IT Park Silikon vodiysi bilan aloqalarni mustahkamlamoqda: San-Fransiskodagi strategik uchrashuvlar

IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov rahbarligidagi delegatsiya San-Fransiskoga ishbilarmonlik tashrifini yakunladi. Tashrif dasturi “Unlocking Central Asia: Opportunities for IT Outsourcing and Startup Development” tadbirini va San-Fransiskodagi yetakchi kompaniya hamda tashkilotlar bilan bir qator uchrashuvlarni o‘z ichiga qamrab oldi.

Unlocking Central Asia: Opportunities for IT Outsourcing and Startup Development

“TechCrunch Disrupt 2024” global konferensiyasi doirasida IT Park Uzbekistan, “Astana Hub” va “Silkroad Innovation Hub” tomonidan tashkil etilgan “Unlocking Central Asia: Opportunities for IT Outsourcing and Startup Development” konferensiyasi AQSh IT-sanoati vakillarini Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan mintaqasi va startap ekotizimini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtiruvchi muhim platformaga aylandi. Konferensiyada Markaziy Yevroosiyo hamjamiyati, xorijiy kompaniyalar, venchur fondlar, shuningdek, boshqa manfaatdor tashkilotlarning 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Investorlar mintaqadagi startaplar haqida ma’lumot olish, IT-kompaniyalar va tadbirkorlar esa bozorning yetakchi ishtirokchilari bilan autsorsing istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastur IT Park Uzbekistan, “Astana Hub”, “Accelerate Prosperity” haqidagi taqdimotlarni, panel muhokamasini, IT Park Uzbekistan, “Astana Hub” va mintaqaviy startaplar bilan B2B uchrashuvlarini, shuningdek, barcha ishtirokchilarga aloqalar o‘rnatish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini beruvchi netvorking sessiyasini o‘z ichiga oldi.

“Silkroad Innovation Hub” bosh direktori va hammuassisi Asset Abdualiyev tabrik so‘zi bilan chiqdi. U mintaqa texnologik ekotizimini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan faol hamkorlik qilish zarurligini ta’kidladi.

IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan startaplar ekotizimiga bag‘ishlangan taqdimot bilan chiqish qildi. “Markaziy Osiyo davlatlari sinergiyaga intilishi va mintaqani birgalikda rivojlantirishi lozim, — deya ta’kidladi u. — IT Park va “Astana Hub” tomonidan tashkil etilgan “Central Asian Innovation Hubs” alyansini bunday hamkorlikning ajoyib namunasi deb hisoblash mumkin. Bu kabi yaqin sheriklik tufayli Markaziy Osiyo mintaqasidan 16 ta startap Silikon vodiysida o‘z loyihalarini namoyish etish va potensial hamkorlar hamda investorlarning e’tiborini jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi”.

Konferensiya davomida spikerlar, shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi fikrlarini bayon qildilar va ekotizimni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha yo‘nalishlarni belgilab berdilar. Mintaqalararo va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, bunda “Central Asian Innovation Hubs” kabi tashabbuslar Markaziy Osiyo startaplarining jahon bozorlari va innovatsion resurslarga kirishini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

TechCrunch Disrupt 2024

Kaliforniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi IT Park jamoasi va 8 ta startap bilan birgalikda “Central Asian Innovation Hubs” brendi ostida “TechCrunch Disrupt 2024” tadbirida qatnashdi.

Birinchi kuni startaplar tadbir ishtirokchilariga o‘z mahsulotlarini taqdim etib, ko‘rgazmada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. O‘zbekistonni “Uzum”, “Uzinfocom”, “Datagaze”, “Geomotive”, “Smartup”, “Point AI”, “Billz” va “Call 24” kompaniyalari taqdim etdi.

“TechCrunch Disrupt 2024” konferensiyasining ikkinchi va uchinchi kunlarida “Uzum”, “Uzinfocom”, “Datagaze”, “Geomotive”, “Smartup”, “Point AI”, “Billz” va “Call 24” startaplari “Pitch Session” sahnasida o‘z innovatsiyalarini namoyish etdilar. Asoschilari konferensiya qatnashchilari va potensial investorlarga o‘zlarining innovatsion mahsulot va xizmatlarini ko‘rsatib, Markaziy Osiyoning yangi istiqbolli texnologik bozor sifatida tez shakllanayotganini ta’kidladilar.

