IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” delegatsiyasi SanbFransiskoda o‘tkazilgan “TechCrunch Disrupt 2025” — texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi eng nufuzli xalqaro tadbirlardan birida ishtirok etdi. Tadbir davomida IT Park vakillari xalqaro venchur fondlari, akseleratorlar va texnologik platformalar bilan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdilar. Tashrifning asosiy maqsadi hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish va xorijiy hamkorlarni mamlakat bozoriga jalb etishdan iborat edi.
IT Park Uzbekistan delegatsiyasiga xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarlik qildi. Shuningdek, tadbirda “IT Park Ventures” venchur fondi vakillari ham ishtirok etdilar.
“TechCrunch Disrupt” konferensiyasi har yili texnologiya sohasining asosiy vakillarini to‘plab, tajriba almashish, loyihalarni taqdim etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
TechCrunch bilan hamkorlik
“TechCrunch Disrupt” konferensiyasida ishtirok etish doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Startup Battlefield” operatsion menejeri va “TechCrunch” tadbirlari koordinatori Maykl J. Shik, shuningdek, kompaniyaning global hamkorlik bo‘yicha menejeri Demian Bensted bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar “TechCrunch Disrupt”ning asosiy tadbirlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tadbirda AQSh va Yevropalik investorlar, akseleratorlar, startap ekotizimlari vakillari, texnologik kompaniyalar va ommaviy axborot vositalari qatnashishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekiston IT sohasining global texnologik hamjamiyatga integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Bundan tashqari, tomonlar “TechCrunch” platformasida O‘zbekiston startap ekotizimi haqidagi materiallar va maqolalarni chop etish hamda “TechCrunch” vakillarining “ICT Week Uzbekistan” tadbirida ishtirok etishiga kelishib oldilar. “TechCrunch”ning dunyodagi yetakchi media va tadbir platformasi sifatidagi mavqeini hisobga olgan holda, ushbu hamkorlik O‘zbekistonning global innovatsion xaritadagi o‘rnini mustahkamlaydi.
TechCrunch — innovatsiyalar, texnologiyalar va venchur investitsiyalarini yorituvchi yetakchi global media va tadbir platformasi. Uning har yili o‘tkaziladigan “TechCrunch Disrupt” konferensiyasi startaplar va investorlar uchun eng nufuzli maydonlardan biri hisoblanadi. “Startup Battlefield” tanlovi esa butun dunyo bo‘ylab yuzlab muvaffaqiyatli texnologik kompaniyalar uchun tramplin vazifasini o‘taydi.
Güil Mobility Ventures bilan qo‘shma investitsiyalar
Tashrif davomida texnologik startaplarga ixtisoslashgan “Güil Mobility Ventures” jamg‘armasi investori Devid Brem bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Güil Mobility Ventures” va “IT Park Ventures” o‘rtasidagi qo‘shma investitsiyalar istiqbollari, shuningdek, jamg‘arma portfel kompaniyalarining O‘zbekistondagi yechimlarini, ayniqsa aviatsiya va aeroport infratuzilmasi sohasidagi yechimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston innovatsion ekotizimini chuqurroq o‘rganish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida jamg‘arma vakillarining “ICT Week Uzbekistan” tadbirida ishtiroki ko‘rib chiqildi.
Güil Mobility Ventures — texnologiya, barqaror rivojlanish va raqamlashtirish sohalarida faoliyat yuritayotgan startaplarni boshlang‘ich bosqichda qo‘llab-quvvatlovchi venchur investitsiya fondi. Kompaniya xalqaro akseleratorlar va korporativ hamkorlar bilan faol sheriklik qilib, loyihalarning jahon bozorlariga chiqishiga ko‘maklashmoqda.
Silicon Valley in Your Pocket akseleratori bilan hamkorlik
IT Park delegatsiyasi Silikon vodiysi mentorlari va investorlarini birlashtirgan “Silicon Valley in Your Pocket” platformasi asoschilari Jeff Uolles va Kal Doych bilan uchrashdi. O‘zbekiston startaplari uchun xalqaro investorlar bilan hamkorlik qilish va tashqi bozorlarga chiqishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradigan qo‘shma “Investor Readiness’ dasturini yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zbekistonlik tadbirkorlarga soft-landing — Amerika bozorida moslashish va ilgari surish bosqichidan o‘tishda ko‘maklashadigan AQSh ekspertlari va mentorlarini jalb etgan holda intensiv inkubatsiya va akseleratsiya dasturini o‘tkazish g‘oyasi ko‘rib chiqildi.

