IT Park Uzbekistan: Taraqqiyotning yangi ufqlar

Boy madaniy meros va rivojlanib borayotgan raqamli landshaftga ega Oʻzbekiston axborot texnologiyalari sohasida salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Ushbu oʻzgarishlarning boshida mamlakatning texnologik sanoatini qayta belgilab beruvchi innovatsiyalar va tadbirkorlik markazi – IT Park Uzbekistan turibdi.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Xalqaro investitsiya forumi doirasidagi “IT Park Uzbekistan: taraqqiyotning yangi ufqlari” deb nomlangan maxsus sessiya Oʻzbekiston IT-sohasining ajoyib taraqqiyoti va istiqbolli kelajagini yoritib berdi. Tadbirda 200 nafardan ortiq qatnashchilar ishtirok etdi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan ochib berilgan sessiyada Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlari namoyish etilib, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va IT Park rezidentlari uchun taqdim etilayotgan qator afzalliklarga urgʻu berildi.

Sessiya davomida IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov IT-kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlarga to‘xtalib, transformatsion “Enterprise Uzbekistan” loyihasi haqida maʼlumot berdi. Hududlarda IT-kompaniyalar sonining ortib borayotgani hamda innovatsiyalar va hamkorlikni rivojlantirishga intilish orqali IT Park dinamik va inklyuziv raqamli ekotizimga yoʻl ochmoqda.

 

1954 dan ortiq rezident kompaniyalar, jumladan, 666 ta eksportga yoʻnaltirilgan korxonalar bilan IT Park texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy oʻsish uchun rivojlanayotgan ekotizim sifatida paydo boʻldi. Birgina 2023-yilning oʻzida eksport qilingan IT-xizmatlar hajmi 344 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu koʻrsatkich sohaning mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qoʻshayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, ITES sohada 13 073 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali IT Park bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va isteʼdodlarni rivojlantirishda muhim rol oʻynamoqda.

Kelgusida Oʻzbekiston raqamli transformatsiya boʻyicha oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻygan. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakat mintaqaviy IT-xabga aylanish va 2030-yilga kelib IT-xizmatlar va dasturiy taʼminot eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, strategiya 300 000 nafardan ortiq yuqori malakali IT-mutaxassislarni tayyorlashni rejalashtirgan holda inson kapitalini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat beradi. Bundan tashqari, 2024-yil oxiriga qadar IT-eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi bilan Oʻzbekiston jahon raqamli maydonida oʻz mavqeyini yuksaltirishga tayyor.

Xalqaro investitsiya forumi doirasida IT Park Uzbekistan va “Karam Global Investments Holding Abu Dabi” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishiga erishildi. Memorandum raqamli transformatsiya uchun IT va autsorsing sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Memorandum investitsiyalarni jalb qilish, IT, autsorsing va sunʼiy intellekt loyihalari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga kirishiga koʻmaklashish, qoʻshma tadbirlar tashkil etish va oʻzaro loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Bu esa har ikkala tomonning innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va yangi imkoniyatlar yaratishga boʻlgan intilishini taʼkidlaydi. Hamkorlik orqali IT Park Uzbekistan va “Karam Global Investments Holding Abu Dabi” kompaniyasi IT va autsorsing sohalari rivojini jadallashtirish, Oʻzbekistonning raqamli transformatsiyasi va iqtisodiy farovonligiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

2024-05-03