IT Park Uzbekistan Fransiya-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikni muhokama qildi

IT Park Uzbekistan’da xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktor Mahliyo Muksinova ishtirokida Fransiya-O‘zbekiston savdo palatasi (CCIFO) raisi Joanna Golas boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqdilar, shuningdek, IT-xizmatlar eksporti sohasidagi hamkorlik istiqbollari, O‘zbekiston va Fransiya texnologiya kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, hamda mamlakat IT-ekotizimiga fransuz investorlarini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Muhokamaning asosiy mavzusi ikki mamlakat IT-kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, IT-xizmatlar eksportini ko‘paytirish imkoniyatlari, shuningdek, mahalliy IT-ekotizimga fransuz investorlarini jalb qilish masalalari bo‘ldi. Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan mamlakatimizda IT-biznesni yuritish shartlarini, jumladan rezidentlar uchun soliq va bojxona imtiyozlarini, texnologiya kompaniyalari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi dasturlarni, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdi. Xorijiy IT-kompaniyalarga O‘zbekistonda faoliyat yuritishning dastlabki bosqichida bepul ofis maydonlari va infratuzilmaviy yordam taklif etuvchi "Zero Risk" dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

Bu nima uchun muhim?

Fransiya-O‘zbekiston savdo palatasi (CCIFO) Fransiya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi muzokaralar, axborot almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun platforma hisoblanadi. Tashkilot davlat tuzilmalari bilan faol hamkorlik qiladi, tadbirkorlarga investorlarni topish va biznes tashabbuslarini ilgari surishda ko‘maklashadi. Fransiya-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlik Viva Technology Paris kabi fransuz texnologiya tadbirlarida ishtirok etish uchun imtiyozlar beradi.

Mahliyo Muksinova, IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori ta’kidladi:

“Fransiya IT-eksportni rivojlantirishda O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biridir. Biz, ayniqsa, IT-autsorsing va biznes xizmatlari sohasida hamkorlik uchun katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Mamlakatimizda Fransiya kompaniyalarining ochilishi yangi ish o‘rinlarini yaratadi va O‘zbekistonning global IT-hab sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi. Bu, o‘z navbatida, fransuz kompaniyalariga O‘zbekiston kadrlar zaxirasidan foydalanish va qulay biznes muhitida o‘z faoliyatini yangi bozorlarga kengaytirish imkonini beradi.”

IT Park Uzbekistan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish va ularning mamlakatda ishlashi uchun qulay muhit yaratish orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol ishlarini davom ettirmoqda. O‘zbekiston soliq imtiyozlari, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar va o‘sib borayotgan IT-mutaxassislar zaxirasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali mintaqadagi istiqbolli raqamli innovatsiyalar markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlamoqda. Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish IT-xizmatlar eksporti, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va mahalliy ekotizimga investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.

2025-02-18