IT Park Pavlodar kolleji bilan memorandum imzoladi

11-aprel kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Qozogʻiston delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga quyidagilar kirdi: Pavlodar viloyati “Axborot texnologiyalari kolleji” Davlat boshqaruvi huquqidagi kommunal davlat korxonasi rahbari Serik Jartibayev, Axborot texnologiyalari kolleji IT boʻyicha rahbar o‘rinbosari Aygerim Xaipergina va Pavlodar viloyati taʼlim boshqarmasining “Pavlodar viloyat axborot texnologiyalari markazi” KDU rahbari Elnar Utyubayev.

Kun tartibida – axborot texnologiyalari sanoatida ta’lim va tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, IT Park Uzbekistan va Pavlodar viloyati Axborot texnologiyalari kolleji o‘rtasida memorandumni imzolash.

Mehmonlarni IT Park direktori o‘rinbosari Maxliyo Muksinova, Xalqaro aloqalar bo‘yicha investitsiyalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va Startap ekotizimini rivojlantirish boʻlimining qo‘llab-quvvatlash boʻyicha menejer Ismina Mavlyankariyeva kutib oldilar.

IT Park vakillari tashkilot faoliyati bilan tanishtirib, maqsad va yutuqlariga to‘xtalib o‘tdilar. Mehmonlarga tashkilotning O‘zbekistonda IT industriyasini rivojlantirishdagi roli tushuntirildi, rezidentlik dasturi, jumladan, u yerda ishlab chiqilayotgan kompaniya turlari va loyihalari haqida so‘zlab berildi. Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi haqida umumiy ma’lumotlar taqdim etildi.

Serik Jartibayev IT Park tomonidan ishlab chiqilayotgan taʼlim loyihalariga qiziqish bildirdi. Delegatsiya vakillari Pavlodar viloyati axborot texnologiyalari kolleji talabalari va xodimlari IT Parkʼda amaliyot o‘tashlari mumkin bo‘lgan tajriba almashish dasturlarini yaratish istagini bildirishdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha IT Park Uzbekistan va Pavlodar viloyati Axborot texnologiyalari kolleji o‘rtasida keyingi hamkorlik uchun memorandum imzolandi.

2023-04-13