IT Park Uzbekistan Toshkentdagi Amiti universiteti tomonidan tashkil etilgan Hisoblash fanlari sohasidagi texnologik yutuqlar bo‘yicha 4-xalqaro konferensiyada (ICTACS 2024) ishtirok etdi. Bu yilgi konferensiyaning mavzusi “Ilg‘or texnologiyalar yordamida sanoat va akademiya o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish” bo‘ldi. Tadbir axborot texnologiyalari va hisoblash fanlari sohasidagi dolzarb tendensiyalar va innovatsiyalarni muhokama qilish uchun ekspertlar, olimlar va soha yetakchilarini bir joyga to‘pladi.
“ICTACS 2024” tadbirining asosiy maqsadi sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish, katta ma’lumotlar, buyumlar interneti va kiberxavfsizlik kabi sohalardagi asosiy masalalarni muhokama qilish uchunolimlar, tadqiqotchilar va soha vakillarini birlashtirishdan iborat edi.
Konferensiyada IT Park Uzbekistan vakili sifatida Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova ishtirok etdi. U akademik soha va sanoat o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etishga bag‘ishlangan panel muhokamasida so‘zga chiqdi va o‘z nutqida eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarning ehtiyojlariga e’tibor qaratib, eng ko‘p talab qilinadigan ko‘nikmalarni ajratib ko‘rsatdi hamda talabalarni xalqaro bozorlarga chiqishga tayyorlash muhimligini ta’kidladi. Mahliyo Muksinova, shuningdek, IT Park’ning eksportchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan asosiy tashabbuslari, jumladan, universitetlar va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda startaplar uchun qulay sharoitlar yaratish haqida ma’lumot berdi.
Panel muhokamasida ta’lim muassasalari talabalarni haqiqiy kasbiy muammolarga tayyorlash uchun sanoat talablarini qanday yaxshiroq hisobga olishlari mumkinligi haqida faol fikr almashildi. Mahliyo Muksinova sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish va katta ma’lumotlar kabi ilg‘or sohalarda muvaffaqiyatli ishlash uchun nafaqat texnik bilimlarga, balki rivojlangan yumshoq ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Tadbir IT Park Uzbekistan’ning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va IT sohasida innovatsiyalarni joriy etishga bo‘lgan intilishini tasdiqladi. Ta’lim dasturlarini sanoat ehtiyojlariga moslashtirish orqali O‘zbekiston mamlakat IT-sektorini yangi bosqichga olib chiqish va jahon texnologiya bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga qodir yuqori malakali kadrlar salohiyatini shakllantirmoqda.
2024-11-16