IT Park Uzbekistan delegatsiyasi hamda “Detecting AI”, “BRB Tech” va “Fleetroot” rezidentlari Ummon Sultonligining Maskat shahriga xizmat safari bilan tashrif buyurdilar. Dasturdan “Comex Technology Show 2025” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish va Ummonning yetakchi hamda xalqaro kompaniyalari bilan o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazish o‘rin oldi. Tashrif yakunida tomonlar memorandumlar imzoladilar, O‘zbekistonda yangi ofislar ochish, sinov loyihalarini ishga tushirish, qo‘shma ta’lim va akseleratsiya tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
COMEX Technology Show 2025 — Ummonning eng yirik texnologik ko‘rgazmasi bo‘lib, u 2025-yil 8–11-sentyabr kunlari Maskat shahrida o‘tkazildi. Tadbir davlat tuzilmalari, xalqaro korporatsiyalar, startaplar va investorlarni birlashtiradi hamda raqamli boshqaruv, fintech, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, o‘yin ishlab chiqish, health-tech va barqaror texnologiyalar sohasidagi eng so‘nggi yechimlarni namoyish etadi. Ko‘rgazma “Vision 2040” strategiyasini amalga oshirish va Ummonni mintaqaviy raqamli transformatsiya markaziga aylantirish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.
IT Park rezidentlari bo‘lgan “Detecting AI”, “BRB Tech” va “Fleetroot” startaplari sun’iy intellekt, raqamli xizmatlar va logistikani boshqarish sohalarida o‘z mahsulotlarini taqdim etdilar.
“Fleetroot” yetkazib berishni boshqarish va IoT bo‘yicha o‘z yechimlarini taqdim etdi, bu bir qator potensial mijozlarda qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya “Omantel” bilan uchrashuvlar o‘tkazib, kompaniyaning “Innovation Labs” akseleratsiya dasturi orqali hamkorlik taklifini oldi, shuningdek Fors ko‘rfazi mintaqasidagi eng yirik qurilish kompaniyasi uchun IoT-FMS tizimini joriy etishni ko‘rib chiqayotgan “Gulf Business Solutions” bilan ham muloqot o‘rnatdi. Bundan tashqari, Ummonning “The Famous Line” kabi logistika kompaniyalari, shuningdek, 1200 ta avtomobildan iborat parkka ega bo‘lgan eng yirik tezkor yetkazib berish xizmatlaridan birining egasi — Kiprning “Metaxas” startapi ham mahsulotga qiziqish bildirdi.
Fleetroot — IT Park rezidenti bo‘lgan startap, so‘nggi milya logistikasi, avtoparklar va buyurtmalarni boshqarish uchun SaaS-platformasini taqdim etadi. “Fleetroot” yechimlari kompaniyalarga marshrutlarni optimallashtirish va aktivlarni real vaqt rejimida kuzatishga yordam beradi, bu ayniqsa logistika operatorlari va chakana savdo uchun dolzarb hisoblanadi.
“Detecting-AI” o‘z mahsulotini ilk bor Ummonda namoyish etdi va xalqaro tashrif buyuruvchilar hamda mahalliy universitetlar vakillaridan ijobiy fikr-mulohazalar oldi. Ayniqsa, ta’lim muhitiga texnologiyalarni mahalliy darajada joriy etish imkoniyati alohida ta’kidlandi. Asosiy natija Ummonning yetakchi AI-kompaniyasi — “M-Tech.ai” bilan hamkorlikning boshlanishi bo‘ldi: tomonlar allaqachon mahsulotni mamlakat bozoriga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi shartnomani tayyorlamoqda.
Detecting AI — sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni aniqlash uchun mo‘ljallangan SaaS-platforma. Servis allaqachon butun dunyo bo‘ylab 250 mingdan ortiq foydalanuvchilarga, jumladan universitetlar va korxonalarga xizmat ko‘rsatmoqda hamda matnlar, audio va tasvirlarning haqiqiyligini tekshirishga yordam bermoqda. Startap o‘zini raqamli makonda ishonch ekotizimi sifatida taqdim etmoqda.
