IT Park AQShda boʻlib oʻtgan “Asia Business Conference” tadbirida Oʻzbekistonning xorijiy kompaniyalar uchun afzalliklarini taqdim etdi

6-aprel kuni AQShning “Berkeley Haas School of Business” biznes maktabida 18-yillik “Asia Business Conference” tadbiri boʻlib oʻtdi. Bu yil Markaziy Yevroosiyo mintaqasi nomidan IT Park Uzbekistan, “Silkroad Innovation Hub” va “Astana Hub” ishtirok etishdi.

Asia Business Conference — bu Osiyoda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirayotgan tadbirkorlar va mutaxassislarni birlashtiruvchi muhim tadbir. Bu yilgi konferensiya “Rising Asia: Shaping the Moment, Navigating Challenges and Opportunities” shiori ostida boʻlib oʻtdi. Tadbir Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yangi texnologiyalarning taʼsirini oʻrganishga bagʻishlandi.

“Markaziy Yevroosiyoda rivojlanayotgan texnologiyalar va tadbirkorlik” panel sessiyasida IT Park Uzbekistanʼning Shimoliy Amerika mintaqasi boʻlimi rahbari Sultonmurod Rasulov, “Silkroad Innovation Hub” asoschisi Aset Abdualiyev va boshqalar soʻzga chiqishdi.

Sultonmurod Rasulov Oʻzbekiston yangi IT-autsorsing markaziga aylangani va mamlakatda BPO sohasini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

U IT Park infratuzilma, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan qonunchilik, ingliz tilida soʻzlashuvchi iqtidorli yoshlar, yuqori sifatli IT-taʼlim, erkin iqtisodiy zona, soliq va bojxona imtiyozlari va boshqa misli koʻrilmagan afzalliklarni oʻz ichiga oluvchi tayyor yechimlar va qulay sharoitlarni taklif qilgan holda yirik global kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, ayni paytda 1,900 dan ortiq kompaniyalar IT Park rezidenti maqomiga ega, ularning 300 dan ortigʻi esa xorijiy kompaniyalar hisoblanadi. Shuningdek, u IT Park rezidentiga aylangan xorijiy kompaniyalar barcha turdagi soliqlardan ozod qilinishini qoʻshimcha qildi, 7,5 foizlik daromad soligʻi bundan mustasno. U oʻz nutqida IT Parkʼning yangi tashabbusi — “Zero Risk” dasturini ham tilga oldi. Mazkur dastur doirasida Oʻzbekiston hududlarida oʻz ofislarini ochayotgan xorijiy kompaniyalarga bir yil davomida bepul ofis maydoni, 100 dan ortiq xodimlar uchun texnik jihozlar taqdim etiladi hamda xodimlar ish haqi, murabbiylik va xodimlarni boshqarish xizmatlari uchun xarajatlar qisman qoplab beriladi.

2024-04-13