IT Park Uzbekistan va KOICA IT-sanoati salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha to‘rt yillik loyihani yakunladi

IT Park Uzbekistan Koreya Respublikasining Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda “Gyeongbuk Technopark” (GBTP) bilan hamkorlikda “Support for foundation and capacity development for sustainable growth of IT Park” nomli to‘rt yillik loyihani yakunladi.

IT Park’ning Toshkent filialida loyihaning yakuniy marosimi va “Open Innovation” tajriba almashish sessiyasi o‘tkazildi. Unda hamkorlik natijalari sarhisob qilindi va O‘zbekiston hamda Koreya o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Tadbirda KOICA’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Pak Sol Ri, IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova, GBTP mutaxassislari, “Korea Technopark Promotion Association” (KTPA) va DAINLEADERS vakillari so‘zga chiqdilar. Ishtirokchilar loyihaning kadrlar salohiyatini shakllantirish, texnologik kompetensiyalarni rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro IT-hamjamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdilar.

Open Innovation tajriba loyihalari

Yakuniy sessiya doirasida IT Park Uzbekistan rezidentlari tomonidan koreyalik hamkorlar ko‘magida amalga oshirilgan uchta “Open Innovation” tajriba loyihasi natijalari batafsil taqdim etildi.

Birinchi pilot loyiha AJIN–MIMAX — ERP-tizimlari asosida “aqlli ishlab chiqarish”ni joriy etishga qaratildi. Jamoa raqamli yechimni O‘zbekiston sanoat korxonalari ehtiyojlariga moslashtirib, ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish, qo‘l bilan bajariladigan amallarni kamaytirish va mahalliy sanoatda raqamli o‘zgarishlarni tezlashtirish imkonini yaratdi. Loyiha xalqaro texnologiyalarning milliy sanoatga qanday muvaffaqiyatli kirib borishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.

Ikkinchi loyiha VERYWORDS–IT HUB SAMARKAND — E-Mobility texnologiyalari va NET ZERO tamoyillarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan edi. Jamoa ekologik transport va barqaror rivojlanishga bag‘ishlangan bir qator raqamli materiallar va video mahsulotlar yaratdi. Loyiha O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi “yashil” texnologiyalar, raqamli kontent va ekologik xabardorlik sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etdi.

Uchinchi loyiha SIHA–Planning (ROBOCELL bilan hamkorlikda) — K-Beauty elektron tijorat sanoati uchun autsorsing yechimlarini rivojlantirishga qaratilgan edi. Jamoa O‘zbekiston IT-kompaniyalariga Koreya brendlariga xizmat ko‘rsatish va xalqaro elektron tijorat bozoriga chiqishga yordam beradigan platforma ishlab chiqdi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning autsorsing markazi sifatidagi o‘sib borayotgan salohiyatini ta’kidlaydi va mahalliy kompaniyalarning global raqamli zanjirlardagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Uchala pilot loyiha ham IT Park rezidentlari va koreyalik hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni namoyish etdi, bu esa mahalliy kompaniyalarning shunchaki texnologiya qabul qiluvchilar emas, balki xalqaro innovatsiyalarning faol ishtirokchilariga aylanadigan hamkorlik modelini mustahkamladi.

To‘rt yillik dasturning asosiy natijalari

2021-yildan 2025-yilgacha amalga oshirilgan “KOICA GBTP IT Park Uzbekistan” loyihasi milliy IT-ekotizimning kasbiy va texnologik salohiyatini shakllantirishga sezilarli hissa qo‘shdi.

Malaka oshirish dasturlarida 583 nafar mutaxassis qatnashdi, ularning 25 nafari Janubiy Koreyada va 558 nafari O‘zbekistonda ta’lim oldi. 200 dan ortiq ishtirokchi IT va tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim kurslarini yakunladi, shuningdek amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan 30 ta amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.

IT Park rezidentlari uchun 25 ta mentorlik va konsalting dasturlari o‘tkazildi, ularda 180 ga yaqin kompaniya ishtirok etdi. 2024 va 2025-yillardagi “ICT Week” doirasida 27 ta kompaniya o‘z loyihalarini taqdim etib, 9,2 million dollarlik biznes uchrashuvlarini amalga oshirdi.

Bundan tashqari, dasturni amalga oshirish davrida tomonlar 10 ta hamkorlik bitimini2 ta institutsional memorandum va 8 ta tijorat kelishuvini imzoladilar. Bu esa dasturning amaliy qiymati va barqaror biznes yo‘nalishiga ega ekanligini tasdiqlaydi.

Loyihaning rivojlanish istiqbollari va yakunlanishi

Dastur rasman yakunlanganiga qaramay, loyiha O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi uchun poydevor bo‘ldi. Erishilgan natijalar an’anaviy “texnologiyalar transferi” modelidan mustaqil ravishda yechimlar yaratishga o‘tishni ko‘rsatmoqda, bunda O‘zbekiston IT-kompaniyalari global loyihalarda to‘laqonli hamkorlar sifatida qatnashmoqda.

To‘plangan tajribaga asoslanib, IT Park, KOICA va GBTP raqamli sanoatni rivojlantirish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyodan innovatsion yechimlarni xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

“KOICA GBTP IT Park Uzbekistan” loyihasi milliy IT-ekotizimning rivojlanishiga, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga va O‘zbekistonning texnologik salohiyatini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan xalqaro hamkorlikning muhim namunasiga aylandi.

2025-11-17