IT Park inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarining uchinchi to‘lqini boshlanganidan buyon saralash doirasida 2 ta Pitch Day tashkil etildi.
Inkubatsiya va akseleratsiya dasturi uchinchi to‘lqinida ishtirok etish uchun jami 202 ta ariza kelib tushdi. Ular orasidan 34 tasi Pitch Day’da ishtirok etish uchun saralanib olindi. Loyihalar quyidagi maxsus taklif qilingan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
1. “Startap tashabbuslar” loyihasi koordinatori Usmon Rahimjonov;
2. “VRonica” loyihasi asoschisi Akmal Solihov;
3. Raqamli sanoatni rivojlantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Elyor Maqsudov;
4. “InMind” (AQSH) startapi CPO‘si Vladislav Baymurzin;
5. “beakid.com” (AQSH) startapi CPO‘si Denis Burkatskiy.
Pitch Day natijasiga ko‘ra quyida keltirilgan 19 ta loyiha dasturlarda ishtirok etish uchun saralanib olindi:
Akseleratsiya:
1. Micros 24
“Bir darcha” tamoyili bo‘yicha ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi kichik biznes subektlari uchun raqamli buxgalteriya xizmati.
2. Coozin
Ilovaning asosiy maqsadi uyida o‘tirgan xotin-qizlarga hech qanday sarmoyasiz biznes boshlashlariga yordam beruvchi onalyn platformani yaratish, shuningdek, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashdir.
3. ShopyApps
Mobil e-commerce ilovalar konstruktori
4. Pharms.uz
Distribyutor hamda farmasevtika kompaniyalari uchun B2B platformasi.
5. Hopme
B2B segmentidagi ko‘tara savdo platformasi
6. Mental Arifmetika
Maktab yoshidagi bolalarning aqliy rivojlanishi uchun mo‘ljallangan platforma.
7. Smart Medical
Klinikalardagi jarayonlarni avtomatlashtirish.
8. Aboo
Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun bepul arzon o‘quv materiallarini taqdim etuvchi ta’lim platformasi.
9. Gardens of Babylon
Qiyin iqlim va shahar sharoitida barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xushbuy va dorivor o‘simliklarni yetishtirishga imkon yaratadigan sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyasi orqali ishlab chiqilgan innovatsion vertikal fito-fermer xo‘jaligi.
Inkubatsiya:
1. Yesshan
Kichik va o‘rta biznes, shuningdek, boshqa faol sinflarga (shartnomani moliyalashtirish, ko‘chmas mulk) qo‘shma p2p investitsiyalar uchun mo‘ljallangan platforma.
2. PRINTChI
Shaharda, bankomat, supermarket, o‘quv muassasalari, metro stansiyalari, temir yo‘l stansiyalari va boshqa jamoat joylari uchun printer tarmog‘i (MFP). Chop etish/skanerlash/nusxalash uchun siz faqatgina ilova/Telegram bot/veb-sayt orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz, rejani sotib olishingiz yoki rejasiz rejimni tanlashingiz kerak xolos.
3. Business Store
Biznes xizmatlarini targ‘ib qilish va joylashtirish uchun mo‘ljallangan onlayn platforma. Mazkur servisga har qanday restoran, sartarosh yoki yakka tartibdagi kishilar o‘z tovarlari va xizmatlarini joylashtirishi mumkin bo‘ladi. Oddiy foydalanuvchilar esa tavsiya etilgan tizim orqali o‘zlariga kerak bo‘lgan mahsulot yoki xizmatni oson topishlari mumkin.
4. ITutor
O‘qituvchilarga talaba yoki ish topishga yordam beruvchi platforma.
5. AvtoTeksh
Avtomobil sifatini tekshirish uchun yordamchi dastur.
6. Molbor
Chorva mollarini O‘zbekiston fermerlari o‘rtasida sotish uchun mo‘ljallangan platforma.
7. Shift me
O‘qituvchi va ta’lim olishni istaganlar uchun onlayn ta’lim kurslar agregatori. Ushbu platforma nafaqat o‘qish, balki daromad topish uchun ham yordam beradi.
8. AIMed
Sun’iy intellekt tizimi asosida sog‘liqni saqlash sohasiga oid muammolarini bartaraf etishga mo‘ljallangan platforma. AIMed shifokor va bemorga mo‘ljallangan.
9. eUnion
O‘zbekistondagi barcha kiyim do‘konlarini birlashtirish va foydalanuvchiga yengillik yaratishga asoslangan elektron tijorat loyihasi.
10. Boombuy
Chakana savdo sohasida sodiqlikni kuchaytirishga asoslangan IT loyiha. Har xil savdo shoxobchalarida bonusli ballarni to‘plash va ulardan foydalanishga imkon beradigan yagona sodiqlik dasturi. Bu savdo nuqtalariga mijozlar oqimi ko‘paytishishga imkon beradi.
Endilikda barcha 19 ta loyihani mazmunga boy 3 oylik o‘quv dasturi kutmoqda. Ushbu vaqt davomida loyihalar O‘zbekiston va dunyo miqyosidagi IT bozorlarning eng tajribali mutaxassislari tomonidan o‘qitiladi. Qolaversa, ularga rivojlanishlarida malakali treker va tajribali mentorlar yordam beradi.
Bundan tashqari, inkubatsiya va akseleratsiya dasturining uchinchi to‘lqinida ilk bor ishtirokchilarga o‘z loyihalarini cheksiz rivojlantirishlari uchun “C Space” kovorking ofisi taqdim etiladi!
Eslatib o‘tamiz, inkubatsiya dasturi ajoyib istiqbolli g‘oyalarga ega bo‘lgan ishqibozlarning startap g‘oyalarini o‘quv dasturlari va mutaxassis tavsiyalari orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Akseleratsiya dasturi, o'z o'rnida, yanada to'liq mahsulotni shakllantirish uchun ishlab chiqilishi kerak bo'lgan prototip egalari uchun mo'ljallangan.
IT Park’dagi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarining uchinchi to‘lqini 3 oy davom etadi hamda ular 8 ta modul va 34 ta tadbirdan tashkil topgan.
Tadbirlar ta’lim va ekspert mashg‘ulotlari, dala sinovlari, Bootcamp va albatta Pizza party’ni o‘z ichiga oladi! Va dastur so‘ngida, har doimgidek, sizni loyihangizni namoyish etishingiz va qo‘lingizdan nima kelishini ko‘rsatishingizga imkon beruvchi Demo Day kutmoqda.
Bu safar asosiy e’tibor nazariya va investorlar bilan “metching” ga emas, balki trekshn (tez o‘sish), mentorlik va amaliyotga qaratiladi.
C Space: https://cspace.uz/
2021-04-13