2022-yil 6-aprel kuni Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) tomonidan tashkil etilgan “Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun raqamli inklyuziya” mintaqaviy onlayn forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun raqamli inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha mavjud amaliyotlar haqida ma’lumot berish, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga raqamli sohaga oid ko‘nikmalarni o‘rgatish bo‘yicha amaliy tajriba almashishdan iborat.
Tadbir doirasida XEI mintaqaviy direktori Natalya Mochu boshchiligida o’zaro muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park hududiy rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov ishtirok etdi.
Sessiyaning birinchi yarmida spikerlar muhokama markazida nogironlar uchun raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha mavjud qiyinchiliklar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘ldi.
“Imkoniyati cheklangan bolalar uchun asosiy muammolardan biri –qulaylik va imkoniyatlarning kamligi. Ikkinchi muammo – ko‘plab bolalar uchun kompyuter yetishmasligi”, - deya ta’kidladi Abdulahad Qo‘chqorov.
Dasturning ikkinchi yarmida ishtirokchilar raqamli texnologiyalar yordamida yaqin kelajakda raqamli inklyuziyani yanada rag‘batlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.
IT Park mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, imkoniyati cheklangan har bir farzandning ota-onasi o‘g‘li yoki qizining boshqa odamlar bilan ko‘proq aloqada bo‘lishi, o’z ustida ishlashi, rivojlanishi bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazishini istaydi. Bu yerda gap raqamli texnologiyalarda emas, balki odamlarning dunyoqarashida, deb hisoblaydi Qo‘chqorov.
"Ko'chada biron bir imkoniyati cheklangan odamni ko'rmaysiz. Bu ular yo'q degani emas. Ularning uyda qolgani yaxshiroq deb o'ylashadi. Har qanday yo'nalishning, shu jumladan raqamli inklyuziyaning vazifasi esa bu to'siqni yengishdir. Eshitish qobiliyati past bo‘lganlar uchun ixtisoslashtirilgan xona yaratdik va o‘qish istagida bo‘lganlarni yig’ish maqsadida eshitish qobiliyati zaif bolalar maktab-internatiga murojaat qildik”.
Abdulahad Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, birinchi guruh o’qishni bitirganidan so’ng boshqa bolalarning ota-onalari ham murojaat qila boshlagan.
“Dasturlarimiz bepul, ota-onalar farzandlarini shaharning turli burchaklaridan olib ketishga va hatto kurslar uchun pul to‘lashga tayyor. Raqamli texnologiyalarning raqamli inklyuziyadagi salohiyati yuqori, uni rivojlantirish shart va zarur. Buning uchun imkoniyati cheklangan bolalar uchun yangi o'quv dasturlarini yaratish va ularni qiziqtirishda yangidan-yangi yondashuvlar kerak."
Xulosa o‘rnida Qo‘chqorov gender tengligi bo‘yicha tadbirlarni muntazam tashkil etish, qizlarni IT va tadbirkorlik sohasiga jalb etish zarurligini qo‘shimcha qildi.
2022-04-06