IT Park Uzbekistan vakillari startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov boshchiligida Gent universitetining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha direktori Ignas Lemayo rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston universitetlarida qo‘shma sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish, Gent universitetining IT Park’da yangi ilmiy-tadqiqot (R&D) markazini shakllantirishdagi ishtiroki, shuningdek, texnologiyalar transferi, akademik almashinuv va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Gent universiteti Belgiyaning eng qadimiy va yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, dunyoning eng nufuzli 100 ta universiteti ro‘yxatiga kiradi. Universitetda 50 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, 11 ta fakultet va 200 dan ortiq ta’lim dasturlari mavjud. Ta’lim muassasasi o‘z texnoparklari, texnologiyalar transferi markazlari va startap ekotizimini o‘z ichiga olgan tadqiqot infratuzilmasini jadal rivojlantirmoqda. Universitet xalqaro kampuslarga ega bo‘lib, jumladan Janubiy Koreyadagi yirik markazda biotexnologiya, ekologiya fanlari va sun’iy intellekt bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv doirasida IT Park vakillari O‘zbekistonning raqamli salohiyati, yosh va texnologik jihatdan kuchli mutaxassislari, shuningdek, “One Million Uzbek Coders” dasturi va “Coursera” platformasida ta’limni kengaytirish kabi asosiy ta’lim tashabbuslari haqida ma’lumot berdilar. Delegatsiya IT Park’ning hozirgi rivojlanishi: filiallar tarmog‘i, xorijiy ofislar, “IT Park University” faoliyati, inkubatsiya dasturlari va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik loyihalari bilan tanishtirdi. Rezidentlar uchun soliq imtiyozlari, “Zero Risk” dasturi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT-xizmatlar eksportining o‘sishi alohida muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Gent universiteti o‘zining ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini taqdim etdi. Ignas Lemayo texnoparklar, laboratoriyalar va texnologiyalar transferi markazlari faoliyati, shuningdek, universitet startap ekotizimini rivojlantirish haqida so‘zlab berdi. U biotexnologiyalar, oziq-ovqat texnologiyalari, ekologiya va sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlar olib borilayotgan Janubiy Koreyadagi xalqaro kampusga alohida e’tibor qaratdi va u yerda yaqin kelajakda 500 nafar mutaxassisga mo‘ljallangan yangi sun’iy intellekt majmuasi ish boshlashi rejalashtirilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildilar. IT Park 2026-yildan boshlab mahalliy oliy o‘quv yurtlarida sun’iy intellekt laboratoriyalarini birgalikda tashkil etish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, “Enterprise Uzbekistan” loyihasi doirasida yangi R&D-markazida Gent universitetining ishtirokini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bundan tashqari, hakatonlar o‘tkazish, akademik almashinuv, talabalarning xalqaro akseleratorlarda ishtirok etishi va IT Park’ning xorijiy ofislari orqali o‘zaro hamkorlik qilish g‘oyalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, hamkorlikning keyingi imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va muhokama qilish, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Gent universiteti bilan hamkorlik ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tajribani mustahkamlash hamda O‘zbekiston texnologik hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2025-11-19