Silicon Valley in Your Pocket — AQShda yaratilgan xalqaro akseleratsiya dasturi. Platforma butun dunyo bo‘ylab startaplar uchun onlayn ta’lim, individual maslahatlar va investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish orqali tadbirkorlar, mentorlar va investorlarni birlashtiradi.
Startup Grind bilan hamkorlikni rivojlantirish
Shuningdek, “TechCrunch Disrupt 2025” doirasidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasining asosiy uchrashuvlaridan biri startap asoschilari va investorlarning dunyodagi eng yirik hamjamiyati — “Startup Grind” Silikon vodiysi bo‘limining global sotuvlar bo‘yicha direktori va rahbari Jeyms Ji bilan uchrashuv bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Silikon vodiysi startap ekotizimlari o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Toshkentda o‘zbek startaplariga AQSh va boshqa mamlakatlardan kelgan tadbirkorlar, investorlar va mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish imkonini beradigan “Startup Grind Local” formatidagi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, “IT Park Ventures” va “Startup Grind” kontent almashish va o‘zbek startaplarining xalqaro hamjamiyat dasturlarida ishtirok etishi bo‘yicha rejalar tuzdi. Bu esa startaplarni kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Startup Grind — butun dunyo bo‘ylab 600 ta shaharda 5 milliondan ortiq ishtirokchini birlashtirgan global tadbirkorlar hamjamiyati hisoblanadi. Tashkilot startaplarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muntazam tadbirlar, konferensiyalar va ta’lim dasturlarini o‘tkazib keladi.
CapConnect Solutions bilan uchrashuv va AQSh bilan hamkorlikni rivojlantirish
Tashrif doirasida “CapConnect Solutions” asoschilari Aaron Xorovis va Trevor Long bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar Amerika kompaniyalari va investorlarini O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyatlarini, shuningdek, IT Park rezidentlarining AQSh bozoriga kirishiga ko‘maklashish masalalarini muhokama qildilar.

CapConnect Solutions — startaplar va rivojlanayotgan kompaniyalarga moliyaviy va konsalting yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan Amerika kompaniyasi. Kompaniya tadbirkorlarga investitsiyalar izlash, bitimlarni tuzish va venchur fondlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi. “CapConnect Solutions” texnologik kompaniyalar bilan faol hamkorlik qilib, ularning xalqaro bozorlarda kengayishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Venchur ta’limi sohasida Nebo Legal bilan hamkorlik
Yakuniy bosqichda IT Park delegatsiyasi Aleksandr Ravskiy bilan uchrashdi. U “Nebo Legal” kompaniyasining huquqshunosi va venchur kapital bo‘yicha eksperti bo‘lib, Silikon vodiysida faoliyat yuritadi.
Tomonlar “IT Park Ventures” va “Silkroad Angel’s Club” bilan hamkorlikda qo‘shma biznes farishtalar maktabini tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Dastur investorlar va tadbirkorlarga venchur investitsiyalar, loyihalarni baholash va portfelni boshqarish tamoyillarini o‘rgatishga qaratiladi.

Shuningdek, tomonlar Aleksandr Ravskiyni kelgusi ta’lim tashabbuslari uchun ekspert va murabbiy sifatida jalb etishga kelishib oldilar.
Nebo Legal — Silikon vodiysidagi startaplar, investorlar va venchur fondlariga yuridik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan huquqiy firma. Kompaniya korporativ va investitsiya huquqi bo‘yicha maslahatlar beradi, bitimlarni tuzishda va xalqaro loyihalarni rivojlantirishda yordam ko‘rsatadi.
TechCrunch Disrupt 2025’da O‘zbekiston tashabbuslari taqdimoti
Uchrashuvlardan tashqari, San Fransiskoda o‘tkazilgan “TechCrunch Disrupt 2025” doirasida IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” o‘z stendlarini taqdim etdilar. Bu yerda konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonning texnologik tadbirkorlik, investitsiya infratuzilmasi va xalqaro hamkorlik sohasidagi tashabbuslari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
IT Park Uzbekistan stendida Osiyo mintaqasi eksport bo‘limi rahbari Izzat Hamidov faoliyat ko‘rsatdi. U IT Park’ning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekiston IT-kompaniyalarini xorijiy bozorlarga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslarini taqdim etdi.

