IT Park rezidentlari Classera xalqaro platformasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar

IT Park direktori o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov Saudiya Arabistonida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Safar doirasida 18 avgust kuni Jidda shahrida Classera ofisiga tashrif buyurilib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, so‘nggi paytlarda IT Park tomonidan amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyihalar haqida so’zlab berildi.

“Classera” vakillari IT-Park rezidentlari uchun platformadan bepul foydalanishni ta’minlash orqali O‘zbekistonda elektron ta’lim bozorini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Shu bilan birga, kompaniya O‘zbekiston tashkilotlari uchun platformadan foydalanish bo‘yicha treninglar o‘tkazishni ham o‘z zimmasiga oladi.

Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar texnologik startaplarga ularning rivojlanishida yordam berishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Ma'lumot uchun: “Classera” MENA mintaqasidagi eng yirik edtech kompaniyalaridan biridir. 2011-yilda tashkil etilgan kompaniyaning Saudiya Arabistoni, Misr va AQShda vakolatxonalari mavjud.  Kompaniya raqamli ta'lim sohasida xizmatlar ko'rsatadi. Uning 2021-yildagi aylanmasi 17 million dollarni tashkil etdi.

“Classera” ko'plab yirik kompaniyalar, jumladan HP, Microsoft, Udemy va boshqa ko'plab kompaniyalarning hamkoridir. Bundan tashqari, 2021 yilda Microsoft ularni dunyodagi ta'lim texnologiyalari sohasida eng yaxshi kompaniya deb tan oldi.

2022-08-19