IT Park Uzbekistan davlat organlarining kadrlar bo‘linmalari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda

2025-yil 17-dekabr kuni IT Park Uzbekistan’da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Boshqaruv samaradorligini oshirish agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz vazirlik va idoralarining HR hamda kadrlar bo‘linmalari vakillari uchun tanishtiruv ekskursiyasi o‘tkazildi. Tadbir IT Park Uzbekistan’ning HR va xalqaro bo‘limlari tomonidan vazirliklarning tegishli bo‘linmalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tashrifdan maqsad IT Park Uzbekistan faoliyati, uning infratuzilmasi va mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi bilan tanishishdan iborat edi.

Delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Boshqaruv samaradorligini oshirish agentligi vakillari, shuningdek, respublika vazirlik va idoralarining HR hamda kadrlar bo‘yicha mutaxassislari kirdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun IT Park Uzbekistan faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha joriy tashabbuslarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. IT Park Uzbekistan vakillari rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislar uchun qulay muhit yaratish hamda davlat va korporativ darajalarda raqamli yechimlarni rivojlantirish haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Taqdimotdan so‘ng delegatsiya UZINFOCOM kompaniyasining ko‘rgazma zaliga tashrif buyurdi. U yerda ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan ekotizimi doirasida amalga oshirilayotgan mavjud raqamli mahsulotlar va loyihalar, shuningdek, davlat sektorida IT-yechimlarni joriy etish namunalari taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida ekskursiyaning yuqori saviyada tashkil etilgani, rejalashtirilgan barcha tadbirlar to‘liq amalga oshirilgani ta’kidlandi. Bunday tashriflar IT Park Uzbekistan va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, kadrlar bo‘linmalarining mamlakat raqamli ekotizimining imkoniyatlari va uning inson kapitalini rivojlantirish salohiyati to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.

2025-12-18