IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish masalasini xalqaro ekspertlar bilan muhokama qildi
“Digital Startups Week” doirasida IT Park Uzbekistan’da O‘zbekiston innovatsion ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan “Raqamli startaplar” dasturi mexanizmlari qoidalari muhokama etildi.
Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park va “IT Park Ventures” vakillari, shuningdek, xorijlik ekspertlar — Viktoriya Ernandes, Meri Xelleranta, Pyotr Servin, Yeskender Amirxan, Kristofer Polikgeyt, Tojikistondagi venchur fondi asoschisi Ravshan Qurbonov, Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi raisi maslahatchisi Salar Imamaliyev hamda “KPMG” kompaniyasining konsalting, strategiya va operatsiyalar bo‘yicha direktori Yerke Assemova ishtirok etdilar.
Uchrashuv kun tartibi doirasida ishtirokchilar quyidagi masalalarni muhokama qildilar:
- xorijiy venchur fondlarining investitsiyalarini jalb etuvchi startap-loyihalarga investitsiya mablag‘larini ajratish tartibi;
- startap-loyihalarning intellektual faoliyat natijalarini va tovar belgilarini patentlash hamda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarini qoplash tartibi;
- yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish va tadbirkorlik, biznes hamda korporativ boshqaruv kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash mexanizmi;
- inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga murabbiylar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash mexanizmi to‘g‘risidagi nizomlarning jamoatchilik muhokamasini va ekspert muzokaralarini tashkil etish.
Xalqaro ekspertlar, shuningdek, startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan raqamli startaplar dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “Startap-loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-357-son qarori qoidalari bilan tanishdilar. Muhokamaga taqdim etilgan loyihalar jamoatchilik va ekspertlar guruhi tomonidan ko‘rib chiqildi, natijada loyihalar bo‘yicha takliflar va e’tirozlar to‘plandi.
Muhokama davomida mahalliy va xorijiy ekspertlardan iborat ishchi guruh taqdim etilib, ularning fikr-mulohazalari va tavsiyalari inobatga olindi. Yig‘ilish ishtirokchilari startaplar uchun shaffof va aniq qoidalarni belgilash maqsadida bunday muzokaralarning muhimligini ta’kidladilar.
Venchur kapitali amaliyoti va turli mamlakatlarning investitsiyalarni jalb qilish hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash tajribasi batafsil muhokama qilindi. Startaplar tomonidan investorlardan mablag‘larni turli shakllarda jalb qilish jarayonini va investitsiyalarni qabul qilish tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish hamda tizimni raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ekspert guruhi vakillari quyidagilarni tavsiya etdilar:
- Investitsiya mablag‘larini taqsimlash mexanizmini aniq va shaffof qilish. Bu investorlarning ishonchini oshiradi va ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
- Xarajatlarni qoplash tartibini soddalashtirish va unga asos bo‘ladigan mezonlarni ishlab chiqish. Bunda ilg‘or texnologiyalarga yo‘naltirilgan yoki global bozorga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan startaplarga ustuvorlik berish kerak.
- Xalqaro ekspertlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratish va murabbiylar hamda trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash. Bu mahalliy startap ekotizimini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
- Intellektual mulkni patentlash va ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarini qoplash jarayonini jadallashtirish uchun yagona elektron platforma yaratish.
- Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida foydalaniladigan moliyaviy yordam qamrovini kengaytirish. Xususan, inkubatsiya jarayonining dastlabki bosqichlaridagi startaplar uchun kreditlar emas, grantlar shaklida yordam berish maqsadga muvofiqdir.
- Kichik startaplar uchun patentlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalarni oshirish, chunki bu ular uchun katta xarajat hisoblanadi.
- Startaplarga texnologiyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha o‘qitish imkoniyatini ta’minlash.
- Mahalliy va xalqaro ekspertlarning o‘zaro hamkorligi uchun imkoniyat yaratib, murabbiylik xarajatlarini qoplash bo‘yicha Qozog‘iston tajribasini o‘rganish.
- Har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mintaqaviy startaplarni qo‘llab-quvvatlashning alohida dasturlarini yaratish.
- Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari samaradorligini oshirish uchun xalqaro hamkorlarni jalb qilish.
- IT sohasida yetakchi mamlakatlar bilan murabbiylik dasturlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish.
- Patentlash jarayonida sud jarayonlari va nizolar yuzaga kelganda startaplarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini nazarda tutish.
- Xorijiy startaplarni xarajatlarni qoplash dasturlariga jalb qilish orqali global ekotizim yaratish imkoniyatlarini o‘rganish.
- Patentlash jarayonlarida startaplarga xalqaro bozorlar uchun tavsiyalar berish.
- Investitsiya mablag‘larini xalqaro standartlarga muvofiq taqsimlashning audit tizimini joriy etish.
- Startaplar xarajatlarini ushbu startaplarning samaradorlik ko‘rsatkichlariga muvofiq qoplash.
- Venchur fondlarini qo‘llab-quvvatlash elementlarini joriy etish orqali ularga xorijiy startaplarga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ochib berish.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra, muhokamaga qo‘yilgan to‘rtta nizom loyihasiga tavsiyalar kiritish va ularni 2025-yil yanvar oyida Muvofiqlashtiruvchi kengashga tasdiqlash uchun taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shundan so‘ng, “Raqamli startaplar dasturi” amaliy joriy etish bosqichiga tayyor bo‘ladi. Bu esa belgilangan maqsadlarga erishish va O‘zbekiston startap ekotizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.