23-24 noyabr kunlari IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya Niderlandiyaga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatning IT-eksport hajmini oshirish uchun Oʻzbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish.
Tashrif davomida IT Park vakillari yetakchi texnologik kompaniyalari bilan uchrashib, muzokaralar olib borishdi va konferensiya tashkil etishdi, unda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi hamda Oʻzbekistondagi muvaffaqiyatli xorijiy IT-kompaniyalar tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar.
Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Niderlandiyaning yalpi ichki mahsuloti 2022-yilda €991 milliarddan oshdi. Niderlandiyada IT-sanoati iqtisodiyotda muhim rol oʻynaydi va mamlakat umumiy YaIMʼning qariyb 10 foizini tashkil qiladi.
Mamlakatdagi IT-mutaxassislar soni 470 mingdan ortiq kishini tashkil etadi, yaratilgan qulay innovatsion ekotizim mamlakatga Yevropadagi koʻplab muvaffaqiyatli startaplar va IT-kompaniyalar uchun texnologik markazga aylanish imkonini berdi.
Mamlakatda “Uber”, “Netflix”, “VEON Group”, “Cisco Systems”, “Tesla”, “Booking.com”, “ZOOM”, “TomTom” kabi global texnologiya gigantlari, shuningdek, “Adyen” va “WeTransfer” startaplarining bosh qarorgohlari joylashgan.
“Oracle Digital Cloud Technologies” kompaniyasining shimoli-sharqiy mintaqa uchun direktori Kristian Obando bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. 1977-yilda asos solingan “Oracle” bugungi kunda dunyodagi eng yirik dasturiy taʼminot va apparat taʼminotchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 138 mingdan ortiq xodimga ega va yillik aylanmasi $40 milliarddan ko‘proqni tashkil etadi.
Uchrashuvda oʻzbek startaplari uchun bulutli kreditlar berish masalalari, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va oʻqitish uchun “Oracle Academy” va “Oracle University” dasturlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, delegatsiya Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali kompaniyalarning respublika bo‘ylab qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlar bilan oʻrtoqlashdi.
Delegatsiya “VEON Group” va IT Park rezidenti hisoblangan “VEON ADTech” kompaniyasi koʻmagida Yevropaning maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlari sohasida yetakchi kompaniyalardan biri boʻlgan “North C Data Center” ga tashrif buyurdi. 2016-yilda tashkil etilgan “North C Data Center” kompaniyasi maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash sohasida ilgʻor texnologiyalarni taqdim etadi. Hozirda kompaniyada 500 dan ortiq xodim mehnat qiladi va yillik aylanmasi $100 milliondan oshadi.
“North C Data Center” kompaniyasi maslahatchisi Mayk Kul bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda maʼlumotlar markazlaridagi soʻnggi tendensiyalar, shuningdek, xalqaro maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydigan barqaror energiya manbalarining ajralmas tarkibiy qismlari muhokama qilindi.
“VEON Group” kompaniyasining korporativ masalalar va hukumat bilan aloqalar boʻyicha global direktori Marine Babayan “VEON Group” tarkibiga kiruvchi kompaniyalar eksportini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida delegatsiya bilan uchrashdi.
1992-yilda tashkil etilgan “VEON Group” dunyoning turli mamlakatlarida aloqa xizmatlari va IT mahsulotlarini taqdim etadi. Bugungi kunda kompaniyada 40 mingdan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi va yillik aylanmasi $8 milliarddan oshadi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekistonda “VEON ADTech” va “Beelab” kompaniyalarini rivojlantirish, mahalliy mutaxassislar va xorijiy davlatlarga eksport qilinadigan xizmatlar sonini koʻpaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
“ZOOM” kompaniyasining ijrochi tijoriy direktori Alen Segon van Banshe (Alain Segond van Banchet) bilan olib borilgan muzokaralarda asosiy eʼtibor “ZOOM” kompaniyasining Oʻzbekistonda mintaqaviy vakolatxonasini ochish va tizimni Markaziy Osiyo bozori uchun mahalliylashtirish imkoniyatlariga qaratildi.
“ZOOM Video Communications” 2011-yilda tashkil etilgan va videokonferensiyalar uchun yetakchi platformaga aylandi. Bugungi kunda kompaniya 5 mingdan ortiq xodimga ega va yillik aylanmasi $2 milliarddan oshadi.
Tashrif yakunida delegatsiya “Uzbekistan – New Outsourcing Hub in Central Asia” konferensiyasini oʻtkazdi. Konferensiyada “VEON Group”, “Telstra Enterprise”, “ZOOM”, “ZTE”, “Huawei”, “Total Specific Solutions”, “Pamir BV”, “GCore”, “EPAM Systems”, “Symphony Solutions”, “Brimit”, “Juniper Networks” kabi eksportga yoʻnaltirilgan yirik kompaniyalarning 40 dan ortiq vakillari ishtirok etishdi.
Maʼruzachilar sifatida quyidagi kompaniya vakillari so‘zga chiqishdi:
Ular Oʻzbekistonda vakolatxona va kompaniyalar ochish, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish, ularga koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash borasidagi tajribalari haqida gapirib, mintaqaning texnologik biznesni rivojlantirish salohiyatiga ishonch bildirishdi.
Bundan tashqari, IT Park vakillari Oʻzbekistondagi xorijiy kompaniyalar uchun IT-eksport hajmini oshirishga qaratilgan kompleks qoʻllab-quvvatlash dasturlari haqida maʼlumot berishdi. Ushbu dasturlar (“Zero Risk”, “Regional HQ”, “One Stop Shop” va boshqalar) mahalliy mutaxassislarni toʻplash va oʻqitish, ofislar, uskunalar tanlashni oʻz ichiga oladi va soliq imtiyozlari va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash bilan birgalikda Oʻzbekistonni xorijiy autsorsing kompaniyalari uchun yanada jozibador davlatga aylantiradi.
Tadbir soʻngida mehmonlar Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbiriga taklif etildi. 2024-yilning birinchi choragida oʻtkazilishi rejalashtirilgan ushbu tadbir ularga biznes muhiti bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizda oʻz vakolatxonasini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqish imkonini beradi.
2023-11-27