IT Park Uzbekistan va Cambridge Innovation Center startap ekotizimini rivojlantirish va qo‘shma dasturlarni ishga tushirish masalalarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan vakillari, bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov rahbarligida “Cambridge Innovation Council” delegatsiyasi bilan muzokaralar olib bordi. Delegatsiya tarkibidan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Aleksandra Uinter va “Venture Cafe” direktori Aleksandr Chung o‘rin oldi. Muhokamaning asosiy mavzusi o‘zbek startaplari uchun AQSh bozoriga, ayniqsa Massachusets (Boston)ga chiqish imkoniyatini beruvchi “Softlanding” dasturini tashkil etish bo‘ldi. Shuningdek, biotexnologiya yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dasturni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Cambridge Innovation Center (CIC) — startaplar, korporatsiyalar, investorlar va universitetlarni birlashtiruvchi innovatsion kampuslarni yaratish va boshqarish bo‘yicha jahon yetakchisi. Kompaniya 1999-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Boston, Mayami, Filadelfiya, Rotterdam, Varshava va Tokio kabi dunyoning 10 dan ortiq shaharlarida innovatsion maydonlarni boshqarmoqda. CIC hamjamiyati 8000 dan ortiq startaplar, kompaniyalar va investorlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa tashkilotni innovatsiyalar va texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi asosiy ishtirokchilardan biriga aylantirgan.

Uchrashuvda AQSh va Yevropadagi CIC kampuslari negizida o‘zbek startaplari uchun maxsus softlanding dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jamoalarga ish joylaridan foydalanish, ekspertlarning konsalting yordami, mentorlik dasturlari va venchur investorlar hamda korporativ hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini taqdim etish masalalari muhokama qilindi. Bunday format o‘zbek startaplariga nafaqat xalqaro bozorlarga chiqish, balki AQSh biznes muhitiga tezroq moslashish, investitsiyalarni jalb qilish va global ishtirokchilar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

CIC bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga tashqi bozorlarda o‘z startaplari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonda yangi sanoat yo‘nalishlarini, jumladan, biotexnologiyalarni rivojlantirish uchun poydevor yaratish imkonini beradi.

2025-10-03