IT Park Uzbekistan AQShga tashrifi doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

AQShga rasmiy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov va “IT Park Ventures” venchur fondi direktori Azamat Karamatov boshchiligidagi delegatsiya global innovatsion ekotizimning yetakchi vakillari — Massachusets texnologiya instituti (MIT), “MassChallenge” akseleratori, “CIC” innovatsiya markazi, “2080 Ventures” xalqaro konsalting guruhi, “Kanda Software” va “100 Open Startups” kompaniyalari bilan bir qator strategik ahamiyatga ega uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ekspertlar bilan uchrashuvlar

Tashrifning muhim jihatlaridan biri MIT qoshidagi “Legatum” markazi, “MIT Sloan School of Management” vakili, shuningdek, bir qator xalqaro startaplar asoschisi Doktor Muhammad Aburaviy bilan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuv davomida tajriba almashish usullari, qo‘shma tanlovlar o‘tkazish va “MIT” ishtirokida o‘zbek startaplarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida “MIT Sandbox Innovation Fund” dasturining ijrochi direktori Doktor Jinane Abunadi bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Mazkur dastur Massachusets texnologiya institutining (MIT) talabalar startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbusi bo‘lib, har yili 1000 dan ortiq talabalarga boshlang‘ich moliyalashtirish, mentorlik tarmog‘i va ekspertlar ekotizimiga kirish imkoniyatini taqdim etish orqali o‘z g‘oyalarini to‘laqonli biznes loyihalariga aylantirishga yordam beradi.

Uchrashuv davomida “MIT Sandbox” va IT Park Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, o‘zbek jamoalarining “MIT” dasturlarida ishtirok etish imkoniyati, O‘zbekistonni texnologik tadbirkorlik uchun yangi jozibador markaz sifatida targ‘ib qilish, shuningdek, akademik va korporativ tashabbuslarni innovatsion infratuzilmaga integratsiya qilish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, “MIT Kuo Sharper Center” rezidenti va Silikon vodiysi texnologiya sektorining sobiq bosh direktori hamda investori Andrea Keyts bilan uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekistonning davlat va korporativ tuzilmalariga innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish rejalarini muhokama qildilar. Taklif etilgan tashabbuslar qatoriga rahbarlarni agile-strategiyalar bo‘yicha o‘qitish, raqamli transformatsiya sohasidagi pilot loyihalar, mentorlik va startaplarni diagnostika qilish mexanizmlari kiradi.


 

MassChallenge

Akseleratsiya kun tartibi ham qo‘shimcha turtki oldi: IT Park eng nufuzli global akseleratorlardan biri — “MassChallenge” bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Muzokaralar o‘zbek startaplarining xalqaro dasturlarda ishtiroki, venchur investitsiyalaridan foydalanish imkoniyati va akselerator vakillarini 2025-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga taklif qilish masalalarini qamrab oldi.

Cambridge Innovation Center (CIC)

Katta qiziqish uyg‘otgan yo‘nalishlardan biri — innovatsion makonlar operatorlari hisoblangan “Cambridge Innovation Center” (CIC) tajribasi bo‘ldi. Markaz bitiruvchilari orasida “Android” va “HubSpot” kabi global kompaniyalar mavjud. Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda “Venture Café” formatini joriy etish, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi muntazam uchrashuvlarni tashkil etish hamda startaplar uchun moslashuvchan maydonlar yaratish masalalari muhokama qilindi.  

2080 Ventures

“2080 Ventures” bilan imzolangan memorandum o‘zbek loyihalarining xalqaro bozorga chiqishi uchun alohida ahamiyatga ega. Mazkur hujjat transchegaraviy akseleratorni ishga tushirish, startaplarni “Y Combinator” va “Techstars” kabi yetakchi dasturlarda ishtirok etishga tayyorlash, shuningdek, startaplar va global korporatsiyalar o‘rtasida strategik aloqalar o‘rnatishni nazarda tutadi.

Kanda Software

Tashrifning yakuniy nuqtasi sifatida AQSHning “Kanda Software” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda vakolatxona ochish masalasi yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. “Fortune 500” kompaniyalari uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan kompaniya IT Park tomonidan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va malakali kadrlar salohiyatiga yuqori qiziqish bildirdi.

100 Open Startups

O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro dastur doirasida Lotin Amerikasidagi eng yirik ochiq innovatsiyalar platformasi — “100 Open Startups” asoschisi va bosh direktori Bruno Rondani bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zbek startaplari uchun platformaning korporativ tarmog‘iga kirish imkoniyatini taqdim etish, ularning Braziliyada o‘tadigan yillik “100 Open Startups” sessiyasida ishtirok etishini ta’minlash hamda shunga o‘xshash tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Global muvaffaqiyat sari yo‘l: O‘zbekiston — jahon innovatsion tarmog‘ining bir qismi

Tashrif yakunlari IT Park Uzbekistan’ning global innovatsion iqtisodiyotga integratsiyalashuv yo‘liga qat’iy harakatlarini tasdiqlaydi. Xalqaro tajriba va investitsiyalarni jalb qilishdan tortib, startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratishgacha — barcha tashabbuslar barqaror, raqobatbardosh va ochiq ekotizimni shakllantirishga qaratilgan. “MIT”, “MassChallenge”, “CIC” va “2080 Ventures” kabi hamkorlarning jalb etilishi nafaqat O‘zbekiston biznes muhitining transformatsiyasini jadallashtiradi, balki mamlakatni texnologiyalar va tadbirkorlik sohasida mintaqaviy yetakchi sifatida namoyon etadi.   

2025-05-05