“ICT Week Uzbekistan 2025” doirasida IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Latviyaning O‘zbekistondagi tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha vakolatxonasi (Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligi) rahbari Georgiy Voyevoda boshchiligidagi Latviya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar IT-autsorsing sohasidagi hamkorlik istiqbollari, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlashning amaldagi dasturlari, O‘zbekistonda kompaniyalar ochishning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, startaplar va innovatsion ekotizim sohasidagi tashabbuslarni muhokama qildilar. IT Park vakillari IT-autsorsingni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam choralari, hamda xalqaro kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
O‘zbekiston startap ekotizimining rivojlanish sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. Latviya delegatsiyasi vakillari O‘zbekistondagi startaplar orasida qaysi yo‘nalishlar eng ommalashgani bilan qiziqdilar.
IT Park vakillari startaplarni qo‘llab-quvvatlash rivojlanishning barcha bosqichlarini qamrab olishini ta’kidladilar: IT Park’ning sakkizta startap studiyalari (2025) va “Plug and Play” hamda “Domino Ventures” bilan birgalikdagi MVP dasturlaridan tortib IT Park, “Tumaris” va “Silkroad Innovation Hub” akseleratorlarigacha. 2024-yildan buyon 90 dan ortiq o‘zbekistonlik startaplar “Startup Base” platformasi ko‘magida “Web Summit”, “Gitex Global” va “London Tech Week” kabi yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etgan.
Latviya delegatsiyasi kadrlar tayyorlash va ta’lim loyihalari, jumladan, “One Million Uzbek Coders” va “School 21” milliy dasturlariga alohida qiziqish bildirdi. Latviya kompaniyalariga O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish, mamlakatimizda “Zero Risk” dasturi doirasida biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni ishga qabul qilish taklif etildi.
Shunday qilib, uchrashuv O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tomonlar muloqotni davom ettirish, ikki mamlakatning innovatsion ekotizimini mustahkamlash va IT-xizmatlar eksportini oshirishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
2025-10-02