IT Park Uzbekistan va Dealroom startap ekotizimini jahon miqyosida ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni boshladi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad KuchkarovDealroom” asoschisi va bosh direktori Yoram Vijngarde bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, “Dealroom” negizida O‘zbekiston startap ekotizimi uchun moslashtirilgan platformani ishga tushirish va uni mahalliy “StartupBase” platformasi bilan integratsiyalashni muhokama qildilar.

Dealroom.co — startaplar, texnologik kompaniyalar va investitsiya ekotizimlari haqida ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish bo‘yicha global platforma hisoblanadi. Amsterdamda (Niderlandiya) tashkil etilgan bu kompaniya butun dunyo bo‘ylab 120 dan ortiq davlat va sanoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda. Platforma investorlar, korporatsiyalar va davlat tuzilmalari uchun SaaS formatidagi ma’lumotlar bazasiga kirish, API integratsiyasi va tahliliy mahsulotlarni taqdim etadi.

“Dealroom” vakillari yosh aholi va AKT sohasining yuqori o‘sish sur’atlari O‘zbekistonning kuchli tomonlari ekanligini ta’kidladilar. Muzokaralar davomida startaplar, IT-xizmatlar va xorijiy kompaniyalar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishni kengaytirishdan tortib, xalqaro investorlar uchun tahlillar tayyorlash va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha tajriba almashishgacha bo‘lgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.

“ICT Week Uzbekistan 2025” va “Startup & Venture Summit” forumi doirasida “Dealroom.co” hammuassisi va bosh direktori Yoram Vijngarde O‘zbekiston ekotizimiga bag‘ishlangan yangi platforma — uzbekistan.dealroom.com portali ishga tushirilganini rasman e’lon qildi. Ushbu resurs O‘zbekistonning startap ekotizimi va venchur investitsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlash uchun maxsus platformaga aylanadi.

Platformada startaplar, investitsiya bitimlari, akseleratorlar, venchur fondlari, shuningdek, bozorning asosiy ishtirokchilari — tadbirkorlar va biznes farishtalaridan tortib yirik korporatsiyalargacha bo‘lgan ma’lumotlar to‘planadi. Yangi vosita bozorning shaffofligini oshirish, investorlar va hamkorlar uchun axborot olishni soddalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston texnologik ekotizimining global miqyosda jadal rivojlanayotganini ko‘rsatishga qaratilgan.

IT Park Uzbekistan va “Dealroom” o‘rtasidagi hamkorlik milliy startap ekotizimining xalqaro ko‘rinishini kuchaytirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun strategik tahliliy vositalarni yaratish va O‘zbekiston kompaniyalarining global bozorlarga chiqishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish imkonini beradi.

2025-10-03