IT Park University birinchi bitiruvchilarini tayyorladi: 80% allaqachon O‘zbekiston IT-kompaniyalarida ishlamoqda

“IT Park University” talabalarining birinchi bitiruv marosimi IT Park Uzbekistan’da bo‘lib o‘tdi — bu universitet tarixida yangi sahifani boshlab bergan voqea bo‘ldi. Ushbu kun nafaqat tahsilni yakunlash, balki “ITPU” asosidagi g‘oyalar — amaliy yo‘nalish, jasorat va o‘zgarishlarga tayyorlik — haqiqatan ham samarali ekanligini tasdiqladi. 75 nafar bitiruvchining 80 foizdan ortig‘i “EPAM”, IT Park Uzbekistan, “TBC Bank Uzbekistan”, “Payme”, “Alif” va “Beeline” kabi kompaniyalardan ish takliflarini oldi.   

“IT Park University” 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, birinchi kundan e’tiboran yangi IT-kadrlarni tayyorlash bo‘yicha muhim platformalardan biriga aylangandi. Universitet gibrid ta’lim modeli asosida faoliyat yuritadi: darslar ingliz tilida olib boriladi, amaliyot va haqiqiy loyihalarga e’tibor qaratiladi. Oliy o‘quv yurtida dasturiy injiniring va kiberxavfsizlikdan tortib DevOps, sun’iy intellekt va IT-loyihalarni boshqarishgacha bo‘lgan talab yuqori yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari mavjud. “EPAM” bilan hamkorlik talabalarga kompaniyaning Yevropadagi ofislarida amaliyot o‘tash imkonini beradi. Qabulning birinchi yilida 248 kishi talaba bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda 409 nafar talaba tahsil olmoqda.

Tantanali ochilish

Diplom topshirish marosimida Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, “EPAM Uzbekistan” vakillari hamda universitet professor-o‘qituvchilari va bitiruvchilarning oila a’zolari ishtirok etdi. Universitet rahbarlari, murabbiylari va talabalar universitetning tashkil topishi hamda dastlabki natijalari haqida — nafaqat raqamlar, balki shaxsiy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan ham fikr-mulohazalar bildirishdi.  

Tadbirni vazirning birinchi o‘rinbosari Rustam Karimjonov kirish so‘zi bilan ochib:

“Atigi ikki yil oldin boshlangan tashabbus allaqachon o‘z samarasini berayotganini ko‘rib turibmiz. “IT Park University” bitiruvchilarining 80 foizdan ortig‘i mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalarida ishlamoqda. Bu biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotganimiz — ta’lim sanoat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan va natijaga yo‘naltirilgan ekotizimni shakllantirayotganimizning yorqin isboti,” — deya ta’kidladi.  

“EPAM Global Education” rahbari Dmitriy Yarmak ta’limni yakunlash — muhim bosqich ekani va kelajak mutaxassislari shakllanayotgan muhit uchun IT Park University’ga minnatdorlik bildirdi. Mutlaqo yangi universitetga ishonch bildirgan ota-onalar va talabalarga alohida minnatdorchilik izhor etdi.

Shuningdek, marosim doirasida “EPAM” prezidenti va kuzatuv kengashi raisi Arkadiy Dobkinning videomurojaati namoyish etildi. Unda u “ITPU” endi shunchaki universitet emas, balki O‘zbekistonning raqamli kelajagiga ta’sir qiluvchi muassasa ekanligini qayd etdi.

“Bitiruvchilarning 60 foizi allaqachon ish bilan ta’minlangan, ko‘pchiligi EPAM’da faoliyat yuritmoqda,” — dedi u. U bitiruvchilarni hamjamiyatning bir qismi bo‘lib qolishga, O‘zbekistonning raqamli maydonini yaratish va rivojlantirishni davom ettirishga chaqirdi hamda ularga umumiy tarixning bir qismiga aylanganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Diplom topshirish marosimi

Diplomlarni topshirish marosimi taklif etilgan ma’ruzachilarning nutqlari bilan davom etdi:

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov ushbu lahzaning butun mamlakat uchun ahamiyatini ta’kidladi:

“Har biringizga olqishlar bo‘lsin — juda ulkan ishni amalga oshirdingiz. Bu esa porloq kelajakning boshlanishi, xolos. Bularning barchasi Prezidentimizning kuchli rahbarligi tufayli amalga oshdi. Biz boshidanoq tushungan edik: ta’limga sarmoya kiritmasdan turib, 5 milliard dollarlik eksport kabi ulkan maqsadlarga erishish imkonsiz. Haqiqiy natija talabalar birinchi kundan real loyihalar ustida ishlay boshlaganlarida yuzaga keladi,” — dedi u.