Tadbir doirasida “ONE PRIME CAPITAL”, “Pitchjams”, “FRESYES Realty Group”, “EAI Investments”, “Steppe AI Inc.” va “Tomas Klausing” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muzokaralarda hamkorlik istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari va xalqaro kompaniyalarning IT Park Uzbekistan loyihalarida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Stendning faoliyati venchur fondlari, startaplar va texnologik kompaniyalar bilan yangi aloqalar o‘rnatish imkonini berdi hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan innovatsiya markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamladi.
Central Eurasian Founders & Community Meet-up: Markaziy Yevrosiyo va Silikon vodiysi ekotizimlarini birlashtirish
“TechCrunch Disrupt 2025” doirasida Palo Altoda “Silkroad Innovation Hub” tomonidan IT Park Uzbekistan, “IT Park Ventures”, “Astana Hub” va “Astana Hub Ventures” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Central Eurasian Founders & Community Meet-up” qo‘shma tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 300 nafardan ortiq ishtirokchi — xalqaro venchur fondlari, akseleratorlar, texnologik kompaniyalar vakillari, startap asoschilari hamda xalqaro korporatsiyalar va innovatsion tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan Markaziy Yevrosiyo diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Qutlov so‘zlari bilan Jamila Xalibaeva, IT Park Uzbekistan xalqaro marketing bo‘yicha direktori, Asset Abdualiev, “Silkroad Innovation Hub” asoschisi va direktori hamda Aydana Bergazdenova, “Astana Hub Ventures” direktori so‘zga chiqib, Markaziy Yevrosiyo va Silikon vodiysi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Dastur davomida IT Park Uzbekistan vakillari tashkilot va uning venchur bo‘linmasi faoliyati haqida taqdimot o‘tkazib, rivojlanish strategiyasi, investitsiyalarning asosiy yo‘nalishlari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro dasturlarni batafsil yoritib berdilar.

Shuningdek, tadbirda “Alchemist Accelerator” hamkori Kristi Kanida so‘zga chiqib, hozirda O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplari ta’lim olayotgan “AlchemistX” akseleratsiya dasturi haqida ma’lumot berdi. To‘rt oy davomida jamoalar Silikon vodiysida “Alchemist” mentorlari va yetakchi texnologik kompaniyalar mutaxassislari rahbarligida o‘z loyihalarini rivojlantirib bormoqdalar.
Tadbir Markaziy Yevrosiyo va AQSh ekotizimlari o‘rtasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun noyob platforma vazifasini o‘tadi. Uning yakunida investorlar va akseleratorlar bilan yangi aloqalar o‘rnatildi, O‘zbekistonga xorijiy hamkorlarni jalb etish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalari va tashabbuslarni ishlab chiqish boshlandi.

“Central Eurasian Founders & Community Meet-up” mintaqaning global texnologik xaritadagi o‘sib borayotgan ahamiyatini tasdiqladi va Markaziy Osiyo hamda Silikon vodiysi startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif yakuni
“TechCrunch Disrupt 2025” konferensiyasida ishtirok etish va o‘tkazilgan uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ning mamlakatni mintaqadagi innovatsion rivojlantirish bo‘yicha yetakchilardan biri sifatida ko‘rsatishga bo‘lgan intilishini tasdiqladi. Venchur fondlari, akseleratorlar va xalqaro hamkorlar bilan erishilgan kelishuvlar startaplarni kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish va texnologiyalar almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan texnologik tadbirkorlik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va uning global innovatsion ekotizimga integratsiyasini kuchaytiradi.
2025-11-07