Alchemist Accelerator

“Alchemist Accelerator” bilan uchrashuv AQSh bozoriga chiqish uchun “AlchemistX & Silicon Valley Residency Program” akseleratsiya dasturini ishga tushirish to‘g‘risidagi memorandumni imzolash bilan yakunlandi. Dastur “Alchemist Accelerator”, “Silkroad Innovation Hub” va “Astana Hub” bilan hamkorlikda “Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi doirasida 2025-yil iyun oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Direktor Ravi Belani startap va venchur ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Bu rejaga ko‘ra, IT Park 2025-yilda “Alchemist” yordamida o‘zbekistonlik startaplarga MENA bozoriga chiqishda ko‘maklashadi.

“Alchemist Accelerator” — korporativ IT-yechimlarini ishlab chiquvchi startaplar uchun yetakchi akselerator hisoblanadi. 2012-yilda tashkil etilganidan buyon 600 dan ortiq startap dasturdan o‘tib, “Fortune 500” ro‘yxatidagi venchur kapital va hamkorlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Network VC bilan memorandum

Ijrochi direktor Abdulahad Kuchkarovning “Network VC” vakillari bilan uchrashuvi natijasida O‘zbekistonlik startaplarni rivojlantirish va ilgari surish bo‘yicha hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi. IT Park Uzbekistan mamlakat texnologik sanoatining yetakchi kuchi sifatida IT-biznes va ofshor autsorsing o‘sishi uchun qulay sharoitlarni, jumladan, 0% soliq imtiyozlari va kompaniyani ishga tushirishda to‘liq qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi. Kelishuv doirasida yirik xorijiy investorlar va venchur fondlarini jalb etgan holda har uch oyda pitching sessiyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa yosh IT-kompaniyalarga sarmoya va yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.

Dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt va SaaS sohalariga ixtisoslashgan va “seed” hamda erta o‘sish bosqichidagi kompaniyalarga sarmoya kiritadigan “Network VC” xalqaro investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlik nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Yevrosiyoda startap ekotizimining rivojlanishiga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu hamkorlik tadbirkorlik faolligini oshiradi, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va mintaqadagi startaplarning o‘sishi uchun zarur kapitalni jalb qiladi.

“Network VC” — startaplarni dastlabki bosqichlarda qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro investitsiya kompaniyasi. U akseleratsiya dasturlarini taklif qiladi va dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt va SaaS kabi sohalarda startaplar uchun platformalar yaratadi, ularga global bozorlar va sarmoyalarga kirish imkoniyatini beradi.

Stealth

25-oktyabr kuni “Stealth” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda hammuassis va innovatsiyalar bo‘yicha bosh direktor Denni Danishev IT Park vakillari bilan IT-autsorsing istiqbollari va O‘zbekistonda ofis ochishning afzalliklarini muhokama qildi. Asosiy e’tibor yuqori malakali kadrlar, texnologik infratuzilma va “Zero-Risk” hamda “One-Stop-Shop” kabi davlat qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan foydalanish imkoniyatlariga qaratildi. “Stealth” mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.

“Stealth” ma’lumotlarni saqlashda maxfiylik, xavfsizlik va muvofiqlikni ta’minlash uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, “SharePoint”, “OneDrive” va boshqa platformalar uchun yechimlar taklif qiladi.

 

EffectiveSoft

O‘sha kuni delegatsiya “EffectiveSoft” kompaniyasi bilan uchrashdi. Unda biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Vlad Lenskiy dasturiy ta’minot sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha g‘oyalarni taqdim etdi. Muzokaralar doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarish markazini tashkil etish, IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun qo‘shma ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, kompaniya faoliyatini kengaytirish uchun soliq imtiyozlari va rag‘batlantirish choralari muhokama qilindi.

“EffectiveSoft” — sog‘liqni saqlash, moliya, elektron tijorat va mobil ilovalar kabi sohalarda dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya bo‘lib, uning bosh ofisi Kaliforniyaning San-Diego shahrida joylashgan.

