IT Park Turkmanistondagi panel muhokamasida startaplarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro dasturini taqdim etdi

Ashxobodda sifat, sertifikatlashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalariga bag‘ishlangan “Turkmanistonda xalqaro standartlarga muvofiq sifatni ta’minlash” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman davlat tuzilmalari, tadbirkorlik va xalqaro tashkilotlar vakillarini sifatni boshqarish, raqamlashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish uchun bir joyga to‘pladi.

AQSh, Buyuk Britaniya, Misr va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan xalqaro mutaxassislar ishtirokidagi “Standards for IT & Start-Ups” panel sessiyasida IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan ishlash bo‘limi rahbari Umidjon Toshmamatov va “IT Park Ventures” direktor o‘rinbosari Dalerxon Nodirov O‘zbekistonning xalqaro IT-kompaniyalar va startaplarga taklif etayotgan imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar, shuningdek, mamlakatning texnologik ekotizimini rivojlantirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.

Bundan tashqari, Ashxobodga tashrif doirasida IT Park vakillari “MCT Agency” bilan hamkorlikda Turkmanistonning startaplari, IT-mutaxassislari va yosh innovatorlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbir “Startup Academy” ta’lim tashabbusi doirasida tashkil etildi va xalqaro muloqotni kengaytirish, tajriba almashish hamda mintaqadagi texnologik loyihalar uchun imkoniyatlarni rivojlantirishga qaratilgan edi.

“Startup Academy” Turkmanistondagi faoliyat yuritayotgan startaplarni birlashtirdi. Ularga IT Park Uzbekistan ekotizimida ishtirok etish shartlari, jumladan, xalqaro bozorlarga chiqish va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi texnologik hamkorlik yo‘nalishlari va yagona innovatsion makonni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

2025-05-06