IT Park Uzbekistan va Amazon Web Services hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Radjabov va xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mo‘g‘ulistondagi mintaqaviy direktor Inna Ojogina boshchiligidagi “Amazon Web Services” (AWS) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdilar.  Tomonlar kadrlar, xususan, bulut muhandislarini tayyorlash masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Amazon Web Services (AWS) dunyodagi eng yirik bulutli xizmatlar va infratuzilma provayderi. Kompaniya 60 mingdan ortiq xodimga ega bo‘lib, uning yillik daromadi 90 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi. AWS biznes va davlat sektori uchun bulutli saqlash, hisoblash quvvatlari, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt kabi keng ko‘lamli yechimlarni taqdim etadi. Kompaniyaning mintaqaviy ofislari AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoda joylashgan.

Uchrashuvda tomonlar qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va IT-hamjamiyatni yaratish, kadrlar tayyorlash hamda davlat organlarida sun’iy intellektga asoslangan texnologik yechimlarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, AWS Markaziy Osiyodagi faoliyati tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Tomonlar startaplar va venchur loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida “IT Park Uzbekistan Ventures” bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

AWS bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun raqamli transformatsiya sohasida yangi istiqbollarni ochadi, startap ekotizimini rivojlantirishga ko‘maklashadi va mamlakatning xalqaro texnologiya yetakchilari hamjamiyatiga integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratadi.

2025-10-06