IT Park rezidentlari bank hisoblarini masofadan ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi

2025-yil 11-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining IT Park rezident kompaniyalari xorijiy ta’sischilari va ularning xorijiy xodimlariga bank hisobvaraqlari hamda bank kartalarini masofadan ochishga ruxsat beruvchi qarori kuchga kirdi.

Endi xorijiy ta’sischilarga ega IT Park rezidentlari bank bo‘limiga shaxsan tashrif buyurmasdan onlayn tarzda bank hisobvarag‘ini ochishlari mumkin. Xuddi shu tartib IT Park rezident kompaniyalarida ishlovchi xorijiy mutaxassislarga ham taalluqli.

Prezidentning PQ-286-sonli qaroriga binoan, IT Park rezidentlariga bank xizmati ko‘rsatish tizimiga tartib-qoidalarni soddalashtirish va raqamlashtirishni tezlashtirish maqsadida bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritildi:

  • IT Park rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning xorijiy ta’sischilari O‘zbekistondan tashqarida turib bank hisobvaraqlarini masofadan ochish imkoniyatiga ega bo‘ldilar;
  • O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali JSHSHIRni rasmiylashtirgan IT Park rezident kompaniyalarida ishlovchi xorijiy mutaxassislar endi onlayn tarzda bank hisobvaraqlari va virtual bank kartalarini ochishlari mumkin;
  • imzo namunalari elektron shaklda qabul qilinadi qog‘oz hujjatlarni topshirish endi talab etilmaydi;
  • ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobni faollashtirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq raqamli tarzda amalga oshiriladi.

Kiritilgan o‘zgartirishlar IT Park rezidentlariga ko‘rsatiladigan bank xizmatlarini yanada moslashuvchan, zamonaviy va qulay qiladi, hisob ochish va ish haqi to‘lash jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi, shuningdek, ma’muriy to‘siqlarni kamaytiradi.

Ushbu qaror xorijiy mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratadi va O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar hamda IT-autsorsing global markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

2025-11-18