“BRB Tech” Ummonning yirik banklari — “Sohar International Bank”, “Ahli Bank” va “Bank of Muscat” tashkilotlariga “Kredit monitoringi” va “Biznes 24/7” platformalarini taqdim etdi. Yechimlar mahalliy moliya tizimiga integratsiyalashuv nuqtai nazaridan qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, kompaniya “PhazeRo” va “Al Jabr” kompaniyalari bilan uchrashib, mahsulotlarni bozorda ilgari surish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Oxirgi kuni “BRB Tech” vakillari Ummon bozoriga kirish uchun huquqiy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar oldi hamda “GITEX” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi.
BRB Tech — raqamli bank platformalari, super-ilovalar va sun’iy intellekt yechimlariga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi innovatsion IT-kompaniya. Kompaniya yetakchi banklar va moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli va xavfsiz raqamli ekotizimlarni joriy etmoqda.
Ummon startap va venchur ishtirokchilari bilan uchrashuvlar
Tashrif davomida IT Park vakillari Ummon innovatsiya bozorining yetakchi ishtirokchilari — “aljabr.co”, “Omantel Innovation Labs”, Transport, aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi (MTCIT), “Oman Startup Hub”, “Madaar”, “Phaze Ventures”, “Jasoor Ventures”, “Oman Investment Authority”, “Golden Gate Ventures” va “INFINIA” bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
aljabr.co: akseleratsiyaning yangi shakllari va hamkorlik dasturlari
2019-yilda Muhammad al-Vahaybiy va Fatma Bahvan tomonidan ta’sis etilgan Ummonning innovatsiyalarni rivojlantirish kompaniyasi — “Al Jabr” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Kompaniya startaplarni qo‘llab-quvvatlash va korporativ innovatsiyalarga ixtisoslashgan bo‘lib, preakseleratsiya, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini, shuningdek, moliyaviy va intellektual resurslardan foydalanish imkonini taklif etadi.
Tomonlar qo‘shma dasturlar, jumladan, bozorga chiqish uchun akseleratorlar va mentorlik tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Hamkorlikning tuzilmaviy formatini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Al Jabr” vakillari “ICT Week” tadbirida ishtirok etishlarini tasdiqladi.
Omantel Innovation Labs: O‘zbekiston ekotizimiga qiziqish
“Aloqa Ventures” bilan birgalikda “Omantel” kompaniyasining 5G, IoT, kiberxavfsizlik, Big Data, sun’iy intellekt va fintech sohalarida tadbirkorlikni rivojlantiruvchi innovatsion bo‘linmasi — “Omantel Innovation Labs” vakili Gada Al-Said bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Kompaniya o‘zining olti oylik asosiy akseleratori va portfelidagi to‘rtta startapni taqdim etdi. Muloqot davomida IT Park Uzbekistan yutuqlari va joriy dasturlari haqida ma’lumot berildi. “Omantel” kelajakdagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi va tajriba almashish hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni boshlashni muhokama qilishga tayyorligini qayd etdi.
MTCIT: mamlakatlar o‘rtasida startaplar almashinuvi
Ummon Transport, aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi (MTCIT) vakili Hamud al-Hamadon bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida startaplar almashinuvi istiqbollari muhokama qilindi. Birinchi qadam sifatida tomonlar tadbirkorlarning ikki mamlakat bozorlariga qiziqishini baholash uchun onlayn vebinarlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Oman Startup Hub: O‘zbekiston kompaniyalarining integratsiyasi
Tashrif doirasida startaplar, akseleratorlar, investorlar va homiylarni birlashtiruvchi “Oman Startup Hub” (OSH) milliy platformasi faoliyati taqdim etildi. Platforma allaqachon 160 dan ortiq startap va 47 ta hamkorni qo‘llab-quvvatlamoqda, shuningdek, Ummonning innovatsion ekotizimini rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
Phaze Ventures: BRB Tech startapiga qiziqish
Ummonning birinchi venchur fondi “Phaze Ventures” asoschisi Mas’ud Al-Ravahiy bilan uchrashuvda O‘zbekistonga investitsiya kiritish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar bozorni rivojlantirish bo‘yicha tajriba va ma’lumot almashdilar. Uchrashuv davomida fond O‘zbekistonning “BRB Tech” startapiga qiziqish bildirib, aloqani davom ettirishga kelishib oldi. Shuningdek, venchur fondi asoschisi “ICT Week” tadbirida ishtirok etishini tasdiqladi.
