IT Park rezidenti “UIC Group” kompaniyasi O‘zbekistonda texnologik innovatsiyalar va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Singapurning “G-EMx Technologies” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.
Imzolangan shartnoma kompaniyalar o‘rtasida texnik bilim va tajriba almashish, shuningdek, mintaqada biznes rivoji va texnologik taraqqiyotga hissa qo‘shadigan loyihalar ustida hamkorlikda ishlashga qaratilgan.
Shuningdek, hamkorlik doirasida “UIC Group” kompaniyasi tomonidan autsorsing asosida IT xizmatlarini taqdim etish, Singapur toʻlov tizimlari uchun texnologik yechimlarni bevosita Oʻzbekistondan topish va “G-EMx Technologies” kompaniyasining boshqa biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.
Maʼlumot uchun: “UIC Group” bugungi kunda oʻzining dasturiy taʼminot mahsulotlarini eksport qilish va turli mamlakatlarga, jumladan, AQSh, BAA, Buyuk Britaniya, Singapur va Yaponiyaga xizmat koʻrsatish boʻyicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Kompaniyaning Toshkent va AQShning Kaliforniya shtatidagi ofislarida 150 dan ziyod xodim ishlaydi.
Singapurda biznes uchun raqamli bank xizmatlariga ixtisoslashgan “G-EMx Technologies” kompaniyasi dasturiy taʼminot, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar tahlili va boshqa ilgʻor texnologiyalar sohasidagi muvaffaqiyatli loyihalari bilan ham tanilgan.
2023-07-28