IT Park Uzbekistan vakillari Buxarestga tashrifi doirasida ikki kunlik xizmat dasturini o‘tkazdi: xalqaro kompaniyalar bilan qator uchrashuvlar va “Uzbekistan Next-Gen Services Hub” konferensiyasini tashkil etdi. Tashrif yakunida tomonlar raqamli xizmatlar autsorsingi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonda vakolatxonalar ochish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Uzbekistan Next-Gen Services Hub konferensiyasi
Xalqaro “Uzbekistan Next-Gen Services Hub” konferensiyasi tashrif dasturining asosiy tadbiriga aylanib, 100 dan ortiq kompaniyadan 130 nafardan ziyod ishtirokchini jamladi. Tadbir xalqaro korporatsiyalar, maslahat agentliklari, texnologiya kompaniyalari va autsorsing provayderlari vakillarini bir joyga to‘pladi. Mehmonlar orasida Vodafone, Wipro, Fortrea, Extia, Oracle, Daon, VEO Worldwide Services, We As Web, COSCO Shipping EU, Genpact, Grant Thornton, Adecco, Publicis Sapient, Network One Distribution, TRANSEARCH hamda asosiy hamkorlar — Accesa, DAAC System Integrator, Leaders in Tech kompaniyalari bor edi.
Konferensiyani IT Park Uzbekistan tomonidan O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi va ruminiyalik hamkorlar ko‘magida tashkil etdi. Uning maqsadi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mamlakatni yangi raqamli xizmatlar markazi sifatida taqdim etish hamda IT va autsorsing sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat edi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi maslahatchisi Ravshanbek Jabborov qutlov so‘zi bilan chiqish qildi. U O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini, shuningdek, mamlakatning raqobatbardosh, innovatsiyalarga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni barpo etishga intilayotganini ta’kidladi.
Fayzulla O‘lmasov, IT Park Uzbekistan vakili, mamlakatning raqamli transformatsiya yo‘lini taqdim etdi. U o‘z nutqida xorijiy investorlar uchun imkoniyatlar, kadrlar salohiyati va IT Park’ning O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yishda xalqaro kompaniyalarga ko‘rsatayotgan ko‘magi haqida so‘zlab berdi.
Pol Chipchigan, “Accesa” kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori, o‘z kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U mahalliy mutaxassislarning muhandislik salohiyatini, Yevropa standartlariga muvofiqligini va madaniy uyg‘unligini yuqori baholab, Accesa’ning hamkorlikka va insonga yo‘naltirilgan ish modelining muvaffaqiyatini alohida ta’kidladi.
Aleksandru Savinov, “DAAC Digital” kompaniyasining savdo bo‘yicha direktori, O‘zbekistonda raqamli infratuzilma va elektron hukumatning jadal rivojlanishi haqida ma’lumot berdi. U kompaniyaning mamlakatdagi ishtiroki kengayib borayotganini qayd etib, rivojlanayotgan bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.
Ioan-Maksim Posha, “Leaders in Tech” hammuassisi va “GambIT Group” bosh direktori, Radu Apostoyye, “KontrolIF” texnik direktori va hammuassisi bilan birgalikda “O‘zbekiston–Ruminiya” texnologiya yo‘lagi konsepsiyasini taqdim etdi. Ularning aytishicha, bu hamkorlik Ruminiyaning yetuk IT-sanoati va O‘zbekistonning kengayib borayotgan raqamli iqtisodiyotini birlashtiradi, shu bilan yevropalik mijozlarga sifatli, samarali va uzluksiz xizmatlar taqdim etadi.
Yangi biznes kelishuvlari va hamkorliklar
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi yetakchi xalqaro kompaniyalar — “Probitas”, “TRANSEARCH”, “COSCO Shipping”, “QLOC” va “MEGOGO” rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar raqamli xizmatlar, logistika, autsorsing va media-texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Kompaniyalar O‘zbekistonning Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bozorlariga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlari va IT-jamoalarni joylashtirish uchun ishonchli makon sifatidagi salohiyatini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda “Probitas” rahbariyati Markaziy Osiyo mintaqasi va MDH bozorlariga chiqish uchun yangi platforma sifatida O‘zbekistonga katta qiziqish bildirmoqda. Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bozorlarida faoliyat yurituvchi qo‘shma xizmat ko‘rsatish markazlari va IT-jamoalarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya vakillari IT Park Uzbekistan dasturlarida ishtirok etishni, jumladan, soliq imtiyozlari, “Zero Risk” dasturi va mamlakatda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘rsatiladigan yordamni ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Probitas — Buxarestda (Ruminiya) tashkil etilgan IT-kompaniya bo‘lib, Yaqin Sharq mamlakatlarida, jumladan BAAda filiallari va hamkorlari mavjud. Kompaniya o‘nta mamlakatda loyihalarni amalga oshirmoqda. “Probitas” axborot texnologiyalari sohasida infratuzilma va bulutli xizmatlardan tortib kiberxavfsizlik va korporativ avtomatlashtirishgacha bo‘lgan keng qamrovli yechimlarni taqdim etadi. Kompaniyaning mijozlari EMEA mintaqasidagi telekommunikatsiya, energetika va moliya sohalaridagi tashkilotlardir.
