O‘zbekistonda 26–27-fevral kunlari Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “Offshore Outsourcing Conference” xalqaro anjumani o‘tkazilmoqda.
Tadbir O‘zbekistondan IT-xizmatlarini eksport qilish va global IT-autsorsing barqaror ekotizimini yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun 250 ta kompaniyadan 280 nafardan ortiq mehmonni, jumladan, xalqaro va mahalliy IT-korporatsiyalar vakillari hamda soha mutaxassislarini jamladi.
“Offshore Outsourcing Conference 2025” doirasida IT Park Uzbekistan vakillari xalqaro IT-kompaniyalar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Qodeca
IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlikni kengaytirishda davom etmoqda, bu safar Polshaning “Qodeca” kompaniyasi e’tiborini jalb qildi. Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktor Mahliyo Muksinova “Qodeca” kompaniyasining moliyaviy direktori va operatsion direktori Malgojata Vlodarskaya bilan muzokaralar olib bordi.
“Qodeca” vakillari “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirdilar. Uchrashuv davomida tomonlar bir qator texnik va huquqiy masalalarni muhokama qildilar. IT Park vakillari “Zero Risk” dasturining afzalliklari va IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun soliq imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
“Qodeca” bilan dastlabki tanishuv o‘tgan yilning noyabr oyida Polshada bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” (UOC) tadbirida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda kompaniya bosh direktori O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirgan edi.
28-fevral kuni “Qodeca” delegatsiyasi, jumladan, moliyaviy direktor va operatsion direktor Malgojata Vlodyarska, muhandislik bo‘limi boshlig‘i Tomash Xudobetskiy va HR-hamkori Magdalena Xabixt Samarqanddagi IT Park ofisiga tashrif buyuradi. Tashrifdan maqsad hamkorlik bo‘yicha tavsiyalarni batafsil muhokama qilish va mintaqada biznesni kengaytirish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
2018-yilda Varshavada tashkil etilgan “Qodeca” mobil ilovalar, veb-dasturlash va UI/UX dizayniga e’tibor qaratgan holda individual dasturiy yechimlar va mahsulot dizaynini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Kompaniya bosh direktori Marsin Obel rahbarligida 60 nafar xodimga ega bo‘lib, yillik aylanmasi 20 million dollarni tashkil etadi.
Fireflies
IT Park Uzbekistan’da biznes va universitetlar uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan “Fireflies” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda “Fireflies” hammuassisi Mixal Novakovskiy, shuningdek, IT Park Uzbekistan vakillari — xizmatlar eksportini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirov hamda Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bozorlari bo‘yicha yetakchi mutaxassis Xolid Al Jahmi ishtirok etdi.
“Fireflies” asoschisi Mixal Novakovskiy Markaziy Osiyo bozoriga chiqish strategiyasini taqdim etdi va O‘zbekistonda mintaqaviy ofis tashkil etishdan manfaatdorligini ta’kidladi. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi xorijiy kompaniyalarga maxsus treninglar va mentorlik dasturlari orqali madaniy to‘siqlarni yengib o‘tishda yordam berishdir.
Uchrashuv doirasida mintaqada faoliyat yuritayotgan Yevropa kompaniyalariga shu kabi xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar ta’lim xizmatlari eksporti sohasidagi hamkorlik istiqbollari va o‘zaro aloqalarning potensial shakllarini ko‘rib chiqdilar.
2022-yilda Varshavada tashkil etilgan “Fireflies” allaqachon Ispaniya, Fransiya va Italiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, ularga yangi bozorlarga moslashishda yordam bermoqda.
IT Park Uzbekistan yetakchi xalqaro IT-kompaniyalarni faol jalb qilib, ularning barqaror o‘sishi va mahalliy ekotizimga integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, IT-xizmatlar eksporti uchun yangi imkoniyatlar ochadi, mahalliy mutaxassislar uchun ish o‘rinlari yaratadi va mamlakatda soha ekspertizasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday hamkorliklar tufayli O‘zbekiston global IT-biznes uchun jozibador maydonga aylanib, xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlamoqda.
2025-02-27