IT Park Kompleksi: Beton quyish boʻyicha Oʻzbekiston rekordi yangilandi!

2020-yilning 12-dekabr kuni IT Park’ning IT kompleksi qurilish maydonchasida beton quyish boʻyicha Oʻzbekiston rekordi yangilandi. Oʻzbekistonda shu kungacha qisqa vaqt ichida bunchalik katta miqdordagi beton quyish holatlari uchramagan.

2 kun ichida 10000 kub metr beton quyildi. Beton bilan toʻldirilgan poydevor 3 metr balandlikda ega. Armaturalash paytida 780 tonna armatura ishlatildi. Jami qurilishga 155 nafar quruvchi jalb qilindi.

Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda Toshkentda IT Park’ning yirik IT kompleksi  qurilishi davom etmoqda. Zamonaviy kompleksni yaratish boʻyicha ishlar oʻtgan yilning 20-noyabrida boshlangan. Bosqichma-bosqich 17 ta bino, shu jumladan 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiyalar zali, kovorking markazi va boshqa inshootlar barpo etiladi. Tuzilmalar 9 balldan yuqori boʻlgan zilzilalarga bardosh bera oladi. Bundan tashqari, uch darajali yerosti avtoturargohi qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kompleksda kafe va restoranlar, doʻkonlar, masjid, sport maydonchalari hamda dam olish joylari boʻladi.

Qurilishning toʻliq yakuni 2023-yilga rejalashtirilgan.

2020-12-17