoalar uchun manfaatli.

Ishtirok etish uchun quyidagi yo‘nalishlar taklif qilinadi:

- moliyaviy texnologiyalar (FinTech);

- elektron tijorat va bozorlar (eCommerce);

- biznes uchun bulutli texnologiyalar (CloudTech);

- biznes uchun sun‘iy intellekt (AI).

Tanlangan yoʻnalish boʻyicha har bir startap loyiha jamoasi "Aloqaventures" venchur fondi, “Aloqabank” tijorat banki va IT Park mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Akseleratsiya dasturi startap loyiha jamoalariga, xususan, kovorking va ofis maydoni, ta’lim va konsalting faoliyati, texnik jihozlar, PR qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik, shuningdek, startap loyihalari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi.

Akseleratsiya dasturida startap g‘oyasiga ega boshlang‘ich jamoalar ham, ishlab chiqilgan biznes modeli va MVPga ega bo‘lgan tajribali jamoalar birdek ishtirok etishlari mumkin.

Akseleratsiya dasturi yakunlanganidan so‘ng, eng yaxshi startap-loyihalar "Aloqaventures" venchur fondidan 50 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hujjatlarni qabul qilish muddati 8-apreldan 28-aprelgacha.

Akseleratsiya dasturining oʻzi 2022-yilning 20-mayidan 20-avgust oyiga qadar boʻlib oʻtadi. Demo Day 2022-yil 5-sentabrga rejalashtirilgan.

Hujjat topshirish: http://aloqatechlab.uz/

2022-04-08