IT Park'ga Ansor kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi

14-mart kuni IT Park Uzbekistan binosiga Xasib Yusufi boshchiligidagi Ansor kompaniyasi vakillari ishtirok tashrif buyurdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad -  mobil ilovalar ishlab chiqish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Ansor kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

Mehmonlarni  IT Park xalqaro bo‘lim boshlig‘i Nigora Mirjalilova va eksport bo‘limi boshlig‘i Sultonmurod Rasulovlar kutib oldi. Ular xorijlik hamkasblariga IT Park faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdilar.

Xasib Yusufi yig‘ilganlarga kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqish rejalari haqida ma’lumot berib, xorij mamlakatlarda, jumladan, Buyuk Britaniyada vakolatxonalar ochish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida  to‘xtalib o‘tdi. IT Park vakillari Ansor kompaniyasining rejalariga qiziqish bildirib, uning O‘zbekiston bozoriga chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Muloqot davomida tomonlar Ansor kompaniyasining O‘zbekistonda IT-sanoatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini muhokama qildilar. Xasib Yusufi korxonaning mas’ul xodimi sifatida mamlakatimizdagi ushbu soha rivojiga hissa qo‘shish maqsadida o‘z bilim va tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv so‘ngida IT Park vakillari uchrashuv uchun Ansor rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Tomonlar, shuningdek, tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni kengaytirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ansor mobil dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi kompaniya. Kompaniyaning ofisi AQShning Nevada shtatida joylashgan.

2023-03-14