IT Park Uzbekistan va Digital Advice Consulting hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov “Digital Advice Consulting” kompaniyasining bosh direktori va asoschisi Shayma Kurts boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyalarning sun’iy intellektni joriy etishga tayyorligini baholash, O‘zbekistonda ta’lim va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Digital Advice Consulting (BAA) — raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish va texnologiya sohasida yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga ixtisoslashgan konslating kompaniyasi. Kompaniya Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlarida faol ish olib borib, xalqaro ta’lim va investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Muzokaralar davomida startaplar va korporativ kompaniyalarning sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga tayyorlik darajasini birgalikda baholash masalasi ko‘rib chiqildi. Ayollar IT-tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan “Tumaris Tech” tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston, BAA va Germaniya o‘rtasida bilim va investitsiyalar almashinuvi masalasi ko‘rib chiqildi. Bu xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakat startap ekotizimini rivojlantirishga yangi resurslarni jalb qilish imkonini beradi.

“Digital Advice Consulting” bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun sun’iy intellekt yo‘nalishini rivojlantirish, xalqaro hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish va mamlakat iqtisodiyotiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-09-29