IT Park Malayziya IT-kompaniyalari uchun Oʻzbekiston eshiklarini ochmoqda

IT Park Sirdaryo filiali direktori, viloyat hokimining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchisi Oybek Anvarov boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi 25-29 fevral kunlari amaliy tashrif bilan Malayziyada boʻldi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Malayziyaning IT va BPO-kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish, hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mamlakatni yangi IT-autsorsing markazi sifatida targʻib qilishdan iborat.

Tashrif doirasida delegatsiya Malayziyaning “Upstream”, “Canaan Communication & Technologies” va “Hitech Geo Digital” IT-kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Mazkur uchrashuvlarda Oʻzbekistonda IT-biznesni yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, IT Park qoʻllab-quvvatlash dasturlari, “Enterprise Uzbekistan” — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining tashkil etilishi va boshqa tashabbuslar taqdim etildi.

Uchrashuvlar yakuni boʻyicha joriy yilning mart oyida Sirdaryo viloyatida “Zero risk” dasturi orqali “Upstream” kompaniyasi filialini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu qadam viloyatda yuqori haq toʻlanadigan yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi, shuningdek, 2030-yilga borib mamlakatning IT-xizmatlar eksporti hajmini $5 milliardga oshirishga yordam beradi.

“Canaan Communication & Technologies” va “Hitech Geo Digital” kompaniyalari ham Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochishga qiziqish bildirishdi.

Barcha kompaniyalar 18-20 mart kunlari Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan va IT va autsorsing sohasida hamkorlik va sheriklik aloqalarini oʻrnatish uchun platforma vazifasini bajaruvchi “Offshore Outsourcing Tour” tadbiriga taklif qilindi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari dunyoning TOP 300 ta eng yaxshi universitetlaridan biri boʻlgan Malayziyaning “UCSI” universiteti prorektori bilan ushrashuv oʻtkazishdi. Muhokama qilingan asosiy masalalardan biri Sirdaryo viloyatida “UCSI” universitetining axborot texnologiyalari fakulteti filialini tashkil etish gʻoyasi boʻlib, ushbu tashabbus hududning raqamli iqtisodiyotiga salmoqli hissa qoʻshishga xizmat qiladi. Universitet rahbariyati IT Park bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

2024-yil Oʻzbekistonda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinganini hisobga olib, delegatsiya Malayziyaning “UCSI” universitetida IT sohalari boʻyicha tahsil olayotgan Oʻzbekistonlik yoshlar bilan norasmiy uchrashuv ham oʻtkazdi.

Uchrashuvda talabalar Oʻzbekiston IT-sohasida qulay muhitni rivojlantirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari va dolzarb tashabbuslari bilan oʻrtoqlashdilar va oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berish hamda oʻz loyihalarini namoyish etish imkoniga ega boʻlishdi.

2024-03-01