IT Park va “TRANSEARCH” O‘zbekistonning HR va boshqaruv konsaltingi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun yangi bozor sifatidagi salohiyatini muhokama qildilar. Mamlakatimizda o‘z vakolatxonalarini ochayotgan xalqaro kompaniyalar uchun boshqaruvchilarni birgalikda tayyorlash va yetakchilarni tanlash dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. “TRANSEARCH” shuningdek, rezidentlar uchun kompetensiyalarni rivojlantirish va ta’lim tashabbuslarini yaratish sohasida IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
TRANSEARCH International — Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan, yuqori boshqaruv kadrlarini izlash va rahbarlik maslahatlarini berish sohasidagi dunyodagi eng yirik konsalting brendlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Yevropa, Amerika, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada ofislariga ega. “TRANSEARCH” korporatsiyalarga boshqaruv kadrlarini tanlashda ko‘maklashadi, madaniyat va yetakchilik bo‘yicha maslahatlar beradi hamda o‘zining “Orxestra” vositasidan foydalangan holda yuqori darajadagi menejerlarni integratsiya qilish dasturlarini amalga oshiradi.
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “COSCO Shipping” (Europe) bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekistonning IT-autsorsing bo‘yicha mintaqaviy yetkazib berish zanjirlari va logistika ta’minotini rivojlantirishdagi o‘rni muhokama qilindi. Tomonlar mamlakatda faoliyat yuritayotgan xalqaro xizmat ko‘rsatish markazlari uchun transport va ombor yechimlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik loyihalarining istiqbollarini, shuningdek, eksport IT-operatsiyalari samaradorligini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ko‘rib chiqdilar.
COSCO Shipping (Europe) — Xitoyning “COSCO Group” transport va logistika gigantining Yevropa bo‘linmasi bo‘lib, 1989-yilda Gamburgda (Germaniya) tashkil etilgan. Kompaniya Yevropa, Shimoliy Afrika, O‘rta yer dengizi va Qora dengiz mintaqasidagi faoliyatni boshqaradi. Asosiy yo‘nalishlari — dengizda konteyнер tashish, ombor logistikasi, terminal operatsiyalari va kemalarga xizmat ko‘rsatish bo‘lib, 160 mamlakatdagi 600 dan ortiq portni qamrab oladi.
“QLOC” bilan uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiqarish biznesi uchun yaratilgan shart-sharoitlar — soliq imtiyozlari, “Zero Risk” dasturi hamda sifatni nazorat qilish va mahalliylashtirish jamoalarining autsorsing imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar. “QLOC” O‘zbekistonda o‘z bo‘linmalarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi va kadrlar salohiyatini baholash doirasida IT Park bilan muloqotni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
QLOC — Polshada joylashgan, kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va mahalliylashtirish bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro kompaniya. Mijozlar portfeliga “EA”, “Capcom”, “Warner Bros”, “CD PROJEKT RED”, “Activision” va “Bandai Namco” kabi kompaniyalar kiradi. Mashhur loyihalar orasida “Mortal Kombat”, “Cyberpunk 2077”, “Devil May Cry” va “Dark Souls Remastered” singari o‘yinlar mavjud.
“MEGOGO” bilan uchrashuvda tomonlar kontent mahalliylashtirish, ovoz berish va audio ishlab chiqarish, shuningdek, ilovalar va striming xizmatlarini sinovdan o‘tkazish sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. “MEGOGO” O‘zbekistonni kadrlar salohiyati, past operatsion xarajatlar va investorlar uchun davlat kafolatlari mavjudligini inobatga olgan holda mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash markazi sifatida ko‘rmoqda.
MEGOGO — Sharqiy Yevropadagi eng yirik mustaqil OTT platformasi bo‘lib, bosh qarorgohi Kiyevda (Ukraina) joylashgan. Kompaniya 2011-yildan beri 15 mamlakatda faoliyat yuritib kelmoqda. “MEGOGO” filmlar, seriallar, telekanallar, sport translyatsiyalari, audiokitoblar va podkastlarni taqdim etadi. “MEGOGO”ning maxsus bo‘limi — “MEGOGO Voice” dublyaj va ovoz berish bilan shug‘ullanadi. Platforma EMEA bozorlari uchun kontent ishlab chiqarish va mahalliylashtirish yo‘nalishlarini faol rivojlantirmoqda.
Buxarestga tashrif Yevropa biznesining O‘zbekiston bilan IT va raqamli xizmatlar sohasidagi hamkorlikka qiziqishi tobora ortayotganini tasdiqladi. Uchrashuvlar va konferensiya yakunida mintaqaning yetakchi kompaniyalari bilan yangi ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi va kelishuvlarga erishildi. IT Park Uzbekistan uchun bu Yevropadagi hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistonni IT-autsorsing va texnologik xizmatlarning ishonchli markazi sifatida ilgari surish yo‘lidagi muhim qadamdir.
2025-10-10