IT Park rezidentlari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taqdirlandilar

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator ishbilarmon doiralar vakillari taqdirlandi. Jumladan, IT-Park rezidentlari ham taqdirlanganlar orasida alohida qayd etildi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantirish, shart-sharoitlardan samarali foydalangan holda respublikamizning iqtisodiy va eksport salohiyatini yuksaltirish, tashabbuskorlik, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi farovonligi, bilim va tajribasini oshirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan “Astrum” IT Akademiyasi asoschisi Arifjanov Botir Zukurovich taqdirlandi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan IT Park rezident kompaniyasi – “Tassvision” MChJ rahbari Umrzoqov Shahzod Baxtiyor o‘g‘lining mehnati alohida ta’kidlandi.

Shahzod Umrzoqov iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni joriy etish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga qo‘shgan hissasi hamda biznes va ijtimoiy faoliyatdagi yutuqlari uchun “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

IT Park hamkasblarni chin dildan tabriklab, muvaffaqiyatlari bardavom bo‘lishini, yangidan-yangi martaba cho'qqilarini zabt etishlarini tilab qoladi!

2022-08-22