“IT Park University” direktori Bohodir Ayupov ta’limga amaliy yondashuvning muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “IT Park University”ni ishga tushirish dastlab “loyiha emas, balki missiya” sifatida rejalashtirilgan edi:

“Biz shunchaki oddiy ta’lim muassasasi emas, balki to‘g‘ri universitet yaratmoqchi edik — bu yerda o‘qituvchilar nafaqat nazariyachilar, balki har kuni haqiqiy muammolarni hal qiladigan muhandislar, arxitektorlar, dizaynerlar bo‘lishi kerak edi.” Shuningdek, u bitiruvchilarning muvaffaqiyati dadil g‘oyalar — ularga ishonilganda — ish berishini isbotlaganini qo‘shimcha qildi.

“EPAM Uzbekistan” bosh direktori Renat Axtyamov bitiruvchilarga doimiy rivojlanish muhimligini eslatib o‘tdi:

“IT dunyosi har hafta, har kuni o‘zgarib bormoqda. Talabgir bo‘lish uchun doimo o‘rganish zarur. Ana shu o‘sish va moslashish salohiyatingiz — kelajakdagi muvaffaqiyatingizni belgilaydi.”

Maxsus mukofot va e’tiroflar

Maxsus mukofotlar nafaqat ta’limda, balki kampus hayotida, yetakchilik va ijtimoiy tashabbuslarda o‘zini ko‘rsatgan talabalarga topshirildi. “Bridge Builder Award” va “Student Leadership & Sustainability Award” Roman Kolesov va Sarvar Ilyosovga berildi.

“IT Park University Spirit Award” va “Campus Life Contributor Award” mukofotlari bilan Ziyodullo Bayxanov va Ruxshona Bobojonova taqdirlandi. “Social Impact through Innovation Award” Diyora Dadajonovaga topshirildi.

Talabalar nomidan birinchi bosqich bitiruvchisi Roman Kolesov so‘zga chiqib, shaxsiy taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va o‘qish davrida talabalar nafaqat professional bilimlar, balki jamoada ishlash, yetakchilik va moslashuvchanlik bo‘yicha muhim ko‘nikmalarni ham egallaganliklarini ta’kidladi.

Eng yaxshi talabalar uchun grantlar

O‘qish yakunlari bo‘yicha 10 nafar eng yaxshi talabaga grantlar topshirildi — bu nafaqat ularning bilimlarini, balki talabalar jamoasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini ham e’tirof etishdir.

Agar talaba sessiyani a’lo baholarda yakunlasa, uning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi.

Final va muhit

Marosim yakunida barcha bitiruvchilar sahnaga chiqib, an’anaga muvofiq akademik qalpoqchalarini havoga otishdi.

ITPU arizalarni qabul qilmoqda

2024-yilda boshlangan magistratura dasturi yechimlar arxitekturasi, bulutli texnologiyalar va DevOps, ma’lumotlar muhandisligi hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. 2025-yilda ularga IT-loyihalarni boshqarish va axborot xavfsizligi bo‘yicha dasturlar qo‘shildi.

Oliy o‘quv yurti faoliyatining birinchi yilidan boshlab talabalarga xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi: amaliyot Polsha, Litva, Latviya, Ispaniya va Gruziyadagi “EPAM” ofislarida o‘tkaziladi. O‘qituvchilar tarkibida 50 dan ortiq mutaxassis bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ayni paytda IT-kompaniyalarda faoliyat yuritmoqda — bu esa ta’limning sanoat talablari bilan bevosita bog‘liqligini ta’minlaydi.  

Bakalavriat va magistratura dasturlariga 2025-yil 18-sentyabrgacha quyidagi havola orqali ariza topshirishingiz mumkin: https://itpu.uz/uz

Ilk bitiruvchilarning tayyorlanishi O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. “IT Park University” mamlakatda amaliyotga yo‘naltirilgan, xalqaro ruhdagi va jadal rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga maksimal darajada moslashgan yangi avlod ta’lim muassasasini yaratish mumkinligini isbotladi.

2025-07-31