Silicon Valley in Your Pocket

Tashrif dasturi doirasida “Silicon Valley in Your Pocket” bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Hammuassis Jeff Uolles mintaqadagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, ta’sischilarga o‘z mahsulotlarini rivojlantirishda yordam berish usullari, jumladan, to‘g‘ri taqdimot, sotish va investitsiyalarni jalb qilish ko‘nikmalarini o‘rgatish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Silicon Valley in Your Pocket” — startaplarga Silikon vodiysining ekspert bilimlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi va tadbirkorlarga global miqyosda o‘z loyihalarini ishlab chiqish hamda ilgari surishda ko‘maklashadigan platforma hisoblanadi.

Adviad

Tashrif davomida reklamada sun’iy intellektdan foydalanishga ixtisoslashgan “Adviad” kompaniyasi bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjonda tashkil etilgan va AQShda ofisi mavjud bo‘lgan ushbu kompaniyaning bosh direktori va hammuassisi Rasim hamda yana bir hammuassis Geray Yusifov O‘zbekistonda ofis ochish rejalarini muhokama qildilar. “Adviad” allaqachon Markaziy Osiyoda mijozlarga ega bo‘lib, kompaniyaning umumiy daromadi 1,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Kelishuvlar doirasida kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish rejalarini tasdiqladi va o‘z daromadining bir qismini yangi bo‘linmani rivojlantirishga yo‘naltirishni ma’lum qildi.

“Adviad” — reklama kampaniyalarini yaratish va optimallashtirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan reklama kompaniyasidir. Kompaniya Markaziy Osiyoda mijozlar bazasini faol kengaytirmoqda va yangi bozorlarga chiqishni rejalashtirmoqda.

StartX

Tashrif doirasida IT Park delegatsiyasi “StartX” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, startaplarga mentorlik va AQSh bozoriga chiqishda asoschilarga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. “StartX” bilan hamkorlik o‘zbekistonlik startaplarga global kengayishga tayyorgarlik ko‘rish va investitsiyalarni jalb qilishda yordam berishga, shuningdek, xalqaro bozorlarga muvaffaqiyatli chiqish uchun zarur resurslar va ekspert bilimlarini taqdim etishga qaratiladi.

“StartX” — Stenford universiteti bilan bog‘liq yetakchi startap akseleratori bo‘lib, mentorlik, sarmoyadan foydalanish imkoniyati va noyob ta’lim dasturlari orqali asoschilar va startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Draper universiteti

“Draper University” bilan muzokaralarda “Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi doirasida o‘zbek startaplarining “Hero Training” kabi ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Draper University” — 2012-yilda tashkil etilgan yetakchi ta’lim markazi bo‘lib, yetakchilik qobiliyatlari va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan tadbirkorlik dasturlariga ixtisoslashgan.

R136 Ventures

Tashrif yakunida, 29-oktyabr kuni IT Park delegatsiyasi “R136 Ventures” kompaniyasi bilan uchrashdi. Ta’sischi va boshqaruvchi hamkor Viktor Orlovskiy O‘zbekistonda fintech (moliyaviy texnologiyalar) va sun’iy intellekt sohasidagi startaplarga sarmoya kiritish imkoniyatlari, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi. Venchur investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va strategik sheriklik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

“R136 Ventures” — 2015-yilda tashkil etilgan, moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalarga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan venchur fondi bo‘lib, portfeli 420 million dollarni tashkil etadi

PASHA Holding

Abdulahad Kuchkarov “PASHA Holding” kompaniyasining innovatsiyalar bo‘yicha rahbari Farrux Aliyev bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida Markaziy Yevroosiyo bozoridagi venchur investitsiyalari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

2006-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida asos solingan “PASHA Holding” bank va moliya, sug‘urta, axborot texnologiyalari, chakana savdo va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yirik investitsiya xoldingi hisoblanadi. Xolding o‘zining samarali boshqaruv, korporativ boshqaruv va strategik investitsiyalarga bo‘lgan yondashuvi bilan tanilgan.

IT Park Uzbekistan Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish va texnologik taraqqiyotga hissa qo‘shadigan aloqalarni o‘rnatish orqali xalqaro maydonda o‘z mavqeyini faol mustahkamlab bormoqda. San-Fransiskodagi ushbu uchrashuvlar hamkorlik, xalqaro tashabbuslar hamda O‘zbekiston va butun mintaqa texnologiya sektorini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

 

 

2024-11-02