Oman Investment Authority: B2B startaplarga e’tibor
“Oman Investment Authority” vakili Ali Abdulhussayn bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi joriy loyihalar (jumladan, uzoman.uz tashabbusi) muhokama qilindi. Jamg‘arma vakili B2B startaplariga va istiqbolli yo‘nalishlarga sarmoya kiritishga alohida qiziqish borligini ta’kidladi.
Golden Gate Ventures: sun’iy intellekt va fintech sohasiga qiziqish
“Golden Gate Ventures” hamkori Maykl Lints bilan uchrashuv o‘tkazildi. U O‘zbekistonning yangi rivojlanayotgan bozor sifatidagi investitsion jozibadorligini ta’kidladi. Lints sun’iy intellekt, fintech, elektron tijorat va biotexnologiya sohasidagi startaplarga qiziqish bildirdi. Tomonlar “ICT Week” doirasida o‘zbek startaplari uchun maxsus pitching tashkil etishga kelishib oldilar.
Eksport va IT-autsorsing bo‘yicha uchrashuvlar
Shuningdek, eksport va IT-autsorsing sohasidagi kompaniya hamda tashkilotlar — “Gadoba”, “Novatelia”, “Global Computer Services”, “Oman Information Technology Society”, “Free Economic Zone of Oman”, “Cyber3S”, “Madayn”, “Project, Tenders and Local Content Authority”, “Knowledge Resources”, “Al Muheet Institute”, “DreamLab Technologies”, Ummon savdo-sanoat palatasi va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Gadoba: O‘zbekistonda ofis ochish
Tashrifning birinchi kunida delegatsiya “Gadoba” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi: kompaniya O‘zbekistonda ofis ochishi va IT-autsorsing sohasida faoliyat boshlashini e’lon qildi. Ofisning rasmiy ochilishi “ICT Week Uzbekistan” doirasida bo‘lib o‘tadi.
Novatelia: yangi ish o‘rinlari va IT-xizmatlar eksporti
“Novatelia” kompaniyasi asoschisi Muhammad Jon Majeedi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Kompaniya O‘zbekistonda faoliyat boshlashni, mutaxassislarni ishga olishni va IT-xizmatlar eksportiga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.
Oman Information Technology Society: qo‘shma tadbirlar va memorandum
Tomonlar Ummon bozoriga chiqishda O‘zbekiston kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va hamkorlik memorandumini imzolashga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirida ishtirok etishini tasdiqladi.
Free Economic Zone of Oman: O‘zbekiston kompaniyalari uchun yangi ofislar
“Free Economic Zone of Oman”da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston IT-kompaniyalarini mamlakatning erkin hududlarida joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ummon tomoni IT Park’ni “Oman Technology Park” bilan tanishtirishga va qo‘shma uchrashuvni tashkil etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Cyber3S: O‘zbekistonda tibbiy ilovaning ishga tushirilishi
Kompaniya asoschisi Ma’ruf Aminu sog‘liqni saqlash sohasidagi mobil ilovani taqdim etdi va sentyabr oyidayoq O‘zbekistonda kompaniya ochish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Madayn: Softlanding dasturi orqali startaplarni qo‘llab-quvvatlash
Ummon sanoat zonalarini boshqaruvchi tashkilot “Softlanding” dasturi doirasida O‘zbekiston kompaniyalari uchun ofislar va subsidiyalar taqdim etishga tayyorligini tasdiqladi.
Knowledge Resources va Al Muheet Institute: ta’lim loyihalari va yangi kompaniyalar
Kompaniyalar O‘zbekistonda IT-treninglar o‘tkazish, ikkita yangi kompaniya ochish va universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalarini ma’lum qildi.
IT Park delegatsiyasining Ummonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi: u “Comex Technology Show 2025” ko‘rgazmasida o‘zbek IT-yechimlarini taqdim etish bilan birgalikda, yangi xalqaro hamkorliklar uchun yo‘l ochdi. Ofislar tashkil etish, qo‘shma loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari to‘g‘risidagi kelishuvlar O‘zbekiston kompaniyalarining Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozoriga kirishi uchun sharoit yaratadi va O‘zbekistonning mintaqadagi jadal rivojlanayotgan IT-hab maqomini mustahkamlaydi
2025-09-16