IT Park hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun SINOPHARMTECH rezidenti bilan uchrashdi

IT Park’da farmatsevtika sanoati uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan IT Park rezidenti — “SINOPHARMTECH” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar rezidentlikning joriy masalalari va kelajakdagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda IT Park tomonidan rezidentlarni ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i Rufina Ismailova va Osiyo bozori bilan ishlash bo‘yicha bosh menejer Janat Pak ishtirok etdi.

“SINOPHARMTECH” kompaniyasini quyidagilar taqdim etdi: Cai Jun — “EDA” va “Sinopharmtech” kompaniyalar guruhi prezidenti, Golinnikov Vyacheslav — “Sinopharmtech” kompaniyasining Belarusdagi vakili va Xasanov Qahramon — “Sinopharmtech” kompaniyasining O‘zbekistondagi rivojlanish bo‘yicha direktori.

Uchrashuv davomida “SINOPHARMTECH” vakillariga IT Park rezidentligi doirasida taqdim etiladigan soliq imtiyozlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Kompaniya O‘zbekistonda virtual ofis ochishga qiziqish bildirdi, shuningdek, “Zero Risk” dasturi doirasida faoliyatining bir qismini Samarqand viloyatiga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. “SINOPHARMTECH”, shuningdek, rezidentlarga xorijiy mijozlardan buyurtmalar olish va jahon bozorida o‘z faoliyatini kengaytirish imkonini beruvchi “Local2Global” dasturining afzalliklari bilan tanishdi. Bundan tashqari, kompaniya IT Park tomonidan tashkil etiladigan konferensiyalar va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Bu esa tajriba almashish va IT-hamjamiyatidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

IT Park O‘zbekistonda innovatsion IT-kompaniyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, o‘z rezidentlarini faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. “SINOPHARMTECH” bilan uchrashuv kelajakda hamkorlikni rivojlantirish va kompaniya faoliyatini respublika hududida kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishni tasdiqladi.

2025-06-03