Xizmatlar eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “AIM Congress” bosh direktori Valid Fargal bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va “AIM Congress” o‘rtasida startaplarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan memorandumni imzoladilar.
“AIM Congress” (Annual Investment Meeting) — butun dunyo bo‘ylab hukumat rahbarlari, siyosatchilar, investorlar va innovatorlarni birlashtiruvchi yetakchi global investitsiya platformasidir. “AIM Congress” mamlakatlar va xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi hamkorlikka ko‘maklashib, global rivojlanishga hissa qo‘shadigan bilim almashish, aloqalar o‘rnatish va hamkorlik qilish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar texnologik startaplarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni, jumladan mentorlik dasturlari, moliyalashtirish va o‘quv seminarlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar. IT Park Uzbekistan va “AIM Congress” o‘rtasidagi hamkorlikdagi faoliyatlar qatorida mahalliy va xalqaro investorlarni O‘zbekistonning o‘sib borayotgan startap ekotizimiga jalb qilish, innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sish uchun imkoniyatlar yaratish ustida ishlash ko‘zda tutilgan.
Memorandum doirasida hamkorlar birgalikda tashkil etiladigan tadbirlarda bir-birining hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishga kelishib oldilar. Targ‘ibot tadbirlar platformalari va ijtimoiy tarmoqlarda logotiplar va marketing materiallarini joylashtirgan holda amalga oshiriladi. Birgalikdagi faoliyatning asosiy yo‘nalishi O‘zbekistonning rivojlanayotgan startap ekotizimini jahon maydonida ilgari surish, o‘zbekistonlik startaplarning “AIM Congress”da ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shu orqali investitsiya imkoniyatlari uchun yo‘l ochishdan iborat bo‘ladi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston uchun yangi istiqbollar ochadigan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini yaratadi. Global hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion amaliyotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda IT sohasining jadal o‘sishi, uning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
2024-11-19